O‘zbek-qirg‘iz chegarasida yana bir yerosti yo‘li topildi

O‘zbek-qirg‘iz chegarasida o‘tgan yili topilgan yerosti yo‘llaridan biri (arxiv surati)

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatiga qarashli Novken tumanida yana bir yerosti yo‘li topilgan. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Vazirlik xabarnomasida o‘tgan hafta o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida muayyan mablag‘ evaziga odamlar va tovarlarni chegara yaqinidagi quvurdan o‘tkazish bilan shug‘ullangan 39 yoshli novkenlik K. X. ushlangani aytilgan.

Qo‘lga olingan shaxsdan ashyoviy dalil o‘laroq tunda ko‘rish durbini va belgi qo‘yilgan pullar musodara etildi. Shuningdek, chegaradan noqonuniy ravishda o‘tkazilgan tovarlar saqlanayotgan yer ham topildi”, deyilgan IIV xabarnomasida.

Vazirlik tergov doirasida novkenlik gumonlanuvchining uyida tintuv o‘tkazilgani, tintuv chog‘ida ichida psixotrop moddalar doxil 41 turdagi dori vositalari bo‘lgan 87 ta quti topilganini qo‘shimcha qilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, topilgan tovarlar qiymati 30 ming AQSH dollariga teng. Musodara etilgan dori vositalari bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayinlangan.

O‘tgan oyda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati Xonobod shahri bilan Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i kesishgan joyda ikki yashirin yerosti yo‘li aniqlangani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasida kontrabanda mahsulotlari o‘tkazib turilgani aytilgan yashirin bir necha tunnel topilgani haqida Ozodlik 2022-yilda ham xabar qilgan.