Noqonuniy kriptovalyuta savdosida ayblangan yana bir fuqaro qamaldi

Illyustrativ surat

Toshkent shahrida tegishli hujjatlarsiz kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan 26 yoshli yigit 5 sutkaga qamalgan.

Qalampir.uz nashrining sud hukmiga tayangan holda xabar qilishicha, joriy yil 7-oktyabr kuni Toshkent shahri IIBB xodimlari tomonidan “Mexc” platformasi tekshirilganda fuqaro X.T. 2023-yil boshidan buyon Redmi rusumli telefon orqali tegishli xujjatlarsiz bir necha marotaba kriptovalyuta sotib olish, boshqa shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, 16-oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida X.T. noqonuniy kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganidan pushaymonligini aytib, o‘ziga yengillik berilishini so‘ragan.

Sud X.T.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi 1-qismida (kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topgan va unga 5 sutka ma’muriy qamoq tayinlangan.

Shuningdek, uning telefoni davlat foydasiga musodara qilingan. Huquqbuzardan qamoqdagi oziq-ovqat uchun 281 ming 250 so‘m miqdorida pul undirilishi ham belgilangan.

O‘zbekistonda joriy yil 19-yanvaridan kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlik joriy etilgandi. Ushbu huquqbuzarlik uchun jarimadan tortib 5 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Joriy yil iyun oyida Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisi Telegram messenjeri orqali notkoin yig‘ib, uni 800 ming so‘mga sotgani uchun 10 sutkaga qamalgan edi. Notkoin sotganlik uchun qamoq jazosining tayinlanishi tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.