Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvga tushirib, tahqirlanishi ortidan Ozodlikka bog‘langan guvohlar qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, 40-45 daqiqa tizzasigacha sovuq suvga bo‘ktirilganlar, keyin, shalabbo holida avtomobilning oldiga solib, katta ko‘chada yugurtirilgan.
Yangicha jazo-1: sovuqda suvga tushirish
Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvda tizzasigacha bo‘kib turgani aks etgan surat 27 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Ozodlik o‘sha kuniyoq suratda aks etgan vaziyatni o‘rgandi hamda tumanning “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi dalasida suvga bo‘ktirilgan kishilarning shaxsi, tahqirlanishi sabablarini aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, kuzning sovug‘ida ariqdagi suvga bo‘ktirilgan 6 kishidan 3 nafari tuman hokimligi mulozimi, biri mahalla oqsoqoli va 2 nafari oqqo‘rg‘onlik fermerdir. Ularning surati esa O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning 25 oktabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga safari paytida olingani aytildi.
Voqeaga bevosita guvoh bo‘lganlarning Ozodlikka aytishicha, 6 kishi bug‘doyga suv qo‘ymagani uchun bosh vazir o‘rinbosari, Toshkent viloyati va Oqqo‘rg‘on tumani mutasaddilari ko‘z o‘ngida sovuq suvga tushirib, jazolangan.
Tuman hokimligining ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda buni tasdiqladi hamda bunga bug‘doyning vaqtida sug‘orilmagani sabab bo‘lganini aytdi.
Shuningdek, Kun.uz nashri 28 oktabr kuni, ushbu hodisaga mas’ul ko‘rilgan 3 kishi - tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sharof Ahmedov va tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Murodov jarimaga tortilganini xabar qildi.
Yangicha jazo-2: shalabbo holida yugurtirish
28 oktabr kuni Ozodlikka ushbu hodisaga bevosita guvoh bo‘lganini aytgan va shaxsini sir saqlashni so‘rgan oqqo‘rg‘onliklardan biri bog‘landi.
Uning iddaosicha, 6 kishi suvda 40-45 daqiqa ushlab turilgach, keyin avtomobil oldiga solinib, shalabbo holida yugurtirilgan.
"Bitta menmas, ko‘pchilik ko‘rib turdi buni - ularni suvda 40-45 minut ushlab turishdi-da, keyin suvdan chiqarib, mashinani oldiga solib, yugurtirib olib ketishdi. Qaerga olib ketdi - bilmadim, lekin. Bunaqasini men umrimda ko‘rmaganman. Juda dahshat bo‘ldi", dedi ismini sir saqlagan oqqo‘rg‘onlik.
Shuningdek, u suvga tushirilganlardan ikki nafarini juda yaqindan tanishi, bugunga kelib, ularning ikkovi ham korruptsion ayblovlar bilan o‘ziga nisbatan jinoyat ishi ochilishidan qo‘rqib yashayotganini iddao qildi.
"Shu 6 kishidan ikkitasini juda yaqindan bilaman. Shu bechoralar ustimizdan ish ochib, qamatvormasa bo‘ldi, deb qo‘rqib o‘tiribdi hozir. Lekin fermerlar shikoyat qilaman, deb yurgandi, ulardan ham prokuratura "arzim yo‘q", degan tilxat yozdirib olibdi deyishyapti", deb da’vo qildi Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan hodisa guvohi.
Mahalliy rasmiy: Ahvol yaxshilanadi, deb umid qilgandik
Oqqo‘rg‘on tumanidagi davlat idoralaridan birining ismini sir saqlagan xodimi 28 oktabr kuni ma’lum bo‘lgan qo‘shimcha tafsilotlarni tasdiqladi.
"1 kilometrga yaqin joyga yugurtirishgan, bu bor gap. Oqsoqol oyog‘im og‘rib qoldi, deb to‘xtab qolgan. Lekin, qolganlarini 1 kilometrgacha yugurtirishgan. Bugun menga boshqa viloyatlardan ham telefon qilib: "Tinchlikmi Oqqo‘rg‘onda?" deb so‘rashyapti. Nima deyishni ham bilmaysan odam. Ahvol yaxshilanadi, deb umid qilib turgandik- buni qarang endi?!" dedi xavfsalasi pir bo‘lganini yashirmagan mahalliy mulozimlardan biri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avvaliga suvga tushishni istamagan fermerlardan biri qarshilik ko‘rsatgan, ammo uni kaltaklab, zo‘rlab suvga tushirishgan. "Hozir shu fermerning oilasi respublikaga chiqamiz, deb janjal qilayapti ekan", deya qo‘shimcha qildi ismini sir saqlagan mulozim.
Ozodlikning suvga tushirilgan fermerlarning o‘ziga bog‘lanish urinmoqda, ammo hozircha bunga muvaffaq bo‘lmadi.
Kun.uz: covuqda suvga "o‘zi tushgan" mulozim
28 oktabr kuni Kun.uz nashri Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Farhod Omonov hamda uning o‘rinbosari Sherzod Murodov bilan videointervyuni chop etdi.
Intervyuda tuman hokimi 6 kishining suvga tushirilishiga ma’sul sifatida o‘z o‘rinbosari Murodovni ko‘rsatdi, Murodov esa, tan oldi.
Murodovning nashr muxbiriga aytishicha, u g‘allaga suv qo‘yilmaganiga jahl qilib, dastlab o‘zi "oyoq kiyim bilan suvga tushgan".
“Mana suv bor-ku, deb, jahl ustida suvga tushdim. [...]Fermerga suvni ko‘rsatmoqchi edim. Men ularni suvga tushirmadim. Ularning o‘zi tushdi. “Ariqda suv yo‘q”, deyilgandi. “Mana bor”, deb tushgandim, ular ham ergashib tushdi. (!) Suvda ko‘p turmadik, bir daqiqa atrofida bo‘ldik”, deya iqtibos keltiradi Kun.uz nashri hokim muovini Sherzod Murodovdan.
Bundan tashqari, ushbu nashrga intervyu bergan tuman hokimi hodisa Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaev guvohligida o‘tganini rad etgan, ammo Murodov, bosh vazir o‘rinbosariga qo‘shilib, boshqa bir necha mulozim ham dalada bo‘lganini aytgan.
“Ular bizga ters qarab turgandi, 20-30 metr uzoqroqda edi. Ular orasida Bosh vazir o‘rinbosari, viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. Ular buni ko‘rmadi”, deya iqtibos keltiradi tizzasigacha suvga bo‘kkan mulozimdan Internet nashri.
Ayni paytda, bu nashr muxbirlari ham, Oqqo‘rg‘onga borib, suvga tushirilgan fermerlar va mahalla oqsoqolini topolmay qaytganini yozdi.
Vazirlik murojaati
Oqqo‘rg‘onda 6 kishi suvga bo‘ktirilgani aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ularni topishda yordam berish haqida jamoatchilikka murojaat qilgan edi:
“2018 yil 27 oktabr ijtimoiy tarmoqlarda paxta dalasi yonidagi ariqqa tushib turgan 6 nafar kishining suratlari tarqaldi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu rasmda suratga olingan joy va sharoitni aniqlashga yordam beruvchi har qanday ma’lumotlar haqida xabar berishingizni so‘raydi. Telefon/telegram: +998951458844” , deyiladi murojaatda.
Ozodlikda hozircha bu murojaat natijalari haqida vazirlik biror rasmiy bayonot bergani yoki chora ko‘rganiga oid ma’lumot yo‘q.
Ozodlik Bosh vazir o‘rinbosari jazolagan mulozimlarning telefon raqamlarini topdi, ammo telefonlari o‘chirilgani bois, hanuz ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmayotir. Shuningdek, suvga tushirilgan 2 fermer va mahalla oqsoqoli bilan bog‘lanish urinishlari ham hozircha natija bermadi.
Ozodlik, shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning qabulxonasiga ham bog‘landi, ammo hozircha javob ololmadi.