Japarov: Qirg‘izistonda 5-6 milliarder va 200 millioner bor

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda 5-6 nafar milliarder (tasarrufida kamida 1 mlrd AQSH dollariga teng mol-mulk bo‘lgan shaxslar nazarda tutilmoqda - tahr.) va 200 ga yaqin millioner borligini, ularning aksariyati pullarini xorijdagi ofshorlarda saqlashini bildirdi. Bu haqda u davlatga qarashli “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida aytgan.

Aynan shu sababli biz legallashtirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganmiz. Biroq haligacha ular o‘z pullarini mamlakatga to‘liq qaytarganlari yo‘q. Ular orasida mablag‘larining bir qismini qaytarib olib kelib, qurilish sohasiga sarmoya kiritganlar bor”, degan Japarov tadbirkorlarni yana bir marta o‘z mablag‘larini mamlakat taraqqiyoti uchun sarflashdan qo‘rqmaslikka chaqirdi.

Prezidentga ko‘ra, Qirg‘iziston rasmiylari iqtisodiyot va davlat uchun foydali bo‘lgan barcha loyihalarni, bunday tashabbus kimdan chiqishidan qat’i nazar, qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

2024-yil fevralida Japarov “badavlat fuqarolar”ga murojaat qilib, ularni chet eldagi mol-mulk va mablag‘larni legallashtirish uchun mamlakatda qabul qilingan qonundan foydalanishga chaqirgan edi. Bunga misol o‘laroq Japarov o‘zning 20 million dollarga teng mol-mulkini legallashtirganini bildirgan. U mazkur qonundan iste’foda etgan holda, Bishkekdagi Ibraimov ko‘chasida 2005-yildan 2010-yilgacha qurilgan binoni mashru’lashtirganini qayd etgan.

Bu yerda gap Qirg‘iziston prezidenti tomonidan 2023-yil iyunida imzolangan “Jismoniy shaxslarning mol-mulkini ixtiyoriy ravishda legallashtirish va amnistiya qilish to‘g‘risida”gi qonun haqida bormoqda. Avvalroq mamlakat rasmiylari ushbu hujjatdan maqsad “jismoniy shaxslarning mol-mulki va daromadlarini ixtiyoriy ravishda deklaratsiya qilishning huquqiy mexanizmini yaratish orqali qonuniy iqtisodiy muomalaga jalb qilish” ekanini urg‘ulashgan.

Qonun qabul qilinganidan bir yil o‘tgach, Qirg‘iziston parlamenti mazkur qonunga tuzatishlarni ma’qullab, aktivlarni legallashtirish muddatini 2024-yil oxirigacha uzaytirib bergan edi.