Andijonda gaz portlashidan 20 yashar yigit o‘ldi. Bu xabarni eshitgan 72 yashar bobo ham jon berdi

Illyustrativ surat.

Andijon viloyati Baliqchi tumanining Qiyali mahallasidagi avtomobillarni sozlash ustaxonasida 10 dekabr kuni sodir bo‘lgan portlash oqibatida 20 yashar usta yigit voqea joyida halok bo‘ldi, uning tog‘asi bo‘lgan ikkinchi usta og‘ir kuyish jarohati oldi.

Bu xabarni tasdiqlagan tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi mulozimiga ko‘ra, ustalar Damas avtomobilini ta’mirlayotgan paytda portlash sodir bo‘lgan.

Mahalla oqsoqolining aytishicha, o‘g‘li va nevarasi ishlaydigan ustaxonani portlab ketganini eshitgan bobo ham, o‘sha zahoti yuragi ushlab qolib, jon bergan.

Voqea guvohlarining Ozodlikka xabar qilishicha¸ Baliqchi tumanining Qiyali mahallasidagi avtomobillarni sozlash ustaxonasida 10 dekabr kuni tush payti kuchli portlash sodir bo‘lgan.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan guvohlardan biri ustaxonada ta’mirlanayotgan Damas avtomobilidagi gaz balloni portlab ketganini bildirdi.

“Ustalardan biri, 20 yashar Pahlavon degan yigit yamada mashinani qaysi bir joyini ta’mirlayotgan paytda portlash sodir bo‘lgan. U bola yamada kuyib o‘lgan. Ikkinchi usta, Pahlavonning tog‘asi Bahodir esa qattiq kuygan. Katta yong‘in bo‘ldi, o‘t o‘chiruvchilar kelib o‘chirishdi. Bahodirni kasalxonaga olib ketishdi".

Pahlavon Sobirov yashagan “Yurtobod” mahalla fuqarolar yig‘ini faollaridan birining aytishicha, o‘g‘li va nevarasi ishlaydigan ustaxonaning portlab ketganini eshitishi hamono Pahlavonning "Polvonko‘l" MFYda yashaydigan bobosi yurak xurujidan o‘sha zahoti vafot etgan.

“Bugun o‘sha mahallaga fotihaga o‘tib keldik. Kamoliddin Nozimov degan 72 yoshli otaxon ekanlar. Aytishlaricha, shum xabarni eshitib, yo‘lga chiqayotganida, yuragi ushlab qolib vafot etibdi. Bir oiladan ikki o‘lim, o‘g‘ilning ahvoli esa og‘ir. Juda qayg‘uli bo‘ldi”, dedi mahalla faoli.

Baliqchi tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Qiyali mahallasidagi ustaxonada portlash oqibatida bir kishi o‘lganini va bir kishi kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi:

“Ustalar oddiy texnika xavfsizligiga rioya qilishmagan. Gaz bilan ishlaydigan avtomobilni yopiq joyda remont qilib bo‘ladimi? Portlash shundan kelib chiqqan, hozir surishtiruv ishlari olib borilayapti”, dedi mulozim.

Baliqchi tumani Shoshilinch tibbiy yordam markazining ismi sir qolishini so‘ragan shifokori, kuyish jarohati olgan ustaning ahvoli og‘ir ekanligini aytdi:

“60 foiz kuyish jarohati olgan. Ahvoli og‘ir. Biz qo‘limizdan kelgan hamma muolajani qilayapmiz”, dedi shifokor.

O‘zbekistonda avtomobillarga qo‘yilgan va ro‘zg‘orda ishlatiladigan gaz ballonlari portlashi holatlari ko‘p kuzatiladi.

Buxoro-Qorovulbozor yo‘lining Kogon tumani hududidan o‘tuvchi qismida 18 sentabr kuni ertalab soat 7:45da yo‘nalishdagi Isuzu avtobusda gaz balloni portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va yana 21 odam turli darajada jarohat olgan edi.

Samarqand viloyati Paxtachi tumani Toma qishlog‘ida 30 oktabr kechqurun xonadonlardan birida gaz balloni portlashi oqibatida to‘rt kishi og‘ir kuyish jarohati olgan edi.

Farg‘ona viloyat, Marg‘ilon shahrining Terakdagi mahallasidagi oilalardan birida 16 mart kuni gaz portlashi oqibatida kasalxonaga yotqizilgan uch kishidan biri, oila boshlig‘i 21 mart kuni vafot qildi. Kasalxonadan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, uy bekasining ahvoli o‘rtacha og‘ir, besh yashar nevara esa yengil kuyish jarohati olgan.