Afg‘onistonda parlament saylovi xudkush hujumi va texnik muammolar girdobida o‘tmoqda

Parlament saylovining birinchi kuni, Kobul, 20 oktabr, 2018 yil

Afg‘onistonning uzoq vaqtdan beri paysalga solinib kelayotgan parlament saylovi xudkushlik hujumlari, texnik va tashkiliy muammolar girdobida o‘tmoqda. Mamlakatdagi 4 yarim ming saylov uchastkasidan 401 tasida ovoz berish, ikkinchi kundirki, davom etmoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ro‘yxatga olingan 9 milliondan ortiq saylovchidan 3 millioni ovoz bergan.

Politsiya bir xudkush 20 oktabrda poytaxt Kobuldagi saylov uchastkasida portlovchi moddalarni ishga tushirib, kamida 10 kishining umriga zomin bo‘lganini xabar berdi. Qurbon bo‘lganlar orasida politsiya xodimlari ham bor.

Ayrim uchastkalarda saylovchilar ovoz bera olmagani uchun u yana bir kunga cho‘zildi. Afg‘onlarning saylov uchastkalari vaqtida ochilmaganidan hafsalasi pir bo‘ldi. Boshqa sabablar qatorida saylov o‘tkazayotgan xodimlarning o‘z joyida bo‘lmagani, saylov materiallarining yo‘qligi, saylovchi shaxsini biometrik yo‘l bilan aniqlaydigan qurilmalarning ishlamay qolgani aytilmoqda.

Tartibsizliklar, saylov uchastkalari va xavfsizlik xodimlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida saylovning birinchi kunida mamlakatda 25 kishi qurbon bo‘ldi.

Kobulda uyushtirilgan portlashlardan 3 kishi o‘ldi, yana 30 dan ortiq kishi yaralandi. G‘or viloyatida 11 politsiyachi, mamlakat shimolidagi Qunduz viloyatida esa 3 kishi o‘ldirildi.

Mamlakat bo‘yicha 9 million saylovchi parlament saylovida ovoz berish uchun ro‘yxatga olingan. Ushbu siyosiy tadbir hukumatning mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlay olish qurbini ko‘rsatuvchi ulkan sinov bo‘lmoqda.

Mustaqil saylov komissiyasi boshlig‘i Abdul Bodi Sayad mas’ul xodimlar yoki materiallar kech yetib borgan uchastkalarda saylov 21 oktabr kuni ham o‘tkazilishini aytgan.

Afg‘oniston Bosh vaziri Abdulla Abdullaning o‘rinbosari Muhammad Muhaqqiq, mahalliy televideniega bergan intervyusida, ovoz berish uchun soatlab kutgani, hafsalasi pir bo‘lgan saylovchilar uchastkalardan ovoz bermasdan qaytib ketishidan xavotirga tushganini aytdi.

Saylov uchastkasi oldida 3000 dan oshiq erkak va 2000 ga yaqin ayol turibdi, − dedi mamlakat g‘arbidagi Hirot shahrilik kishi RFE/RL muxbiriga. – Ular nima qilishga hayron. Mutassaddilar saylovchilarni ro‘yxatga olish hujjatlari yetib kelmaganini aytdi.

Kobul politsiyasi vakillari saylov uchastkalari yaqinidan qo‘lbola bomba va granatalar topilgani, ulardan bittasini zararsizlantirmoqchi bo‘lgan poltsiyachi yaralanganini aytdi. Poytaxtdan tashqari, bir necha viloyatlardagi saylov uchastkalarida fitnalar fosh qilindi.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi saylovchilar va uchastkalarni himoya qilish uchun qo‘shimcha 20 ming nafar xavfsizlik xodimini jalb qilgan. Ularning jami soni taqriban 70 ming kishiga yetdi.

Xavf-xatarga qaramasdan, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani saylovda ovoz bergandan so‘ng “har bir afg‘onni, erkakmi-ayolmi, yoshmi-qarimi” ovoz berishga da’vat qildi.

Dastlab, parlament saylovini 2015 yilda o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Ammo saylov tizimini isloh qilish borasidagi tortishuvlar oqibatida tadbir uch yilga kechiktirildi. Bunga NATOning xavfsizlik uchun mas’uliyatni 2014 yilda afg‘on kuchlariga topshirgandan so‘ng yuzaga kelgan beqarorlik ham sabab bo‘ldi.

“Tolibon” harakati 20 oktyabrda saylovchilarni "soxta tomoshadan iborat saylov"da qatnashmaslikka chaqirdi.

18 oktabr kuni mamlakat janubidagi Qandahor viloyati politsiyasi rahbarining o‘ldirilishi hukumatning saylovni xavfsiz va shaffof o‘tkaza olishiga shubha uyg‘otdi. Ayni damda Afg‘onistondagi 34 ta viloyatning 20 tasida hukumat qo‘shinlari jangarilarga qarshi kurash olib bormoqda.

“Tolibon” va Islom davlati jangarilari deputatlikka nomzodlar, saylovoldi kampaniyasi tadbirlari va xavfsizlik xizmatlari rahbarlarini xudkushlik hujumlari, mototsikllarga o‘rnatilgan bombalar, avtomobildan o‘qqa tutish bilan nishonga olmoqda.

20 oktabr kuni mamlakatning turli hududlaridagi “Tolibon” nazoratida bo‘lgan 10 tumanda saylov o‘tkazilmadi.

Afg‘oniston parlamentining “Volisi Jirg‘a” deb ataluvchi quyi palatasidagi 249 ta o‘rin uchun 2500 dan oshiq nomzod raqobatlashmoqda. O‘sha nomzodlarning 417 nafari ayoldir.