Qashqadaryo IIB: G‘uzorda o‘quvchi kaltaklangani qaydga olindi

Sinfdoshi tomonidan kaltaklangan Asror Toshmurodov

Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Asrorbek Toshmurodov dars paytida boshqa o‘quvchi tarafidan kaltaklanib kasalxonaga yotqizilgani haqidagi Ozodlik maqolasiga Qashqadarë IIB dan munosabat keldi.

Unda aytilishicha, Qashqadaryo IIB Asrorbek Toshmurodov bilan bog‘liq voqeani rasmiy qayddan o‘tkazgan. Ozodlik 14 may kuni Asrorbekning onasining aytganlariga tayanib, uning o‘g‘li bilan bog‘liq voqeaga IIB xodimlari befarq qolayotgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Qashqadaryo IIB rasmiy maktubida Ozodlikda yoritilgan maqola bevosita Qashqadaryo viloyat IIB tomonidan o‘rganilgani, unda ba’zi noaniqliklar mavjudligi aniqlangani bildirilgan.

Maqolada kaltaklangan o‘quvchining onasining so‘zlari keltirilib, maktab direktori onani voqea yuzasidan yozgan shikoyat arizasini qaytib olishga majbur qilgani aytiladi.

IIB maktubida bu holatga aniqlik kiritiladi:

“Maqolada haqiqatdan ham bo‘lgan bu voqea aniq bayon etilmaganligi aniqlandi. 2019 yil 1 may kuni G‘uzor tuman markaziy shifoxonasi tomonidan G‘uzor tuman IIBning Navbatchilik qismiga berilgan xabarga ko‘ra, G‘uzor tuman 1-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi voyaga yetmagan Toshmurodov Asrorbek tan jarohati olib kasalxonaga tushganligi haqida xabar berilgan.

Mazkur xabar olinishi bilan shu kunning o‘zida kasalxonaga G‘uzor tuman IIBning mas’ul xodimlaridan iborat guruh tekshirish uchun yuborilib, berilgan xabar tasdiqlangan va bu holat belgilangan tartibda “Jinoyat va hodisalarni qayd etish kitobiga” ro‘yxatga olingan.

Shu bilan birga shu kuni A.Toshmurodovning onasi To‘raqulova Lobar ham tuman prokuraturasining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan va bu qo‘ng‘iroq ham prokuraturada ro‘yxatga olingan.

Sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida hodisa joyi G‘uzor tuman IIB hodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgan.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv bosqichida L.To‘raqulova o‘g‘li voyaga yetmagan A.Toshmurodovni tibbiy ekspertizadan o‘tkazmasligini ma’lum qilgan va bu holat tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Ish tafsiloti bo‘yicha hodisa shohidlari, maktab ma’muriyati va boshqa bir qator shaxslardan tushuntirish xatlar olingan.

Ish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilishini xolisligi va to‘liqligini ta’minlash maqsadida ish hujjatlari tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Tergovga qadar tekshirish bosqichida L.To‘raqulova bilan o‘tkazilgan tushuntirishlar natijasiga ko‘ra, uning o‘g‘li A.Toshmurodov tibbiy ekspertizadan o‘tkazilishi ta’minlangan”, deyiladi maktubda.

Ayni maktubda tergovgacha surishtiruv bo‘lgani aytilgan bo‘lsa ham kaltaklash yuzasidan ish tergovga oshgan yoki oshmaganiga oid ma’lumot yo‘q.

Maktabda kaltaklangan Asror Toshmurodov

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik G‘uzor tumanidagi 1-maktabning ayrim o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suhbatlashib¸ 1 may kuni yuz bergan janjal tafsilotlarini aniqladi. Kaltaklangani ortidan kasalxonaga tushgan Asrorbekning Ozodlikka aytishicha¸ u maktabdoshi Sardor Mavlonov tarafidan asossiz va ayovsiz kaltaklangan:

- Darsdan aldab olib chiqib¸ maktab teplitsasining yoniga olib borib yuzimga bir musht solganida¸ burnimdan tirqirab qon ketib yiqildim. Hushimga kelsam¸ G‘uzordagi kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida yotibman¸ degan edi Ozodlik bilan 14 may kuni gaplashgan o‘quvchi.

Uni kaltaklagan Sardor Mavlonov yaqinlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda mojaro Sardorning singlisi bilan bog‘liqligini aytib berdi:

- Asrorbek zinadan chiqayotgan paytda Sardorning singlisiga tegajog‘liq qilgan. Singlisi yig‘lab¸ akasiga aytgan. Akasi kachok bola. Trenirovka qilib¸ sport bilan shug‘ullanadi. Shartta borib Asrorni urib tashlagan. U achchiq ustida qattiqroq urib qo‘yganidan pushaymon¸ deydi Sardor yaqinlaridan biri.

Kaltaklangan bola esa hech kimga tegajog‘lik qilmaganini aytadi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan 10-sinf o‘quvchilaridan biri ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka voqeaning boshqacha bo‘lganini aytadi.

"Sardor sinfga kirib¸ "Asror qani"¸ deb so‘radi. Keyin Asrorning yelkasiga qo‘lini qo‘yib¸ olib chiqib ketdi. Asror kelavermagach¸ ortidan chiqdim. Borsam parnikning oldida qoniga belanib yotibdi. Sardor uni shu holida ham tepkilayotgan edi. Borib ajratdik. "Tez yordam" kelib olib ketdi"¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan rentgen tasvirlari ilova qilingan tibbiy xulosada “Toshmurodov bosh miya chanog‘i¸ ko‘z osti suyagi va burni sinib¸ jiddiy jarohat olganligi” qayd qilingan.

Sinfdoshi tomonidan kaltaklangan Asror Toshmurodovning bosh chanog‘i shikastlanganiga oid rentgen surat

"Maktab nomiga dog‘ tushmasin¸ deya bosti-bosti qilishdi"

Kaltaklangan Asrorning Ozodlikka aytishicha, kasalxonada yotgan ilk kunidayoq sinf rahbari kelib¸" onang arizasini qaytib olsin" deb bosim qilgan.

- Men kasalxonada yotganimda o‘qituvchilarim kelib tezroq kasalxonadan chiq. Ko‘p yotib qolsang jinoiy ish ochilib¸ bizga yomon bo‘ladi¸ deyishdi. Onangga ayt¸ arizasini qaytib olsin¸ deb tayinlashdi¸ deydi kaltaklangan o‘quvchi.

G‘uzordagi maktab

Kaltaklangan bolaning onasi Lobar To‘raqulova Ozodlik bilan suhbatda maktab direktori qattiq bosim qilgani bois arizasini qaytib olishga majbur bo‘lganligini aytadi:

- Qattiq bosim qildi menga maktab direktori. Bolam reanimatsiyada yotgan paytida bu bosimga chiday olmay arizamni qaytarib oldim. Men maktab direktorining bu ishni bosti-bosti qilganidan noroziman. Mayli¸ bolalar o‘zaro urishadi. Lekin nega mansabdan ayrilaman¸ deb ishni yopib yubordi. Men bu yuzadan prokurorga ham¸ prezident portaliga ham shikoyat qilaman¸ degan edi kaltaklangan bolaning onasi.