BP: To‘qqiz oyda 2,4 trln so‘mlik kredit talon-toroj qilindi

O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyi mobaynida 2,4 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov 18-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan brifingda.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlar yuzasidan bank va mijoz korxonalar rahbarlariga nisbatan 791 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, prokuratura organlarining aralashuvi bilan kredit qarzdorliklarning 10,9 trillion so‘mi undirilgan, 8,9 trillion so‘mlik kreditlar bo‘yicha garovdagi mulklarning sotuvga chiqarilishi ta’minlangan, 1,5 trillion so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdorlarning ish haqiga qaratilgan.

BP ma’lumotiga ko‘ra, yanvar–sentyabr oylari mobaynida aniqlangan ish haqi va nafaqa pulining talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 63 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mamlakatda amaldorlarning pora olish jinoyati kamaygani holda, byudjet pullarini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlari ko‘payganini aytgandi.