AQSHga borish istagidagi o‘zbekistonlik aldov qurboni bo‘ldi

Illyustrativ surat

Toshkent shahri Uchtepa tumanida fuqarodan firib yo‘li bilan 20 ming dollar olgan shaxslar ushlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tezkor tadbirda fuqaro S.G‘. fuqaro D.S.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali AQSHga yuborishi va u yerda ish bilan ta’minlashi evaziga tanishi A.A. orqali 20 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Matbuot O‘zbekistondan AQSHga noqonuniy borish bilan bog‘liq firibgarliklar haqida tez-tez xabar berishiga qaramay, bunday holatlar ko‘p qayd etilmoqda. Masalan, yanvar oyida Chilonzor tumanida ham AQSHga ishga yuborish va’dasi bilan fuqarodan 40 ming dollar olgan shaxs ushlangandi.

AQSHning Toshkentdagi elchixonasi ham Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy ravishda kirishga urinayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu harakatdan tiyilib, qonuniy yo‘llardan foydalanishga undab keladi.

Ozodlik avvalroq Meksika va AQSH chegarasidagi deportatsiya markazida Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan ko‘plab muhojirlar saqlanayotganiga e’tibor qaratgandi.

So‘nggi yillarda Qo‘shma Shtatlardan o‘zbekistonlik noqonuniy muhojirlarni badarg‘a qilish holatlari ko‘paygan. Jumladan, AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrigacha O‘zbekistonga 572 kishini deportatsiya qilgan.

AQSHda yashab kelayotgan yana 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida majburan chiqarib yuborilishi mumkin.