Xorijlik investorlarning ko‘pchiligi O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalaridagi korxonalarga sarmoya yotqizganidan mamnun emas.
Spot nashrining yozishicha, shu yilning 12 noyabr kuni "Rivojlanish strategiyasi” markazida “O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalarning samaradorligini baholash: qonunchilik, investitsiyalar, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan xorijiy va mahalliy ekspertlar joriy yilning sentabr va oktabr oylari davomida EIZlarning faoliyati va mavjud muammolari, shuningdek, mintaqa va butun mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar yechimiga EIZ ta’siri masalalarini o‘rganganlar.
Davra suhbatida qayd etilishicha, investorlarni ishga kirish vizalarini olishning noqulaylik, uzoq cho‘ziladigan byurokratik jarayonlar va davlat idoralari tomonidan ularning murojaatlari nihoyatda uzoq muddatda ko‘rib chiqilishi, Davlat ekologiya qo‘mitasining xulosasini olish, qurilishga ruxsat berish va muhandislik-kommunikatsion tarmoqqa ulanish to‘g‘risidagi qarorning bir necha oyga cho‘zilib ketishi, xuddi shu xizmatlar murojaatni bir e’tiroz asosida rad etishi va bir necha bor qayta ko‘rib chiqish uchun yuborishi, EIZ ishtirokchilari kerakli miqdorda xomashyo resurslari sotib olishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishlari kabi muammolar tashvishga solmoqda.
Yig‘ilishda EIZni o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining va EIZ tashkil etish va ishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha direksiya va maharliy hokimiyat organlarining faoliyatini baholash va rag‘batlantirish tizimi yo‘qligi, Iqtisodiyot va Davlat investitsiya qo‘mitasi vazifalari bir-birini takrorlashi, EIZni boshqarish va muvofiqlashtirish vakolatlarini haddan tashqari markazlashtirishi, EIZ direktsiyasi tomonidan qabul qilingan yagona hisobot shakllari mavjud emasligi, 5 million dollardan ortiq investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish vazirliklar va idoralar, shuningdek, Respublika kengashi darajasida cho‘zilishi kamchilik o‘laroq qayd etilgan.
Shuningdek, investorlar, davlat kompaniyalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar narxlari (O‘zbekiston havo yo‘llari va O‘zbekiston temir yo‘llari)ni juda yuqori, deb hisoblaydilar. Bunga misol sifatida bitta 40 futlik konteynerni Navoiy shahridagi “Tinchlik” stansiyasidan “Navoiy” EIZgacha (25 km) transport vositasida tashish 500 $ga tushishi qayd etilgan.
Davra suhbatida ishtirok etgan xorijiy va mahalliy ekspertlar O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish bo‘yicha bir qator tavsiyalarni o‘rtaga tashlaganlar. Mintaqalarning qiyosiy afzalliklarini hisobga olgan holda erishsa bo‘ladigan indikatorlar maqsadli parametrlarga asoslanib, EIZlarni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiya va o‘rta muddatli harakat rejasi ishlab chiqish; Vazirlar Mahkamasi huzurida, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat investitsiya qo‘mitasi tarkibiy tuzilmalari negizida EIZ va kichik sanoat zonalarini (KSZ) rivojlantirish bo‘yicha agentlik tashkil qilish. Respublika kengashi vakolatlarini agentlik ma’muriy kengashlari va EIZ, KSZ direksiyalariga o‘tkazish; Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari ko‘rsatish agentligi orqali «yagona darcha» tamoyilini joriy etib, jarayonni engillashtirish va barcha zarur ruxsatnomalarni olish vaqtini qisqartirish; Davlat xizmatlari agentligi orqali xorijiy fuqarolarga ishga joylashish uchun ruxsatnoma berish tartibini soddalashtirish va tezlashtirish, xorijiy investorlar uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga alohida vizalarni joriy qilish (investitsion faoliyat vizalari); EIZ ishtirokchi korxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga EIZ hududlarida o‘z filiallarini ochish va ta’sis qilishga ruxsat berish; EIZ direksiyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agentlik qarorlariga shikoyat arizasini berish mexanizmini yaratish va biznes rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha talablarni soddalashtirish; EIZ direksiyasining faoliyatini baholash va monitoring qilish mexanizmini ishlab chiqish; Kooperatsiyalarni chuqurlashtirish va ishlab chiqarish klasterlarini yaratish maqsadida, EIZ ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarda ular qaysi EIZda hisobdan o‘tganidan qat’i nazar, EIZ ishtirokchi korxonalarini QQS to‘lashdan ozod qilish; O‘zbekistondagi barcha EIZlarda bir martalik to‘lovlar va doimiy badallar to‘lashda yagona tartib joriy qilish; EIZlarning yagona vebsaytini o‘zbek, ingliz va rus tillarida individual EIZ sahifalari bilan yaxshilash kabilan shular jumlasidandir.
“Rivojlanish strategiyasi” markazi mazkur loyihani Shveysariyaning “PeaceNexus” jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 21 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 9 tasi sanoatga, 7 tasi farmatsevtikaga, 2 tasi qishloq xo‘jaligiga, bittasi turizmga, bittasi transport-logistika va yana bittasi sport anjomlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
EIZlarda 402 ishtirokchi firma qaydga olingan, ulardan 112 shirkatgina o‘z faoliyatini boshlagan.
Avvalroq “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi o‘tkazgan so‘rovnomada o‘zbek tadbirkorlari xususiy tadbirkorlikning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini qoniqarsiz (2,3 ball) baholagani bildirilgandi. So‘rovnomada ishtirok etgan har uchinchi tadbirkor davlat tomonidan hech qanday “yordam”ni his qilmasligini ma’lum qilgan.