Mayning ferma davlatga 5,5 milliard so‘m zarar yetkazgan

Illyustrativ surat

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyatida 5,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning fermani aniqladi.

Inspeksiya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Toyloq tumanidagi Chorog‘bon MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro tijorat maqsadida 55 ta to‘plamdagi mayning qurilmasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, noqonuniy foydalanib kelgan.

"Qonunbuzarlik yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi", deyilgan xabarnomada.

So‘nggi vaqtlarda mayning faoliyati bilan bog‘liq taftishlar ko‘paygani kuzatilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida “O‘zenergoinspeksiya” noqonuniy kriptovalyuta va mayning faoliyati bilan shug‘ullanishga doir 75 ta holatni aniqlagan. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish tufayli yetkazilgan zarar 81 mlrd 604 mln so‘mga (15 mln 909 ming kilovatt-soat) baholangan.

Adliya vazirligi 2023-yil 4-oktyabr kuni mamlakatda mayning fermalari faoliyatiga ruxsat berilgani to‘g‘risida ma’lum qilgandi.

Hukumat tasdiqlagan Nizomga asosan, mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkin.