Istanbul meriyasi 300 mingdan ortiq qarovsiz it-mushukka g‘amxo‘rlik qilmoqda

Turkiya shaharlari ko‘chalarida qarovsiz 130 mingga yaqin it va 165 mingga yaqin mushuk​ bor. Endilikda Istanbul shahri rasmiylari ularning sog‘lig‘ini yaxshilash uchun choralar ko‘rmoqda.

Shaharda mobil Vebus klinikasi ishga tushgan bo‘lib, ushbu o‘ziga xos klinika shahar mahallalarini aylanib yuradi.

Istanbullik veterinar Nihan Dinjer:

- Odamlar odatda o‘zlari qaraydigan hayvonlarni olib kelib, parazitlarga qarshi davolatishadi. Hayvonlar bilan doimiy aloqada bo‘lishgani uchun, bu bilan o‘zlarini ham himoya qilishadi, - dedi.

Turkiyada XX asr boshlarida g‘arb davlatlaridagi kabi hayvonlarni yo‘q ilish siyosati olib borilgan. Ammo 2004 yilda qabul qilingan qonun shahar hokimliklari zimmasiga ko‘cha hayvonlariga qarash vazifasini yukladi.

Istanbulda mobil klinikadan tashqari oltita hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash markazi bor.

Rasmiylar ko‘chada yashaydigan 130 mingga yaqin it va 165 mingga yaqin mushukni emlashni rejalashtirmoqda.

Emlash davomida hayvonlarga mikrochip o‘rnatiladi va buning ortidan ular topilgan yerlariga qayta olib boriladi.

2018 yilda 73 608 hayvonga qaralgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yildan beri Istanbulda birorta ham qarovsiz it yoki mushuk quturmagan.

Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli so‘zlariga ko‘ra, hukumat 2009-18 yillarda ko‘cha hayvonlariga qarash uchun Turkiya shaharlariga taxminan 6 million dollar ajratgan.

Shahar atrofida yashaydigan itlar uchun har kuni maxsus avtomobillarda o‘rtacha bir tonna yegulik tarqatiladi. Avtomobil signali ovozini eshitgan itlar uni quvonch bilan kutib oladi.

Veterinarlar ko‘cha itlari soni haddan tashqari ko‘payib ketmasligi uchun ularni sterilizatsiya qilib turishadi. Ammo bunga qaramasdan, Istanbulda ko‘cha itlari soni keyingi yillarda o‘zgarmagan.