Yetti yil oldin universitet domlasini kaltaklagan sobiq hokimning o‘g‘li so‘roqqa chaqirildi

Falsafa fanlari nomzodi Sirojiddin Ashurov

Namangan davlat muhandislik-texnologiya instituti sobiq dotsenti¸ falsafa fanlari nomzodi Sirojiddin Ashurovni bundan 7 yil oldin kaltaklagan talabalar javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu haqda Ozodlikka 69 yashar nafaqaxo‘r Ashurovning advokati ma’lum qildi.

Ashurovning o‘zi esa Ozodlikka yetti yildan buyon bu ishga e’tibor bermay kelayotgan huquq-tartibot organlari¸ portalga yozganidan keyin tergov oldi surishtiruvi boshlashganini bildirdi.

Ashurovning advokatiga ko‘ra¸ “o‘qituvchini kaltaklagan studentlardan biri yuqori lavozimli amaldorning o‘g‘li bo‘lgani uchun mazkur voqea ortidan etti yil mobaynida jinoyat ishi ochilmagan”

Ozodlik tasarrufida o‘qituvchi kaltaklangani ortidan olingan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi bor.

Xulosada Ashurovga o‘rta va yengil tarzdagi tan jarohati yetkazilgani ta’kidlanadi.

Xulosaga ko‘ra¸ "to‘mtoq jism bilan urilgan Ashurovda miya chayqalishi¸ badan gematomasi¸ yuz terisi yirtilishi kabi o‘nlab yengil va o‘rta tarzdagi jaroxatlar" bo‘lgan.

Ikkichi studentlar o‘ch olganmidi?

Ozodlik suhbatlashgan Namangan Davlat universiteti o‘qituvchisiga ko‘ra¸ “dotsent Ashurov qoniqarsiz baho qo‘ygan E.B¸ U.A. S.G‘ ismli 4 kurs talabalar uni kaltaklab ketishgan”

"Sirojiddin domla bu studentlarning sistemali dars qoldirgani va umuman savodsizligi uchun qoniqarsiz baho qo‘ygan edi. Studentlar va ularning "akaxon tankalari" ham domlaga ta’sir qilmadi. Alamzada studentlar kechqurun poylab o‘qituvchini urib ketishdi¸" dedi ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchi.

Kaltaklaganlar ichida o‘sha paytda viloyat hokimi o‘rinbosari, keyin viloyatdagi tuman hokimlaridan biri bo‘lgan hozirda ishsiz S.Aning student o‘g‘li ham bo‘lgan,” deya gapiga qo‘shimcha qildi u.

Ozodlikda o‘qituvchini kaltaklaganlikda gumon qilingan uch student haqida to‘liq ma’lumotlar bor.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik o‘rgangan materiallar va jabrlanuvchi iddaosiga ko‘ra¸ 2012 yilning 17 fevralida kechqurungi sakkiz yarimda institutdan chiqib uyiga yo‘l olgan o‘qituvchi kaltaklangan.

Sirojiddin Ashurov iddaosiga ko‘ra, uni orqadan kelib armatura bilan solishgan:

- Orqamdan poylab kelib 2 mikrorayondagi ovloq joyda orqamdan kelib armatura bilan soldi. Yiqildim. Keyin yarim soatcha tepkilab qochib ketishdi¸ dedi dotsent.

U o‘shandan keyin bir hafta muolaja olgani va yetti yil davomida bezorilar jazolanishini talab qilib kelayotganini aytdi.

Namangan viloyat huquq tartibot organlarida mazkur ishni nazorat qilayotgan mulozimning Ozodlikka aytishicha, jinoyat ishi "asossiz ravishda to‘xtab qolgan":

"Forma bir¸ forma ikkilar risoladagiday to‘ldirilib¸ sud-tibbiy komissiyasi xulosasi asosida ayblov hujjatlarini rasiylashtirib boshlangan, lekin sal o‘tib, asossiz ravishda to‘xtab qolgan¸" deydi mulozim.

Ish bosti - bosti qilingan

Mazkur ishni o‘rganayotgan advokatning Ozodlikka aytishicha¸ “Namangan viloyati huquq tartibot organlari va hokimlik mulozimlari 7 yil mobaynida bu ishni bosti-bosti qilishga urinib kelishgan.

"Prokuratura organlari 7 yil o‘tib bu ishga e’tibor qaratib ishni qonuniy o‘zanda ko‘rib chiqilishiga kechikib bo‘lsa ham bezorilar jazolanishiga umid paydo bo‘ldi¸" dedi Sirojiddin Ashurovning advokati.

Ish qayta ochiladimi?

Namangan viloyat huquq tartibot organlarida¸ mazkur ishni nazorat qilayotgan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga kelib tushgan ariza asosida Sirojiddin Ashurov ishi nazorat tartibida ko‘rib chiqilmoqda.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti sobiq dotsenti Sirojiddin Ashurovning Ozodlikka aytishicha¸ joriy haftada uni Namangan viloyat prokuratasi tergovchisi Meliqo‘ziev Bahodir chaqirtirib, “yetti yil oldin bo‘lib o‘tgan voqea atroflicha o‘rganilib vaziyatga qonuniy baho berilishini va’da qilgan”.

Ozodlik bilan suhbatda Sirojiddin Ashurov o‘zini kaltaklagan "bezorilar" bilan birgalikda ularning ishini bosti-bosti qilgan "mulozim akaxonlar" ham jazoga tortilishini talab qildi.