Nikki Heyli BMTdan ketyapti: endi nima bo‘ladi?

Nikki Heyli

Prezident Donald Tramp qo‘qqisdan AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Nikki Heyli lavozimidan ketayotganini aytib, rasmiy Vashingtonni ham, Qo‘shma Shtatlar siyosat olamini ham tong qoldirdi.

Prezident bu haqda shunday dedi:

‒ AQShning BMTdagi vakili Nikki Heyli men hurmat qiladigan inson. U uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmaydigan ishni bajardi. U – ajoyib inson, eng muhimi, buni o‘zi biladi. U hozirgi ma’muriyat hokimiyatga kelgandan beri biz bilan birga bo‘ldi, prezident saylovi kampaniyasi vaqtida qatorimizda ishladi. Hamkorligimiz uzoq va jadal bo‘ldi. U olti oycha oldin menga, “Balki joriy yil so‘ngida, ikki yillik davr so‘ngida, 2018 yil ozxiriga borib, bir oz dam olmoqchiman”, deb aytgan edi.

Janubiy Karolina shtatining sobiq gubernatori Heyli Tramp ma’muriyatida muhim lavozimni egallab turgan edi. U tashqi ishlar borasida ma’lumoti yo‘qligiga qaramay, boobro‘ diplomat sifatida nom qozondi.

Uning diplomatik faoliyati Trampning tashqi siyosatga o‘tkir va ziddiyatli yondashuvi BMT Xavfsizlik Kengashiga kirib borishiga sabab bo‘ldi.

Tramp rejalashtirilgan iste’foni e’lon qilgandan so‘ng Heylining 9 oktabr kuni bergan izohlarida ham ana shu qo‘rs yondashuv zuhur bo‘ldi.

‒ So‘nggi ikki yil ichida Qo‘shma Shtatlarning tashqi siyosatida nimalar ro‘y berganiga bir qarang. Endi uni hamma hurmat qiladi, ‒ dedi u. ‒ Biz qilayotgan ishlar boshqa mamlakatlarga yoqmasligi mumkin, lekin ular qilayotgan ishlarimizni hurmat qiladi. Ular biz bir ishni boshlasak, uni nihoyasiga yetkazishimizni biladi. Prezident buni isbotlab berdi.

Tirsaklar diplomatiyasimi?

Heyli ikki yil oldin ushbu lavozimni egallagach, diplomatlarga xos bo‘lmagan bayonotlar bergan edi.

‒ Bizni qo‘llamayotganlarning nomini bir-bir aytyapmiz. Bunga tegishli tartibda javob qaytarishga harakat qilamiz,‒ dedi u.

Bu Heyli BMTda qo‘llashga harakat qilgan yondashuvning aniq ko‘rinishi edi. U Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishlarida va hamma joyda Eron bilan Suriyani tanqid qilib keldi va kengashning boshqa a’zolari bilan ko‘p tortishdi.

Yana u Xavfsizlik Kengashini ham “Isroilga yopishib olganlik”da aybladi.

AQSh ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘yicha yetakchi vakillaridan biri bo‘lgan Heyli Qo‘shma Shtatlarning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishning oldingi marralarida bo‘ldi.

U BMT byudjeti 1,3 milliard dollarga qisqartirilgani, Janubiy Sudanga qurol-yarog‘ yetkazib berishda taqiqqa erishilgani va hokazolarni o‘zining yutug‘i deb hisoblashini aytdi.

Ayni sahifa, boshqa sahifa

Trampning Heylini BMTdagi lavozimga tayinlashga qaror qilgani ko‘pchilikni hayratlantirgan edi, chunki u 2016 yilgi prezident saylovi kampaniyasi vaqtida respublikachilardan bosh nomzodni qo‘llayotgani uchun Trampni ko‘p tanqid qilgan.

Garchi u BMTdagi faoliyati davomida o‘zini Oq Uydan nariroq tutgan bo‘lsa ham, Tramp siyosatini yurgizdi. Heyli Rossiyani tinmay tanqid qilar, bu Trampning Moskvaga nisbatan murosa qilish siyosati bilan unchalik qovushmayotgan edi.

Heyli may oyida Rossiyaning Qrimni bosib olishini “bir a’zo davlatning boshqa bir a’zo davlat suverenitetini bevosita poymol qilishining darslikdagi namunasi” deb atadi. Yana u sentabr oyida Rossiyani ushbu mamlakat maxsus xizmatlarining Britaniyada asabni falajlovchi kimyoviy moddani qo‘llaganlikda hamda BMTning Shimoliy Koreyaga sanksiyalarini buzayotganlikda ayblab chiqdi.

U ichki siyosat masalalarida ham Trampnikidan o‘zgacha yo‘l tutib keldi va bu hol ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi.

Heylining o‘rniga kim keladi?

Heyli joriy yil oxiriga qadar lvozimida qolishini aytdi. Uning lavozimidan ketishini e’lon qilish uchun tanlangan vaqt har xil mish-mishlarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar uning 2020 yilgi prezident saylovida Trampga raqib bo‘lishini aytmoqda. Lekin o‘zi prezidentlikka nomzodini ko‘rsatmasligini va amaldagi prezidentni qo‘llayajagini bildirdi.

Heylining bayonoti Tramp uning o‘rniga kimni tayinlashi haqidagi mish-mishlarni avj oldirdi.

Jared Kushner bilan Ivanka Tramp

Heyli Oq Uyda bergan bayonotida Trampning qizi Ivanka bilan uning eri Jared Kushnerni maqtadi. Bu ulardan biri BMTdagi lavozimga tayinlanishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi.

Boshqa nomzodlar sifatida Davlat departamenti matbuot kotibi Hizer Noert, Tramp ma’muriyatining xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Dina Pauell, AQShning Germaniyadagi elchisi Richard Grenell tilga olinmoqda.