Eronning mashhur teleseriali shoh davrini eslatgan sahnalari uchun tanqid qilindi

“Poytaxt-6” yakunlovchi epizodi kadrlaridan birida kelin-kuyov Eron shimolidagi Mozandaron viloyati yo‘llarida mototsikl haydaydi. O‘sha sahna ko‘pchilikning yodiga 1975 yili tasvirga olingan “Hamsafar” romantik dramasining hammaga yoqib qolgan sahnasini yodga soladi.

Yaqin vaqtlarga qadar Eron televideniyesining “Poytaxt” teleseriali davlat siyosatini, jumladan, Tehronning Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlagani uchun maqtalib kelayotgan edi. Bu serial odatda ermak axtarib, sun’iy yo‘ldosh orqali uzatilayotgan telekanallarni tomosha qiladiganlarni ham jalb etayotgan edi.

Biroq Eronning qattiq siyosat tarafdorlari yaqinda “Poytaxt” teleseriali mualliflarini mamlakat dushmanlari ta’siriga tushib, axloqsiz sahnalarni suratga olganlikda aybladi. Tanqidchilar fikricha, hozirgi teokratik hokimiyat taqiqlayotgan o‘sha sahnalar inqilobdan oldingi - shoh hokimiyati davridagi mashhur tomoshalarga o‘xshab ketadi.

Tanqiddan so‘ng davlat nazoratidagi televideniye rahbari Abdulali Ali Asgariy shubhali sahna ortida “xato yoki sovuqqonlik” va yoki nomsiz dushmanning “maxfiy amaliyoti” bor-yo‘qligini tekshirib, aniqlashni buyurdi.

“Bundan xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralar ko‘rilishi kutilmoqda”, dedi Asgariy o‘rinbosariga yozgan va Eron axborot vositalari iqtibos keltirgan xatida. Xatda “qoidabuzarlar”ga qarshi choralar ko‘rilishiga va’da berilgan.

So‘nggi 10 yilga yaqin vaqtdan beri 6 ta mavsumi tomoshabinlar hukmiga havola etilgan komediya seriyalarida mamlakat shimolidagi shaharchadan poytaxt Eronga ko‘chib kelgan oila haqida hikoya qilinadi.

Bu serial qattiq senzura qilinadigan davlat telekanalida tasvirga olingan. Serialni qattiq siyosat tarafdorlari va Islom inqilobi soqchilari korpusiga (IISK) aloqasi bo‘lgan Owj Media kompaniyasi nazorat qiladi.

“Poytaxt-6” teleserialining yaqinda efirga uzatilgan so‘nggi epizodida kelin-kuyov Eron shimolidagi Mozandaron viloyati yo‘llarida mototsikl haydaydi.

O‘sha sahna 1969 yilgi Islom inqilobidan oldin tayyorlangan ko‘plab ko‘rsatuvlar, jumladan, 1975 yili ekranlarga chiqqan “Hamsafar” romantik dramasini yodga soladi. Unda mamlakatning juda ko‘plab mashhur kishilari: estrada xonandasi Gugush va aktyor Behruz Vusuqiy rol o‘ynagan edi. Ayni damda ikkovi ham quvg‘inda yashaydi.

“Hamsafar”dagi o‘sha mashhur kadrda Gugush bilan Vusuqiy shimolga sayohat qilgandan so‘ng Tehronga mototsiklda qaytayotgani tasvirlangan.

Fararu.ir saytining yaqindagi xabarida aytilishicha, tanqidchilar nazdida, bunday o‘xshashlikni “kechirib bo‘lmaydi”.

Qudratli IISKga tegishli axborot vositalarida ham tanqidiy fikrlar bildirildi.

IISKga aloqador “Javon” radiosi vebsaytida yozilishicha, “Hamsafar” filmi juma kuni tushdan so‘ng Londonda joylashgan “Manoto” telekanali orqali namoyish etilgan. O‘sha kuni kechqurun davlat televideniyesining birinchi kanali “Poytaxt” teleserialini va (inqilobdan oldin xit bo‘lgan) “Amerika mamlakati”ni ko‘rsatgan.

‒ Qanday qilib aksilinqilobiy telekanal davlat televideniyesi bilan ishini bu qadar muvofiqlashtirishi mumkin? – deya savol beradi “Javon” xodimi.

Boshqalar “Poytaxt” serialini er-xotin to‘shagini ko‘rsatgani uchun tanqid qildi.

Eron ommaviy axborot vositalari Yaqin Sharqda koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatida so‘nggi paytlarda “Poytaxt” yuzasidan ro‘y bergan bahslar sabab teleserialning kelgusi epizodlari tasvirga olinib, efirga uzatilishi ortga surilishi mumkinligini yozmoqda.