“Sizni sud va jarima kutyapti”. Qamaldagi Mariupoldan qochgan O‘zbekistonlik fuqaroning aybi nima?

Illyustrativ surat

O‘zbekiston fuqarosi va Ukraina rezidenti bo‘lmish 35 yoshli Aleksandr Kurganovskiy o‘smir yoshidan beri ota-onasi bilan Mariupolda yashar edi.

2022-yilda Rossiya armiyasi shaharni bosib olganida u boshqa minglab aholi kabi qochishga majbur bo‘ladi. Kurganovskiy osmondan yog‘ilgan bombalar dahshatini va yo‘l azoblarini boshidan kechirib, axiyri Berlinda qo‘nim topadi.

Ammo uch yil o‘tib, yangi pasport olish taraddudiga tushganida boshqa muammoga yo‘liqadi: O‘zbekiston konsulxonasi unga yordam berishni rad etib, mamlakatga qaytishni va “chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun” javob berishni tavsiya qiladi.

O‘zbekistondan Ukrainaga ko‘chish

Aleksandr Kurganovskiy Namangan shahrida tug‘ilgan. To‘rt yasharligida butun oila Toshkentga ko‘chib borib, u yerda 11 yil yashagan, keyin esa ota yurtga – Ukrainaga qaytishga qaror qilganlar.

“O‘n besh yoshimdan to urush boshlangunicha Ukrainada yashadim. U mening uyim edi. Ota tarafdan katta buvim o‘sha yerda tug‘ilgan, keyinchalik O‘zbekistonga ko‘chib borgan. Ota tomon qarindoshlarning barchasi Ukrainada yashaydi. Otam sakkiz yil oldin Ukraina fuqaroligini olgan”, tushuntiradi Aleksandr.

Oila doimiy yashash uchun xorijga jo‘nab ketganlar sifatida ro‘yxatdan o‘tib, 2004-yilning yozida yangi mamlakatga o‘rnashadi. O‘sha yili Aleksandr Ukrainada yashash ruxsatnomasi (YR) oladi (tahririyatda buni tasdiqlovchi hujjat mavjud – “Ozodlik”).

Ukraina fuqaroligiga o‘tish uchun ariza berish fursati yetganida muammo chiqadi. Aleksandr aytishicha, bunga migratsiya idorasining xatosi sabab bo‘lgan. Natijada u fuqarolikka kira olmay, yana YR (bu safar muddatsiz) olishga majbur bo‘ladi.

2022-yil boshlarida Ukraina fuqaroligini olish uchun yana bir karra urinib ko‘rishga qaror qilib, zarur barcha hujjatlarni yig‘adi.

Ammo fevralda urush boshlanadi.

Mariupol qamalda

Mariupol – Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari eng ko‘p vayron qilgan shaharlaridan biri. Bu yerda Rossiya bosqini 2022-yil 25-fevral tonggida boshlangan. 20-mayda shahar to‘liq ishg‘ol qilingan.

Human Rights Watch qaydlariga ko‘ra, Mariupolda kamida 8 ming kishi qurbon bo‘lgan, yana taxminan 350 ming kishi majburan shaharni tark etgan.

Urush boshlangan paytda Aleksandr onasi bilan birga Mariupol chekkasidagi ko‘pqavatli uyda istiqomat qilardi.

“2014-yili rossiyaparast ayirmachilar uch oy shaharni egallab turgandi, ammo iyunda “Azov” polki ularni quvib chiqargach, hayot yana iziga tushib ketgan (Rossiya qo‘llovidagi ayirmachilar Mariupolni 2014-yil 13-apreldan 13-iyungacha nazorat qilib turgan – “Ozodlik”). Shu bois odamlar 2022-yilgi urushni xiyla xotirjam kutib olishdi. Bir necha kunda hammasi joyiga tushib ketadigandek tuyuldi ularga. U yer mening uyim edi, hech qayoqqa ketishni istamasdim. Ammo 25-fevralda ruslar temir yo‘lga shikast yetkazdi, poyezdlar qatnovi to‘xtadi. 1-martda esa shahar chor tarafdan qurshovga olindi. 2-mart kuni Rossiya uchoqlari yuqori voltli elektr uzatish stansiyalarini yakson qildi”, deydi suhbatdoshimiz urushning ilk kunlarini eslab.

Shaharda elektr ta’minoti va aloqa uzilib qoladi. Bombalash avjiga chiqadi. Aleksandr va onasi xavfsizroq joyga yashirinishga qaror qiladilar.

“Onam ishlaydigan shifoxonada generator o‘rnatilgan va suv zaxira qilingan yerto‘la bor edi. 2-martdan 15-martgacha o‘sha yerto‘lada jon saqladik. Jami 50 kishi edik. Ammo juda qiyin bo‘ldi: yerto‘la isitilmas, harorat +6 atrofida edi. Kechqurunlari generatorni qo‘shib, un, achigan sut va kefirdan biror yegulik pishirardik. Suvni esa filtrlab ichardik”, hikoyasida davom etadi Aleksandr.

15-mart kuni Kurganovskiy va onasi qamaldagi shahardan chiqib olishga muvaffaq bo‘lishadi: dastlab Novaya Yalta qishlog‘iga, u yerdan – Brdyansk shahriga, undan keyin esa g‘arbga yo‘l oladilar.

“Avtobusda polga o‘tirib ketdik, dala-dashtda tunadik. Lekin hech kim noligani yo‘q – hamma tirik qolishni xohlardi. Mart oyi adog‘ida bir amallab Zaporojyega yetib oldik. Undan o‘tib Dneprga borganimizda Yevropa hujjati bor-yo‘qligidan qat’i nazar barcha qochqinlarni qabul qilayotganidan xabar topdim. Maxsus evakuatsiya poyezdiga o‘tirib, 4-aprelda Polshaga yetib keldik. Chegarachilar tekshirishdi: men o‘zbekistonlik ekanimni bilgach, hujjatimga muhr bosishdi va hamdardlik bildirib, o‘tkazib yuborishdi”, deydi Kurganovskiy.

Aleksandr bilan onasi Varshavadagi qochqinlar markazidan Berlinga jo‘natiladi. Ular hanuz Germaniya poytaxtida yashab turibdi.

Yigitcha, siz qonunni buzgansiz

O‘sha voqealardan qariyb uch yil o‘tgach, Kurganovskiylar yangi katta muammoga yo‘liqishdi.

2025-yil dekabrda Aleksandrning O‘zbekiston pasporti muddati tugaydi (hujjat 2011-yil namunasida, yashil muqovali). Amal qilish muddati tugagan pasport yangi namunadagi hujjatga almashtirilishi kerak. Qolaversa, 2021-yil yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari faqat qizil muqovali xorijga chiqish pasporti bilan chet elga borib-kelishlari mumkin.

O‘zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz yoxud muddati o‘tgan pasport bilan yashagan fuqaroga BHMning yarim baravaridan 3 baravarigacha (150 mingdan 900 ming so‘mgacha) jarima solinadi.

Kurganovskiy bu masalani hal qilish uchun Berlindagi O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qildi.

“Konsullik xodimi mendan: “Germaniyaga qanday kelib qoldingiz?” deb so‘radi. “Mariupoldan keldim, qochqinman, bir amallab kelib oldik”, dedim. Xodim: “Yo‘q, yigitcha, avval yangi pasport olib, unga pasportga Shengen vizasi yoki Polshaga vizani bostirib, undan keyin yo‘lga chiqish kerak edi”, deb e’tiroz qildi. Birinchidan, o‘sha kezlar gumanitar sabablarga ko‘ra barchani chegaradan o‘tkazishgan. Ikkinchidan, biz vahimada edik, isitma, bosh og‘riqdan sillamiz qurigandi. Ammo xodimga baribir gap uqtirolmadim. “Konsullik ro‘yxatida turmaysiz, sizga yordam rad qilinadi”, deb javob berdi”, deydi Aleksandr.

Oxir-oqibat Kurganovskiyga masalani hal qilish uchun O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasiga borishni maslahat berishdi. Chunki Aleksandr Ukrainadagi konsulxona ro‘yxatida turardi. Suhbatdoshimiz jo‘nashga tayyor bo‘lib turganida Kiyevdagi diplomatik vakolatxona xodimi bilan telefon orqali bo‘lgan suhbat hafsalasini pir qiladi.

“Mendan: “Hozir qayerdasiz?” deb so‘rashdi. “Germaniyadaman”, deb javob berdim. Yana so‘roqqa tutishdi: “Nega Germaniyada bo‘lasiz?” “Chunki qochqinman, Polshadan bu yerga keldim, Polsha hammani, jumladan O‘zbekiston fuqarolarini ham qabul qilgan”, dedim. Shunda konsulxona xodimi: “Yo‘q, yigitcha, siz O‘zbekiston Respublikasining viza rejimi va chegarani kesib o‘tish to‘g‘risidagi qonunlarini buzgansiz, chegaradan o‘tishga haqqingiz yo‘q edi, konsulxonaga murojaat qilishingiz kerak edi”, dedi. Holbuki, biz jo‘nab ketgan paytlar ko‘p mamlakatlarning konsulxonalari ishlamas, Kiyevda urush bo‘layotgan, hamma diplomatik idoralar Lvovga ko‘chib o‘tayotgan edi. Xodim aytishicha, yangi pasport olish uchun O‘zbekistonga borib-kelishim kerak emish. “Sizni kichkina sud va, ehtimol, kichkina jarima kutyapti”, dedi yana u. Nega jarima to‘layman? O‘z hayotimni saqlab qolganim uchunmi?”, deydi Aleksandr jahli chiqib.

Xullas, O‘zbekistonning Ukraina poytaxtidagi konsulligi ham Aleksandrga yordam berishdan bosh tortdi.

“Ozodlik”ning Aleksandr Kurganovskiy ishi bo‘yicha izoh olish uchun Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasi bilan bog‘lanishga urinishlari zoye ketdi. Elchixona telefonlari doim band bo‘ldi. Kiyevdagi va Berlindagi elchixonalarga yo‘llangan rasmiy so‘rovlar esa hanuz javobsiz qolmoqda.

Fransiyada joylashgan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra, Kurganovskiy voqeasi chet eldagi o‘zbekistonliklar qanchalar himoyasiz qolganini ko‘rsatadi.

“Diplomatik missiyalar xavfsizligiga tahdid soluvchi qaltis vaziyatda qolgan fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirishga majbur. Biroq O‘zbekiston, Konstitutsiya tamoyillariga zid o‘laroq, o‘z fuqarolarini muhofaza qila olmasligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi”, deydi Atayeva.

Ekspert fikricha, Yevropa chegarasini noqonuniy kesib o‘tgansan, deb Aleksandrni chalg‘itishgan. Chunki, tushuntiradi Atayeva, urush sharoitida gumanitar sabablarga ko‘ra chegaradan o‘tish – viza bilan o‘tishga tenglashtiriladi. Aleksandr voqeasida bu tashkillashtirilgan evakuatsiya bo‘lgan.

“O‘zbekiston diplomatlari Aleksandr 2022-yil fevralda Mariupolda halok bo‘lish xavfi ostida qolganini inobatga olishmagan”, deydi huquq himoyachisi.