Matbuot: O‘zbekiston aholisi xalqaro mezondan 4 baravar kam baliq yeydi

​​​O‘g‘liga o‘zi shar’iy nikoh o‘qib uylantirgan ota 5 sutkaga qamaldi

Buxoroda maktab direktorining aybi bilan ikki o‘quvchi nobud bo‘ldi. O‘g‘liga shar’iy nikoh o‘qigan ota jazolandi. Harbiy xizmatda nogiron bo‘lib qolgan ehtiyojmandga nafaqa berilmayapti. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Buxoroda ikki maktab o‘quvchisi tok urishidan nobud bo‘ldi

Buxoro viloyati Kogon tumanida maktablardan birining direktori aybi bilan ikki o‘quvchi nobud bo‘ldi (“Huquq”, 15 noyabr). Ismi oshkor etilmagan direktor mansab vakolatidan foydalanib, tanishiga maktab oldida metaldan yasalgan do‘kon o‘rnatishga ruxsat bergan. Direktor do‘kondordan oyma-oy pul olib turadi. Maktab hududidagi xo‘jalik ishlari uchun qoidaga zid ravishda do‘konga tortilgan elektr simidan foydalanilgan. Ammo bir gal elektr simi tarmoqdan uzilmay ochiq qoldirilgan. Elektr simi do‘kon metall korpusiga tegishi oqibatida esa tok hosil bo‘lgan. Maktab yonida o‘ynab yurgan ikki o‘quvchi do‘kon korpusi ushlashi oqibatida ularni tok urgan. Ikki o‘quvchining nobud bo‘lishida aybdor deb topilgan direktor va uning o‘rinbosari jazolangani xabar qilingan.​

O‘zbekistonliklarning baliq yeyish ko‘rsatkichi xalqaro mezondan 4 baravar pastligi aytildi

O‘zbekiston aholisining baliq yeyish ko‘rsatkichi xalqaro mezonlardan pastligicha qolmoqda (“Jamiyat”, 9 noyabr). Mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Bahodir Yusupovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga bergan hisobotida ushbu masala ham ko‘tarilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bir kishi bir yilda 12 kilogrammdan kam bo‘lmagan miqdorda baliq iste’mol qilishi lozim. Biroq O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 3 kilogrammni tashkil etmoqda. O‘zbekiston prezidenti joriy yil 6 noyabrda imzolagan qarorda ham intensiv usulda baliq yetishtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

O‘g‘liga o‘zi shar’iy nikoh o‘qib uylantirgan ota 5 sutkaga qamaldi

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi 54 yoshli shaxs diniy ma’lumoti bo‘lmay turib o‘g‘liga shar’iy nikoh o‘qigani uchun jazolandi. Bu haqda Oliy sud bir qator matbuot nashrlari orqali xabar bergan. Qayd etilishicha, 54 yoshli shaxsning o‘g‘li xotini bilan janjallashib qolgan. Kelin otasinikiga ketgan paytda qaynota hali qonunan ajrashmagan o‘g‘lini boshqa bir ayolga uylantirgan. Shar’iy nikohni esa o‘zi o‘qigan. Birinchi kelini bundan xabar topib, yashirin ravishda nikoh o‘qigani uchun qaynotasini jazolashni so‘rab huquq idoralariga arz qilgan. Paxtaobod tuman ma’muriy sudi raisi Zafar To‘xtasinovga ko‘ra, rasmiy diniy ma’lumotsiz nikoh o‘qigan otaga 5 sutka qamoq jazosi tayinlangan.

Andijondagi bog‘cha vannasida uxlab yotgan bola kim ekani ma’lum bo‘ldi

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 9-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat o‘rganilganda, bog‘cha ichidagi vanna ichida murg‘ak bola uxlab yotgani aniqlangan (“Darakchi”, 15 noyabr). Tekshiruv vaqtida vanna ichida uxlayotgan bola bog‘cha tarbiyalanuvchisi emasligi, u bog‘cha oshpazining nabirasi ekani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, oshpaz ayolning qizi shoshilinch ravishda shifoxonaga ketgan va u oshpaz nabirasini ishxonasiga olib kelgan. Nabirasining uyqusi kelgach esa, buvi vanna ichiga to‘shak solib o‘sha yerda uxlatgan. Hisobda ko‘rsatilmagan tarbiyalanuvchilar yuzasidan izoh bergan Maktabgacha ta’lim vazirligi mazkur bog‘chadagi vaziyat to‘liq o‘rganilmagunga qadar xulosa qilishga erta ekanini aytgan.

Harbiy xizmatda nogiron bo‘lib qolgan sirdaryolik unga nafaqa berilmayotganidan arz qildi

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida yashovchi Muhammad Fayzullaev 1987 yilda harbiy xizmatda og‘ir xastalikka chalinib, ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qolgan (“Oila davrasida”, 15 noyabr). U dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, nafaqa olishni ham o‘ziga or deb bilgan. Ammo moddiy qiyinchiliklar ortidan rasmiy idoralarga murojaat qilgan va bir muddat nafaqa olib turgan. Ammo 2013 yili unga nafaqa berilishi to‘xtatilgan. Ayni vaqtda to‘shakka mixlanib qolgan M.Fayzullaev nafaqa berilmayotganidan arz qilgan. Qayd etilishicha, yupqaqo‘l oilaning nafaqa so‘rab qilayotgan murojaatlariga mutasaddi idoralar e’tibor bermayotir.

“Davrbank” oyligi kamligini ro‘kach qilib jurnalistga kredit ajratishni rad etdi

“Davrbank” jurnalistning oyligi kamligini ro‘kach qilib unga kredit ajratishni rad qildi (“XXI asr”, 15 noyabr). “XXI asr” gazetasi muxbiri avtomobil olish uchun kredit so‘rab “Davrbank”ka murojaat qilgan. Kerakligi hujjatlarni tayyorlaganida unga oyligi kredit uchun yetarli emasligi aytilgan. Shundan keyin jurnalist rafiqasi va yana bir hamkasbi – jami uch kishining daromadini qo‘shgan holda hujjat topshirgan. Keyin esa bank gazeta MChJ ekanini bahona qilib kredit berishni rad etgan. Qayd etilishicha, “Davrbank”ning turli bahonalar bilan kredit berishni rad qilishi ko‘p kuzatilmoqda.