Janubiy Koreyada pichoqlab o‘ldirilgan o‘zbek muhojiri jasadi Urgutga keltiriladi

Janubiy Koreyada rasman 32 ming o‘zbekistonlik ishlab keladi

Janubiy Koreyada o‘z hamqishlog‘i tomonidan pichoqlangan mehnat muhojirining jasadi 5 avgust kuni Toshkentga keltiriladi. Guvohlarga ko‘ra, 41 yashar urgutlik Rashid To‘rayevni o‘ldirganlikda gumonlanib, uning hamqishlog‘i qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, qotillikda gumonlangan o‘zbekistonlik Seul aeroportining hojatxonasi orqali mamlakatdan qochmoqchi bo‘lgan payti qo‘lga olingan. ​

Joriy yilning 5 avgust kuni Janubiy Koreyadan Toshkent orqali Samarqandga o‘z qishloqdoshi tomonidan o‘ldirilgan 42 yashar Rashid To‘rayev jasadi olib kelinmoqda.

Ozodlikka bu xabarni tasdiqlagan marhumning tanishlaridan biriga ko‘ra, Rashid To‘rayev 6 avgust kuni o‘zi tavallud topgan Murodqishloqda dafn etiladi.

Uning aytishicha, Seul shahri atrofidagi kema sozlovchi doklardan birida ishlab kelgan Rashidni o‘ldirganlikda gumonlanib, S.S. ismli uning qo‘shnisi mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

- 1973 yilgi S. bilan Rashid gashtakda o‘tirishib, birga chiqib ketishgan. Janjal maishiy sababga ko‘ra bo‘lgan, deyishayapti. Ular gapda spirtli ichimlik ham ichgan ekan. Rashid o‘zi oldin harbiy bo‘lgan, shu ichkilik orqasidan haydalib ketgandi: ichsa janjal qiladigan odati bor edi. Koreyaga jeton o‘ynab, birja orqali ketuvdi ishlagani. Uchta mayda-mayda bolasi yetim qoldi. Bugun o‘likni kechasi Toshkentga otpuskaga kelayotgan hamqishlog‘i olib kelyapti, dedi u.

Bundan oldinroq Janubiy Koreyaning Kyongbuk viloyatida 1 avgust kuni o‘z vatandoshini o‘ldirgan o‘zbekistonlik qamoqqa olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, 1 avgustga o‘tar kechasi O‘zbekiston fuqarolari R.T., va S.S., o‘zaro janjallashib qolgan. Janjal oqibatida R.T., jarohat olgan va vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Xabarda aytilishicha, Koreya aeroportining hojatxonasi orqali mamlakatdan qochishga uringan S.S., qo‘lga olindi.

“Elchixona mazkur vaziyatni nazoratga olgan va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vakillari bilan hamkorlikda marhumning jasadini vatanga yuborish bo‘yicha konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda”, deyiladi Tashqi ishlar rasmiy ma’lumotida.

Ozodlik bilan suhbatlashgan urgutlikning aytishicha, bu ikki muhojir o‘rtasidagi janjal bir qishloqda yashovchi yigitlarning gap-gashtagi paytida kelib chiqqan va bolani hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lgan.

"Ular Rashidning pichoqlanganiga e’tibor berishmagan, unga ishonishmagan boshida. Keyin qon kelayotganini ko‘rib, tez yordam chaqirishgan. Ungacha uni ishi pishib bo‘lgan – qon ko‘p ketib qolgan ekan," dedi hodisa tafsilotlaridan xabardor shaxs.

Muhojir yigit Samarqand viloyati Urgut tumani Murodqishloq fuqarolar yig‘inida yashab kelgan.

Janubiy Koreyada ishlayotgan urgutliklarga ko‘ra, hibsga olingan 42 yashar S.S. hozirda politsiya hibsxonasida qolmoqda.

Ular qotillikda gumonlangan yigitning Janubiy Koreyada nolegal tarzda 10 yildan ortiq vaqt davomida yashab kelayotganini aytdi.

Ismini oshkor qilmagan o‘zbekistonlik Murodqishloqning o‘zidan Janubiy Koreyaning turli hududlarida 14 nafar shaxs mehnat muhojiratida yurganini bildirdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Murodqishloqliklar Koreyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qurilish va zavod-fabrikalarda ishlashmoqda.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, o‘tgan yillar davomida Janubiy Koreyada 31 628 nafar o‘zbekistonlik ish bilan ta’minlangan.