AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken, Xitoyga safari chog‘ida ikki tomonlama kelishmovchiliklarni xal qilish masalasiga “mas’uliyat bilan yondashuv” muhimligini ta’kidlagan holda, 26-aprel kuni XXR raisi Si Szinpin hamda boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashgan. Bu haqda Associated Press xabar qildi.
Agentlik qaydicha, AQSH va Xitoy o‘rtasida bordi-keldi so‘nggi oylarda ko‘paygan, biroq bu orada o‘zaro kelishmovchiliklar ham kuchaygan. Blinkenga ko‘ra, Si bilan suhbat chog‘ida u Xitoy Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiyani dastaklayotgani yuzasidan xavotir izhor qilgan. Xususan, Blinken Pekin Moskvaga Rossiya rasmiylari o‘z harbiy imkoniyatlarini kuchaytirishda foydalanishlari mumkin bo‘lgan dastgoh va mikroelektronika doxil materiallar yetkazib berilayotganiga e’tibor qaratgan.
“Rossiya uchun Xitoy qo‘llovisiz Ukraina bosqinini davom ettirishi qiyin bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Blinken Si bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatlashgan Entoni Blinken.
Pekindagi muzokaralarda AQSH Davlat kotibi Tayvan muammosi, XXRning Janubiy Xitoy dengizidagi harbiy faolligi hamda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga ham to‘xtalgan.
Shu bilan birga, Blinken harbiy aloqalar, narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha urinishlar, sun’iy intellekt va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni ijobiy baholagan, deb yozgan AP.
Entoni Blinkenning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi oldidan Financial Times nashri o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, AQSH Davlat kotibi Xitoy safari chog‘ida, agar XXR Rossiyaga harbiy texnologiya yetkazib berishdan voz kechmasa, Pekinni ayovsiz sanksiyalar kutib turganidan ogohlantirajagi haqida yozgan edi.
Rossiya prezident Vladimir Putin 25-aprel kuni shu yilning may oyida XXRga safar qilishi rejalanganini bildirgan.
Kiyevning ittifoqchilari Xitoy Rossiyaga harbiy texnologiyalar yetkazib berayotgani va Moskva ulardan Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgani haqida bir necha bor bayonot berishgan. Moskva va Pekin bunga doir barcha ayblovlarni rad etib keladi.