Xodimlarini "eshakka zo‘rlatish" bilan tahdid qilgan mulozim ogohlantirish oldi

Xodimlarni sazoyi qilayotgan mulozim (Eltuz.com)

O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarkand viloyati Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Azamat Ashurov o‘z xodimlarini haqorat qilgani sababli tuman hokimligi tarafidan 4 mart kuni ogohlantirildi.

O‘tgan hafta Azamat Ashurovning Pensiya jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi xodimlarini majlis paytida haqorat qilgani yozilgan audio fayl Ozodlikka kelib tushgan edi.

Bir soatdan ortiq audio faylda Azamat Ashurov o‘z xodimlarini tahqirlovchi va uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani eshitiladi.

Ozodlik tasarrufidagi audioyozuvda Azamat Ashurov o‘z xodimlarini “Orqa teshigini bolta bilan ayirib tashlash” "Eshak bilan jinsiy aloqa qilish” kabi o‘zbek tili lug‘atida bo‘lmagan so‘zlar bilan haqorat qiladi.

Shuningdek, Azamat Ashurov xodimlardan biriga qarab “Sen Dubayga borib s.... (falon qildirib) kelgan kelinchakka o‘xshaysan," deb sazoyi qiladi.

Ozodlik suhbatlashgan Pensiya jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi xodimlari bunday haqoratlar doimiy tus olganini aytdi.

Xodimlardan birining ismi sir qolish sharti bilan aytishicha olamdan o‘tkan onasini so‘kkani jon - jonidan o‘tib ketgan:

- Azamat Ashurov xodimlarni faqat xaqorat qiladi. Ishlab bo‘lmayapti. Iltimos yordam beringlar, bu xaqoratlar bois yerga kirib ketdik. Har kuni shunaqa xaqorat. O‘lib ketgan onamni so‘kkani og‘ir botdi¸ deydi xodim.

Ozodlik bu shikoyat ortidan Urgut tuman hokimligi bilan bog‘landi.

O‘zini hokim yordamchisi deb tanishtirgan mulozim Azamat Ashurov o‘z xodimlarini haqorat qilgani uchun jiddiy ogohlantirilgani va bundan buyon Ashuriv xushmuomala bo‘lishi haqida va’da berdi:

- Uni jiddiiy ogohlantirdik. Boshqa so‘kinmaydi endi. O‘zi ishchan va tirishqoq xodim. Ozgina tiliga erk bergan bo‘lsa ish yuzasidan qilgan¸ dedi hokim yordamchisi.

Ozodlik Pensiya jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi xodimlari shikoyati yuzasidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi rahbariyati bilan bog‘landi.

Vazirlik xodimi Azamat Ashurov so‘kingani yozilgan audio fayl vazirlikda mavjudligi va bu audio yozuv xodimlar bo‘limi tarafidan o‘rganilayotganligini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi xodimlar bo‘limi boshlig‘i Azamat Ashurovning o‘z xodimlarini haqorat qilgani masalasi muhokamada ekanligini bildirish bilan kifoyalandi.

Uning aytishicha¸ “xodimlarni uyatsiz gaplar bilan haqorat qilish jiddiy chora ko‘rilishini talab qiladigan” holat:

- Holbuki Ashurov bilan va boshqa xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazilib xodimlar va mijozlar bilan xushmuomala bo‘lish alohida uqtirilgan. Respublika tashkiloti o‘z xodimlarining qo‘pollik qilgani masalasini tashlab qo‘ymaydi. Aybdorga jiddiy chora ko‘riladi¸ dedi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi xodimlar bo‘limi boshlig‘i Ozodlik bilan suhbatda.

Mulozimlarning o‘z qo‘l ostidagilo‘arni haqorat qilgani va kaltaklagani borasida Ozodlik qator maqolalar e’lon qilgan.

O‘tgan oy Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Qo‘ng‘irot Erdavlat Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari Abduvaqqos Aliqulov tuman hokimi va muovini uni kaltaklagani haqida shikoyat qilgan edi.

Ozodlik o‘tgan yiliu Namangan viloyati Uychi tumani MIB boshlig‘i Sherali Mamarizaevning qo‘l ostidagi xodimlarini “k...t, xezalak, blyad, tvar, haromi” kabi so‘zlar bilan haqorat qilib, shaxsini tahqirlagani haqida xabar bergan edi.

Ozodlik maqolasidan so‘ng ikki hafta o‘tib, Sherali Mamarizaev o‘z vazifasidan bo‘shatilgan edi.