Fransiya prezidenti “sariq nimchalilar”ga javob tayyorlamoqda

Shanba kuni norozilik namoyishchilari Makronning iqtisodiy siyosatidan norozi bo‘lib, qatorasiga to‘rt dam olish kunlari toshlar otdi, avtomobillarga o‘t qo‘ydi, do‘konlar va restoranlarga hujum qildi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dushanba kuni mamlakatga murojaat qilmoqchi. U shu tariqa o‘tgan dam olish kunlari Parij hayotini izdan chiqarib yuborayozgan “sariq nimchali” namoyishchilarni tinchlantirish niyatida.

Parij va boshqa shaharlardagi ishchilar shisha siniqlarini supirib-sidirib olishga kirishdi, yonib kul bo‘lgan avtomobillarni shahar markazidan olib chiqib ketdi. Hukumat namoyishlar iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytdi. Sud hokimiyati esa talonchilik va politsiyaga hujum holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rmoqchi.

Shanba kuni norozilik namoyishchilari Makronning iqtisodiy siyosatidan norozi bo‘lib, qatorasiga to‘rt dam olish kunlari toshlar otdi, avtomobillarga o‘t qo‘ydi, do‘konlar va restoranlarga hujum qildi.

Yelisey saroyi vakili 2017 yilda saylangan prezident Makron dushanba kuni Parij vaqti bilan 20:00 da (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da) mamlakatga murojaat qilishini aytdi.

U dushanba kuni kasaba uyushmalari, ish beruvchi tashkilotlar va saylangan mahalliy rahbarlar bilan uchrashadi. Prezident butun Fransiyani egallab olgan tartibsizliklarga qanday javob berish yo‘llarini izlamoqda. Tartibsizliklar kasaba uyushmalari bilan an’anaviy aloqa kanallarini ham ishdan chiqardi.

Mehnat vaziri Myuriel Peniko LCI telekanaliga Makron “aniq va tezkor” choralarni e’lon qilishini aytdi, lekin bu choralar eng kam ish haqini oshirishni o‘z ichiga olmaydi.

Hukumat matbuot kotibi Benjamin Griveo real bo‘lmagan narsalarni kutmaslik kerakligini aytdi.

Namoyishchilar hukumatning bayonotlaridan qoniqmagani uchun mamlakat bo‘ylab yo‘llarni to‘sishni davom ettirmoqda va kurashishga va’da bermoqda.

Parijda Eyfel minorasi, bir qancha muzeylar va univermaglar yopib qo‘yildi. Moliya vaziri Bruno Le Mer namoyishlar iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi.

Hokimiyat idoralariga ko‘ra, shanba kuni Fransiya bo‘ylab norozilik namoyishlarida 136 ming kishi, Parijda esa 10 ming kishi ishtirok etdi. Ulardan 1709 kishi hibsga olindi. 100 oshiq kishi hamon hibsxonalarda qolmoqda.