O‘zbekiston bo‘yicha aholining kam ta’minlangan qatlami uchun arzon uy-joy quruvchilari bu sohada mamlakatdagi asosiy buyurtmachi bo‘lgan "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi MChJni uylar narxini sun’iy ravishda qimmatatga sotayotganlikda aybladi. Pudratchilarning iddao qilishicha, "Qishloq qurilish invest" uy qurilishidan to ularni jihozlashga qadar bo‘lgan materiallarni quruvchilarga bozor narxidan o‘rtacha ikki barobarga qimmatga pullamoqda.
"Qishloq qurilish invest" qurdirgan "namunali uylar"dan sotib olgan ayrim oilalar esa¸ bu uylarga ular roziligisiz o‘rnatilgan oshxona jihozlari bozordagi narxlardan uch-to‘rt baravargacha qimmatligidan shikoyat qilmoqda.
"Qishloq qurilish invest" kompaniyasi bosh direktori qabulxonasi telefoni orqali Ozodlik bog‘langan “kompaniya mutaxassisi” bu ayblarni “bema’ni” deb atadi va ularga javob berishga vaqti yo‘qligini aytish orqali¸ go‘shakni ilib qo‘ydi.
Hech kimning kuchi yetmagan shirkat
Kam ta’minlangan oila sifatida "Qishloq qurilish invest" kompaniyasi qurgan uylardan 3-xonali kvartira sotib olgan karmanalik To‘xtagul Turdieva¸ o‘z roziligisiz o‘rnatilgan oshxona jihozlari va kirish yo‘lagiga qo‘yilgan shkaf uchun buyurtmachi shirkat qo‘ygan narxni ko‘rib¸ hayratga tushganini aytadi.
- Oshxona mebeli oddiy laminatdan, akril emas, tortmasiyam yo‘q. 4 million 880 ming narx qo‘yipti. Bozorga chiqib surishtirsam¸ 300-400 ming so‘mgayam bormaydi bunaqa tumbalar. Shu “mebel” uchun 4 880 500 hisoblangan. Kirish yo‘lagiga qo‘yilgan ingichka shkaf uchun qariyb 1 million so‘m narx qo‘yilgan. Bozorda bu 150 ming so‘m ekan. Hammasi 1 million so‘mga borib-bormaydigan bu sifatsiz mebellar uchun "Qishloq qurilish invest" 5 million so‘mni bo‘ynimga ilib qo‘ygan, deydi 23 yanvar kuni Ozodlik gaplashgan To‘xtagul Turdieva.
U shikoyatlari natijasiz qolayotganini aytadi.
- Portalga yozdim¸ prokuraturaga yozdim¸ ammo bularning orqasida juda kuchli odamlar turadi ekan¸ hech kimning kuchi yetmayapti¸ deydi 23 yanvar kuni Ozodlik gaplashgan To‘xtagul Turdieva.
U "Qishloq qurilish invest" o‘zi bilan tuzilgan shartnomani "bankda saqlanadi" degan iddao bilan qo‘liga bermagani aytdi.
- Shartnomada oshxona jihozi qo‘yiladi va uning narxi shuncha bo‘ladi¸ degan joyi yo‘q¸ adashmasam. Shartnoma qo‘limda yo‘qligi uchun¸ hozir aniq ayta olmayman. Ammo mebel qo‘yiladi¸ deb yozilgan bo‘lsa ham¸ uning narxi bozordan uch-to‘rt baravar qimmat bo‘lishi bu g‘irt firibgarlikku! Prezident bularga kam ta’minlanganlar uchun arzon uy qurib berishni topshirgan bo‘lsa¸ bular davlatdan imtiyoz olib turib¸ nega uy va jihozlarini bozor narxidan shuncha qimmatga sotayapti¸ deydi "arzon uyi" narxi 270 million so‘mdan oshganini aytgan navoiylik bu ayol.
To‘xtagul Turdieva¸ "Qishloq qurilish invest"dan bu mebellarni olib ketishni talab qilishda davom etayotgani va bu masala hal bo‘lmaguncha¸ qo‘yilgan mebellarga qo‘l tekkizmasligini qo‘shimcha qiladi.
Turdievaning uyiga qo‘yilgan 4 million so‘mlik oshxona jihozi.
Turdieva¸ Ozodlikka hali tovar yorlig‘i olinmagan oshxona va kirish yo‘lagi jihozlari suratini yubordi.
Kirish yo‘lagiga qo‘yilgan bu shkafga¸ Turdievaning aytishicha¸ "Qishloq qurilish invest" qariyb 1 million so‘m narx qo‘ygan.
Turdievaning bu shikoyati bilan ayni kunda Ozodlikka Surxondaryo viloyati Termiz shahridan kelgan boshqa bir murojaatda ham "Qishloq qurilish invest"dan namunali uy sotib olgan yana bir oila vakili¸ aynan oshxona va kirish yo‘lagi jihozlarining bozor narxidan uch baravar qimmatga baholanganiga norozilik bildirdi.
"Qishloq qurilish invest" Termizda qurdirgan uydagi oshxona mebeli Navoiydagi bilan bir xil.
“Qishloq qurilish invest” MChJ dan 2018 yil kurilgan uylaridan olganman. Uyimga oshxona mebeli o‘rnatilgan¸ juda sifatsiz ekan. Shu masalada MChJ ga murojaat qilsam¸ sizga 5 800 000 so‘mga mebel qo‘yib berganmiz¸ nimaga noshukursizlar¸ deb javob oldim. Keyin bozorlardagi mebellar bilan solishtirsam¸ undan zo‘rlarini 1 500 000 so‘mga olish mumkin ekan. Kam ta'minlanganlarga mo‘ljallangan uy-joydan bir mebelning o‘zidan 4 300 000 so‘m farq qilsa¸ unda Surxondaryoda 1000 dan ziyod uy-joydan qancha pul bo‘ladi? Prezident uylarni arzonlashtir¸ degan bir vaqtda bu noinsoflar bir mebelni uyimning oldidagi bozor narxidan 4 baravar qimmat sotmoqda?”¸ deydi shaxsi ochiqlanmasligini istagan termizlik uy egasi.
Ozodlik “Qishloq qurilish invest” qurgan uylardagi mebellar narxi borasidagi bu shikoyatga munosabat bildirishni so‘rab¸ kompaniyaning Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridagi hududiy bo‘limlariga bog‘landi.
Ozodlik bilan o‘zini tanishtirmay gaplashgan ta’minot bo‘limi vakillari mebellar narxining bozor narxidan qimmat ekanini e’tirof qilishni istamadi.
“Birinchidan¸ bu mebellarni biz emas¸ pudratchi qo‘yadi. Ikkinchidan¸ biz qo‘ygan mebellar sifatli¸ shuning uchun bozordagi arzon mebellardan qimmatroq”¸ dedi Surxondaryo viloyatidagi "Qishloq qurilish invest" vakili.
"Toshkentdagi mafiya"
23 yanvar kuni Ozodlik "Qishloq qurilish invest" buyurtmasi bilan Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ko‘p qavatli¸ shuningdek¸ namunali uy qurgan pudratchi shirkat rahbarlari bilan narxlarning qanday shakllanishi haqida atroflicha suhbatlashdi.
"Qishloq qurilish invest" buyurtmasi bilan uy qurayotgan bu pudratchilar¸ "Toshkentdagi mafiya"dan cho‘chishlarini aytib¸ o‘zlari va shirkatlari nomi ochiqlanishini istamadi.
"Oddiy xalq birgina oshxona mebeli misolida narxlarning bozordan bir necha marta qimmatligini ko‘rayapti. Aslida¸ "Qishloq qurilish invest" qurdirayotgan uylarning narxi bozor narxidan kamida ikki baravar qimmatga hisoblanayapti"¸ degan pudratchi shirkat egalaridan biri.
U uylar qanday baholanishin tushuntirdi.
“Qishloq qurilish invest” buyurtmachi sifatida har bir viloyatda pudratchi shirkat bilan shartnoma qiladi. Bu shartnoma falonta uyni falon muddatda bitirib beraman¸ degan mazmunda bo‘ladi. Unda qurilish materillarini qaerdan¸ qanchaga olish ko‘rsatilmaydi. Ammo “Qishloq qurilish invest” pudratchini 28 xildagi qurilish materialini o‘zi belgilagan narxda olishga majburlaydi. Pudratchi MDF eshiklari¸ AKFA Imzo romlari¸ Artel gazi¸ AKFA radiatorlari¸ o‘zlari tanlagan sement zavodi sementi¸ kafel¸ laminat pol¸ qulf va darvozalarni olishi shart. Olmasa¸ “Qishloq qurilish invest” qurib bergan uyining pulini bermaydi. Masalan¸ viloyatdagi pudratchining o‘zi eshik-darvoza¸ oshxona mebellari ishlab chiqaradi. “Qishloq qurilish invest” xalqqa 4 million 900 mingga o‘tkazayotgan oshxona mebelini¸ deylik men 1 million 470 mingga qo‘yib beraman. Lekin qo‘ydirmaydi. Chunki 28 xildagi qurilish materiallaridan to oshxona mebellarigacha hammasi Toshkentdan keladi. Bularni sotayotgan shirkatlarning egalari juda qudratli odamlar¸ butun bozorni monopoliya qilib¸ o‘zinikini uch baravar qimmatga o‘tkazayapti. Xalq bir so‘mlik narsaga kamida uch so‘m to‘lab¸ arzon uy oldim¸ deb o‘tiripti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan "Qishloq qurilish invest" pudratchilaridan biri.
Bu suhbatdosh iddaosicha¸ “Qishloq qurilish invest” 28 turdagi qurilish materiallarini pudratchilarga bozor narxidan bir necha baravarga sotar ekan¸ bu oldi-berdiga oid shartnoma tuzmaydi.
“Vazirlar Mahkamasining qarori bor¸ deb o‘tkazadi. Uch yildan beri “Qishloq qurilish invest” bilan ishlayotgan bo‘lsam¸ bunaqa shartnoma qilganini ham¸ Vazirlar Mahkamasi qarorini ko‘rsatganini ham bilmayman”¸ dedi “Qishloq qurilish invest” pudratchilaridan biri.
“Qishloq qurilish invest” javobi
23 yanvar kuni Ozodlik, kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgani aytilgan “arzon uy” sotib olgan oilalar va bunday uylarni qurayotgan pudratchilar iddaolariga munosabat bildirishni so‘rab, "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi bosh direktori Qudratbek Hoshimbekov qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildi.
Birinchi qo‘ng‘iroqqa o‘zining direktor yordamchisi ekanini aytib javob bergan erkak xodim¸ Ozodlik nomini eshitishi bilan go‘shakni ilib qo‘ydi.
Bir necha urinishdan so‘ng¸ ayni nomerga javob bergan ayol¸ o‘zining kotiba ekanini aytib¸ uzoq maslahatlashuvdan so‘ng¸ go‘shakni o‘zini "kompaniya mutaxassisi" deb tanishtirgan erkak kishiga uzatdi.
Avvaliga savollarni kompaniya saytida berilgan elektron manzilga yozma shaklda yuborish lozimligi va bu savollar shundan keyingina ko‘rib chiqilishini aytgan bu "mutaxassis"¸ pudratchi va uy egalarining "Qishloq qurilish invest" qurayotgan arzon deyilgan uylar narxining turli sxemalar orqali sun’iy ravishda bir necha baravar qimmatga qurilayotgani haqidagi ayblovini eshitib¸ “bunaqa bema’ni gaplarga javob berishga vaqtim yo‘q” deya go‘shakni tashlab yubordi.
Kompaniya rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ 2017 yilgi davlat dasturiga muvofiq O‘zbekistom hududida "barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 15 mingta yangi uy-joylar bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan".
2018 yili qancha uyning¸ qaysi narxda qurilgani oid ma’lumot kompaniya saytida yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 3 avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1167-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan "Qishloq qurilish invest" kompaniyasi, rasmiy ma’lumotda yozilishicha¸ qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishida buyurtmachi vazifasini bajaradi.