Azamat Sarsenboyev Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Aqtau shahridan.
“O‘n yil oldin mana bu xarsangtoshlargacha 200 metr suzardik. Hozir esa o‘sha toshlar ustida turibmiz", - deydi u Ozodlik radiosining qozoq xizmatiga bergan intervyusida.
Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Rossiya va Turkmanistonga tutash Kaspiy dengizi qisqarib bormoqda.
Kaspiy dengizining Qozog‘istondagi qismi eng sayoz bo‘lganligi sababli, qozoq rasmiylari tabiiy hodisaning og‘ir oqibatlariga qarshi kurashyapti.
Shu yoz boshida Aqtauda qirg‘oqning o‘zgarishi tufayli favqulodda holat joriy qilindi.
Qozog‘iston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Zulfiya Sulaymenova muammo ko‘lamini tan olib, “iqlim o‘zgarishi va ko‘lga quyiladigan Volga va Ural daryolaridan suv oqimi qisqarishi bunga asosiy sabab ekanini bildirdi.
Azamat Sarsenboyev Qozog‘iston suvdan unumli foydalanishi kerakligini aytar ekan, Volga va Ural daryolarining Rossiyadagi yuqori oqimi bo‘ylab ko‘plab to‘g‘on va boshqa sanoat obyektlari qurilishi Qozog‘iston uchun katta muammo tug‘dirayotganini ta’kidlaydi.
Mutaxassislar Kaspiyning oxirgi qisqarish bosqichi taxminan 2005-yildan boshlanganini aytadi.
Britaniyaning Nature ilmiy jurnali 2100-yilga borib Kaspiy dengizi sathi 9-18 metrga qadar pasayishini prognoz qildi.
Aqtau, Kaspiy dengizi qirg‘og‘i
2020-yilda chop etilgan ilmiy maqolada esa, suv sathi pasayishi Kaspiy dengizi bug‘lanishining sezilarli darajada oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu daryo oqimi yoki yog‘ingarchilik ko‘payishi bilan muvozanatlashmasligi aytiladi.
Kaspiy dengizidagi suv sathi pasayishi "o‘rta yo‘lak" deb ataladigan markaziy dengiz portlari – Rossiyani chetlab o‘tuvchi Kaspiy savdo yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi.
Ukraina urushi sababli Qozog‘istonning Aqtau va Quriq portlariga talab ortdi. Negaki yuk jo‘natuvchilar xalqaro sanksiyalar tufayli Rossiya orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarga muqobil yo‘l izlamoqda.
Qozog‘iston o‘z neftini xalqaro bozorga olib chiqishda foydalanadigan Rossiyaning Novorossiysk-2 dengiz terminaliga qaramlikni kamaytirish uchun Kaspiy orqali neft eksportini imkon qadar ko‘paytirishga intilmoqda.
-"Biroq suvning sayozligi neft tashuvchi tankerlar harakatlanishiga ta’sir qila boshlagan",- deydi Aqtau porti direktori Abay Turikpenboyev.
Turikpenboyev 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarigacha portdagi suv sathi 30 santimetrga pasayganini aytdi. Bu so‘nggi yillardagi o‘rtacha 5-10 santimetrlik ko‘rsatkichdan ancha ko‘p.
Aqtaudan 70 kilometr uzoqlikdagi Quriq portida muammo unchalik dolzarb emas.
Shunga qaramay, Quriq port direktori Serik Axmetov port allaqachon eng yomon ssenariyga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytadi.
“Dengiz tiklanadi, degan prognozlar bor. Buning aksini ham aytishmoqda. Ammo biz o‘tirib, kuta olmaymiz. Ayni damda Belgiya va Gretsiyaning chuqur qazuvchi kompaniyalari bilan muzokaralar olib boryapmiz” -, dedi Axmetov.
Olimlar Kaspiy dengizining qurishi besh qirg‘oqbo‘yi davlati va butun mintaqaga katta ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ta’sir ko‘rsatishini aytmoqda.
Bir paytlar dunyodagi eng yirik dengizlardan biri hisoblangan Orol dengizi taqdiri bunga yorqin misoldir.
Sovet Ittifoqining Markaziy Osiyodagi paxtachilik siyosati natijasida yuzaga kelgan Orol fojiasi qozoq va o‘zbeklar uchun qimmatga tushmoqda.
Ko‘lning qurigan qismlaridan ko‘tarilgan tuzli chang bo‘ronlari, Turkmanistondagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini ham sho‘rlantirmoqda.
Ammo Kaspiy dengizi qisqarishi ta’sir darajasi, vaqti va tabiati besh davlatda turlicha bo‘ladi. Bu esa birgalikda harakat qilishni qiyinlashtiradi.
Kaspiy dengizi oqimining qariyb 80 foizini Volga daryosi tashkil etadi. Rossiya uchun muammo ta’siri unchalik sezilmaydi.
1930-yillarda Sovet Ittifoqini sanoatlashtirish davrida Volga bo‘ylab ko‘plab to‘g‘onlar qurilishi Kaspiy dengizi suv sathining keskin pasayishiga olib keldi. Keyinchalik kuchli yog‘ingarchiliklar sababli suv sathi tiklandi.
Qozog‘istonlik ekspertlar aytishicha, Rossiyaning yuqori oqim suvidan foydalanishni faollashtirgani Qozog‘istonning iqtisodiy jihatdan muhim Qashagan neft koni joylashgan Kaspiyning shimoli-sharqiy qismi qisqarishini tezlashtirmoqda.
Sobiq suv xo‘jaligi vaziri Narimon Qipshaqboyevning fikricha, Rossiya bilan amaldagi transchegaraviy suv taqsimoti shartnomalarni imzolagan davlat amaldorlari Kaspiy bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayapti.
“Agar Uraldan Kaspiyga har yili yetti milliard kub metr suv quyilganida, Uralning Qozog‘istondagi qismi bugungidek sayoz bo‘lmas edi”, - deydi sobiq vazir.