Shahar markazidagi “Dilkusho” bozoridagi do‘konlari buzilganidan beri o‘tgan ikki yilga yaqin vaqt davomida idorama-idora yurib o‘z noroziligini bildirib kelgan buxorolik 600 dan oshiq tadbirkor talabi qisman bo‘lsa-da qondirildi.
Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlarga ko‘ra¸ 10 -14 dekabr kungi noroziliklardan so‘ng Bosh prokuratura nazoratiga olingan o‘z shikoyatlariga javoban viloyat va shahar hokimi “Dilkusho” bozori hududidan o‘zlariga alohida kompleks qurib berishni va’da qilgan.
Ozodlik Buxoro shahar hokimi va uning o‘rinbosaridan bu va’da ijrosiga oid tafsilotlarni olishga muvaffaq bo‘la olmadi – rasmiylar telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Yangi yechim¸ yangi va’da
20 dekabr kuni Ozodlik bog‘langan buxorolik tadbirkorlar namoyandalari o‘tgan ikki hafta davomida ketma-ket uyushtirilgan norozilik tadbirlari ortidan Buxoro viloyat va shahar hokimi o‘z talablari qondirilishini va’da qilganini bildirdilar.
“Buxoro shahar hokimi Karim Jamolovich majlis qilib¸ muammolaringiz hal bo‘ldi. “Dilkusho” hududidan sizlar uchun qo‘shimcha kompleks quriladi va undan buzilgan do‘konlaringizga boshma-bosh joy beriladi. Sizlar uchun har kvadrat metr narxni 5 million so‘m qilib belgiladik. Buzilgan do‘konidan kattaroq joy olmoqchi bo‘lganlar¸ oshiqcha kvadraturaga 12 million so‘mdan beradi. To‘lovning 50 foizini yanvar¸ qolganini martgacha to‘laysizlar¸ dedi. Qo‘shimcha kompleks “Dilkusho” o‘rnida qurib bo‘lingan uch qavatlik gipermarketga qo‘shiladigan bo‘larkan”¸ dedi buxorolik tadbirkorlardan biri.
Ozodlik suhbatdoshlari ayni paytda¸ 18 dekabr kuni shahar hokimligi majlislar zalida berilgan bu va’daning amalga ko‘chishini kafolatlovchi birorta qaror¸ rasmiy hujjat taqdim qilinmaganini qo‘shimcha qildilar.
“Bozor buzilgandan beri¸ uch-to‘rt xil va’da berishdi¸ birortasini bajarganlari yo‘q. Shunga bu galgi va’daga ham darrov ishonayotganimiz yo‘q. Lekin bu safar masalani Bosh prokuratura¸ prezident administratsiyasidagi kuratorlar nazorat qilayotgani uchun¸ endi aldashmas¸ degan umidimiz ham yo‘q emas”¸ deydi bozori buzilganidan beri idorama-idora chopib yurgan tadbirkorlardan biri.
Viloyat prokuraturasidan so‘ng Toshkentga yurish
Ozodlik 10 dekabr kuni yuzdan oshiq buxorolik tadbirkorning o‘z noroziligini bildirish maqsadida Buxoro viloyat prokurori Bahriddin Valiev oldiga borgani haqida o‘sha kuni xabar bergan va prokuratura binosida o‘tkazilgan yig‘in audioyozuvini ham e’lon qilgan edi.
Bu yig‘inda shahar hokimi aytgan gaplardan hafsalasi qattiq pir bo‘lgan norozilar¸ o‘z oralaridan 20 ga yaqin ayolni vakil qilib¸ 14 dekabr kuni ularni Toshkentning Mustaqillik maydonida piket o‘tkazishga yubordi.
Bu tadbirning Ozodlik ko‘rgan (sifati yaxshi bo‘lmaganidan e’lon qilinmayotgan -tahr.) videoyozuvidan Mustaqillik maydonida ayollarning prezident administratsiyasi binosini qo‘riqlayotgan xavfsizlik xodimlariga o‘z maqsadlarini tushuntirgani va shundan so‘ng ularning ichkariga olib kirilgani ko‘riladi.
“Bizni prezident ma’muriyatining Buxoro va Navoiy bo‘yicha vakillari qabul qildi. Arzimizni tinglashdi¸ Buxoroga telefon qilib¸ muammoni hal qilishni topshirishdi. Buxoroga borishingiz bilan¸ shahar hokimi qabul qilib¸ yechim topadi¸ deyishdi. Ammo hokimlikdan darak bo‘lmaganidan keyin¸ 18 dekabr kuni biz yana Toshkentga telefon qildik. O‘sha kuniyoq soat 4 da shahar hokimi chaqirtirib¸ yangi va’da berdi”¸ deydi Toshkentga borganlardan biri hokimiyat bosimidan cho‘chib shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.
Bosh prokuraturaga minnatdorlik
Ozodlik gaplashgan buxorolik tadbirkorlarning ishonishicha¸ vaziyatning boshi berk ko‘chadan chiqa boshlaganiga o‘z shikoyatlarining Bosh prokuratura nazoratiga olingani ham muhim rol o‘ynagan.
“10 dekabr kungi viloyat prokuraturasidagi to‘polonning ertasiga Buxoroga Bosh prokuraturadan guruh yuborildi. Ular biz bilan uchrashmadi¸ lekin kelgan yosh mutaxassislar bizning haqqimizni himoya qilishga astoydil harakat qilganini eshitdik. Ular 600 dan oshiq tadbirkorning haq-huquqlari viloyat va shahar hokimi tomonidan qanday buzilayotganini tasdiqlaydigan hamma hujjatlarni so‘rab-surishtirgan¸ muhimlarini o‘zlari bilan olib ketgan”¸ dedi tadbirkorlardan yana biri.
Ozodlik suhbatdoshlari¸ Bosh prokuraturaning bu jarayonga aralashuvi “Dilkusho”dan haydalgan tadbirkorlarning o‘z qonuniy joyiga qaytib¸ faoliyatini qayta boshlagunga qadar davom etishiga umid qilayotganlarini qo‘shimcha qildi.
12 dekabr kuni Ozodlikning buxorolik tadbirkorlar shikoyatiga oid savoliga javob bergan Bosh prokuratura matbuot xizmati “ularning talablari o‘rganib chiqilishi va ijobiy hal etilishi”ni bildirgan edi.
2017 yil bahorida Buxoro markazidagi qariyb 8 gektarlik hududda joylashgan eng ommabop “Dilkusho” bozori¸ o‘rnida zamonaviy savdo kompleksi quriladi¸ degan iddao bilan buzilgan va bu yerda savdo qilib kelgan 610 nafar xususiy tadbirkorga qurilajak kompleksdan ayni kattalikdagi do‘kon imtiyozli narxda qurib berilishi va’da etilgan edi.
Ammo tadbirkorlar ta’kidicha¸ biror joyda qayd etilmagan¸ o‘tmish faoliyati hech kimga ma’lum bo‘lmagan Mustahkam Qurilish Development degan kompaniya “Dilkusho” o‘rnida uch qavatli savdo kompleksi qurishni boshlashi ortidan¸ hokimiyat bu va’dasini o‘zgartirib¸ do‘konsiz qolgan tadbirkorlarga shahar chekkasidagi eski mebel fabrikasi hududida¸ pulini oldindan to‘lasa¸ do‘kon qurib berishni aytishga o‘tgan. Aksar tadbirkorlar bu taklifni qabul qilmagani ortidan¸ hokimiyat va do‘kondorlar o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan edi.
Buxorolik tadbirkorlar Mustahkam Qurilish Development shirkati ortida Buxoro viloyati hokimining yaqinlari turishini iddao qilib keladi. Ozodlik ixtiyorida hozircha bu iddaoni tasdiqlovchi hujjat yo‘q - shahar hokimligi “Dilkusho” bozori hududining kimga¸ qaysi shartlar asosida sotilgani yoki ijaraga berilganiga oid kelishuvni jamoatchilikdan sir tutib kelmoqda.