Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida 7-oktyabr kuni portlash sodir bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, dushanba kuni soat 15:45 da “Kamaz-512” mashinasidan saqlov idishiga gaz quyish vaqtida gaz-havo aralashmasining chaqnashi ro‘y bergan. Buning oqibatida yong‘in yuzaga kelgan.
Vazirlik qaydicha, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 15:56 da hodisa joyiga yetib borgan va 16:45 da yong‘inni to‘liq o‘chirgan.
Yong‘in oqibatida shoxobcha binosining tom qismi zararlangan.
FVV hodisa oqibatida jarohatlangan va vafot etganlar yo‘qligini aytgan. Yong‘in sababi va moddiy zarar ko‘lami aniqlanmoqda.
Gaz to‘ldirish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash videosi avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan edi.
O‘zbekistonda gaz to‘ldirish shoxobchalarida portlash ro‘y berishi kamyob hodisa emas. Masalan, 2023-yil 25-fevral kuni Samarqand shahridagi shoxobchada Nexia-3 mashinasiga o‘rnatilgan ballon portlab ketgan, oqibatda “zapravka” ishchisi 43 yoshli M.Z. voqea joyida vafot etgandi.