“Sputnik” o‘rniga “Epivak”: Rossiyaliklarni aldab, foydasi shubhali vaksina bilan emlashmoqda

Rossiyaliklar COVID-19 infeksiyasiga qarshi emlash chog‘ida preparatni almashtirib qo‘yishayotganidan shikoyat qilishmoqda. O‘zini aldangan deb hisoblayotganlarning aytishicha, ulardan “Sputnik” bilan emlanishga rozilik xati olishgan, lekin amalda “EpiVakKorona” nomli boshqa preparat bilan emlashgan.

Novosibirskdagi “Vektor” ilmiy markazida yaratilgan “EpiVakKorona” vaksinasining samaradorligiga olimlar shubha bilan qarashadi, ammo asosiysi bu emas: odamlar ularning sog‘lig‘iga daxldor shunday muhim masalada ochiqcha aldashayotganini hazm qila olishmayapti.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali muxbiri shu tariqa aldangan bir necha kishi bilan suhbatlashdi.

Permlik Yana Krepisheva aynan “Sputnik” bilan emlanishga yozilgan va vaksina nomini aniq ko‘rsatib, tilxat yozib berganini aytadi. Ammo, ikkinchi dozani olish uchun kelganida unga “Epivak” urishganidan tasodifan xabar topgan. Takror emlanib bo‘lgach, hamshiradan so‘raganida, u: “Yo‘q, sizni “Sputnik” bilan emas, “Epivak” bilan emladik, birinchi dozangiz ham shundan edi”, degan javobni eshitadi.

Yana Krepisheva Sog‘liqni saqlash vazirligiga shikoyat yo‘llagan. Agarda kasalxona uni, o‘zi xohlagan “Sputnik” vaksinasi bilan qayta emlashdan bosh tortsa, qiz advokat yollab, prokuraturaga murojaat qilmoqchi.

Krepisheva bilan yuz bergan voqea yagona holat emas. Yaqinda “Novaya gazeta” hujjatda ko‘rsatilgan preparat o‘rniga boshqasi bilan emlanganini tasodifan bilib qolgan bemorlar haqida o‘z surishtiruvini e’lon qilgan edi.

Surishtiruvda aniqlanishicha, tibbiyot xodimlari “EpiVakKorona”ni bemorning yo‘llanmasiga qo‘lda yozib qo‘yishadi yoki emlashdan so‘ng “Davlat xizmatlari” portaliga qayd etishadi. Ayrim bemorlar esa ularga ikkala dozani turli preparatlarda urishganini ma’lum qilishgan, holbuki davolash protokollarida bunday qilish man etilgan.

Vaksinalar ta’sirini o‘rganish uchun jamoatchi ko‘ngillilar ochgan telegram-kanalda bu kabi o‘nlab hoyalarni o‘qish mumkin.

“EpiVakKorona” RF Sog‘liqni saqlash vazirligida 2020 - yil oktabrda ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, u haqdagi birinchi ilmiy maqola mart oyidagina paydo bo‘ldi. Shunda ham, bu singari tadqiqotlarni yoritadigan dunyoga mashhur Lancet jurnalida emas, Rossiyaning o‘zida chiqadigan “Infeksiya va immunitet” nashrida.

Eng qizig‘i shuki, mazkur jurnal ham, “Epivak”ni yaratgan “Vektor” markazi ham dori preparatlarini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan idora — “Rospotrebnadzor” (Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish xizmati — Tahr.) tuzilmasiga kiradi. Uning rahbari Anna Popova esa vaksinaning mualliflaridan biridir.

“EpiVakKorona”ning chindan samaradorligiga ko‘p olimlar ishonishmaydi.

AQShning Massachusests universiteti xodimasi, molekulyar biolog Olga Matveyevaga ko‘ra, qoidaga muvofiq, “EpiVakKorona” bilan emlashdan so‘ng 75 foiz kishida antitanachalar hosil bo‘lishi lozim bo‘lsa-da, o‘zini tekshirtirgan 100 bemorning barchasi platsebo, ya’ni kovidga nisbatan immunitet shakllanmagan guruhda qolavergan.

“Sputnik” bilan qiyoslaganda, farq yer bilan osmon qadar: “Epivak” olganidan so‘ng kasallangan, hatto uni og‘ir, jiddiy o‘pka shikastlanishlari bilan kechirayotgan bemorlar juda ko‘p”, deydi mutaxassis.

“Rospotrebnadzor” klinik sinovlarning birinchi bosqichidan so‘ng “Epivak” 100 foiz immunologik mahsuldorlik qayd etganini ma’lum qilgan edi — vaholanki, dunyoda hali hech bir vaksina bunaqa natijaga erishmagan.

“Epivak” sinovlarida qatnashgan yoki u bilan emlangan bo‘lsa-da, organizmi kovidga qarshi immunitet paydo bo‘lmaganidan norozi ko‘plab rossiyaliklar Sog‘lini saqlash vazirligiga iki marta ochiq xat yozib, mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilishgan edi. Biroq vazirlik “preparat Rossiyada tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, binobarin, uning samaradorligi va xavfsizligiga shak keltirmang”, degan mazmunda javob bergan.