OzodDayjest: O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzish taklif qilindi

Davlat tili o‘zbek tili bo‘lgan O‘zbekistonda rus tili hamon ustivor ekani ko‘plab ziyolilarni tashvishga soladi.

O‘zbekistonlik professor xorijiy tillarga taqlid sabab o‘zbek tili maqomi pasayayotganini iddao qildi. Xorazmdagi bog‘chalarda bolalar haqiga xiyonat qilingani aniqlandi. Qashqadaryoda 66 yoshli oqsoqol mast holda o‘z o‘g‘lining joniga qasd qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Mutaxassis: O‘zbekistonda rus va ingliz tillari mansab pillapoyasida ko‘tarilish sharti bo‘lib qolmoqda

O‘zbek tilining yashab qolishi va rivojlanishi uchun soha mutaxassislari jon kuydirishi lozim, aks holda unga misli ko‘rilmagan talafot etadi, deydi filologiya fanlari doktori Baxtiyor Mengliev (“Oila davrasida”, 18 oktabr). 21 oktabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida soha vakillari, ziyolilar til muammolariga e’tibor qaratgan. Professor B.Menglievga ko‘ra, O‘zbekistonda bugun rus va ingliz tillari mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishning sharti va garovi bo‘lib qolmoqda. Mutaxassis buning oqibatida “kichik” tillar umuman keraksiz bo‘lib qolishi xavfidan ogohlantiradi. Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Abdushukurov ham xorijiy tillarga taqlid sabab o‘zbek tili maqomi pasayayotgani, til qoidalarining buzilishi esa ommaviy tus olganini qayd etgan. Mutaxassis sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Terminshunoslik va davlat tilida ish yuritish muammolarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzish vaqti kelganini aytgan.

Xorazmdagi bog‘chalarda bolalar haqiga xiyonat qilinmoqda

Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 15- va 22-maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar haqiga xiyonat qayd etildi (“Jamiyat”, 12 oktabr). Xususan, 15-bog‘chada bolalarga oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me’yordan kam berilmoqda. Masalan, taomnomada tushlik uchun 9 kg go‘sht ishlatilishi ko‘rsatilgan, ammo mazkur masalliq me’yordan 3,7 kg kam sarflanmoqda. Bundan tashqari, oziq-ovqat omborida sifatsiz va muddati o‘tgan mahsulotlar saqlanayotgani aniqlangan. 22-maktabgacha ta’lim muassasasida ham birorta oziq-ovqat mahsulotining sifat sertifikati yoki yuk xati mavjud emas. Gazetaga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari sifatli va yetarlicha oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi, bolalar haqiga xiyonat qilayotganlar esa jazolanishi kerak.

Qashqadaryoda keksa ota mast holda o‘g‘lini o‘ldirdi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi 66 yoshli shaxs o‘z o‘g‘lining joniga qasd qildi (“Huquq”, 18 oktabr). Bu haqda tuman prokurori Hamza Bobojonov xabar beradi. Ismi oshkor etilmagan ota avval o‘g‘li bilan ulfatchilik qilgan – “otamlashgan”. Mast bo‘lib qolgach esa, o‘g‘lini tekinxo‘rlikda ayblab, uning bola-chaqasini ham o‘zi boqib kelayotganini ta’na qilgan. Xo‘roz urishtirib yuradigan o‘g‘liga tuzukroq ish topishi kerakligini aytgan. Tanbeh va ta’nadan esa o‘g‘ilning jahli chiqib otasiga musht yog‘dirgan. Sarosimaga tushib qolgan keksa oilaboshi uy deraza tokchasida turgan pichoqni olib o‘g‘lining ko‘ksiga sanchgan. Sud hukmiga ko‘ra, qotillikda ayblangan shaxs 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.