“Milton” to‘foni 10-oktyabrga o‘tar kechasi AQSHning Florida shtati g‘arbiy sohiliga yetib keldi, shundan so‘ng shamol kuchi biroz susaydi. Ayni paytda u soatiga 165 kilometr tezlikda esmoqda. AQSHdagi To‘fonlarni kuzatish milliy markazi uni ikkinchi toifaga o‘tkazdi.
Biroq “Milton” hali ham halokatli to‘fon bo‘lib qolmoqda va markaz prognoziga ko‘ra, u Atlantika okeaniga chiqib ketgunicha shunday bo‘lib qoladi.
Avvalroq tabiiy ofat natijasida kamida ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Hozirda to‘fon Floridaning sharqiy sohili tomon harakatlamoqda. Uning Leyklend, Kissimmi va Orlando shaharlari hamda Kanaveral burnidan o‘tishi kutilmoqda
AQSH Favqulodda vaziyatlar federal agentligi Dinn Krisvell Florida aholisini boshpanalarini tark etish harakatlaridan ogohlantirib, “Milton” hali ham halokatli kuchga ega ekanini ta’kidlagan.
To‘fon yaqinlashishi arafasida Floridada yashovchi besh milliondan ziyod odamga majburiy yoki tavsiyaviy evakuatsiya haqida xabarlar yo‘llangan. Tabiiy ofat hududidan ikki millionga yaqin odam ko‘chirilgan. Bu shtat tarixida eng katta evakuatsiya bo‘lgan.
O‘ninchi oktyabr tongida “Milton” tufayli 1 milliondan ko‘proq odam elektrsiz qolgan, deya xabar qildi Associated Press agentligi kommunal hisob tizimi ma’lumotiga tayangan holda.
Kecha oqshom AQSH prezidenti Jo Bayden floridalik qator mulozimlar bilan telefon orqali muloqot qilib, agar to‘fon oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha qo‘shimcha yordam kerak bo‘lsa, unga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilishni so‘ragan. Shuningdek, Bayden floridaliklarni xavfsizlik talablariga rioya qilishga chaqirgan. “Bu tom ma’noda hayot-mamot masalasi”, deya bildirgan u.
Avvalroq AQSH prezidenti Floridaga yaqinlashayotgan to‘fon tufayli Germaniyaga safarini kechiktirgan. Bayden Germaniyada “Ramshtayn” formatida Ukraina bo‘yicha muloqot guruhi uchrashuvida ishtirok etishi kerak edi.
Мавзуга алоқадор
АҚШ: Кучли довул туфайли Байден Германияга сафарини қолдирди“Milton” joriy yilda Florida hududiga yopirilgan to‘fonlarning uchinchisidir. To‘fon mavsumida bunaqa holat avval faqat besh marta kuzatilgan bo‘lib, ularning so‘nggilari 2004 va 2005 yillarda sodir bo‘lgan.
Sentyabr oyi oxirida Florida va yana boshqa bir necha shtatda kuzatilgan “Helen” to‘foni natijasida kamida 230 kishi halok bo‘lgan, sohilbo‘yi hududlarini suv bosgan, avtoyo‘llar va uylar vayron bo‘lgan, daraxtlar qulagan, ikki milliondan ziyod iste’molchi elektrsiz qolgan edi.
“Milton” va “Helen” singari to‘fonlar iqlim o‘zgarishi tufayli shiddatliroq bo‘lib bormoqda: ular yildan yilga ilib borayotgan okean suvlari bilan to‘yinib boryapti, haroratning iliqligi esa ularga namni ko‘proq ushlab turish imkonini bermoqda.