25-sentyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) O‘zbekistonda parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasini boshladi.
Rasmiy bildirgiga ko‘ra, Duglas Veyk boshchiligidagi missiya Toshkentda faoliyat olib boradigan 14 nafar xalqaro ekspert va 2-oktyabrdan butun mamlakat bo‘ylab joylashtiriladigan 26 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan iborat.
Shuningdek, saylov arafasida 300 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi ham keladi.
“Missiya saylovlarning YXHT va boshqa xalqaro majburiyatlarga va demokratik saylovlar standartlariga, shuningdek, milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi”, deyiladi xabarda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Сайлов-2024: "Янгича", аммо мухолифатсиз сайлов
Qayd etilishicha, ekspertlar saylovning barcha jabhalari, jumladan, saylovdan oldingi va keyingi voqealarni diqqat bilan kuzatib boradi. Xususan, huquqiy bazaning hayotga tatbiq etilishi, saylovoldi tashviqotning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi, saylov boshqaruvi organlari faoliyati, saylovdagi nizolarni hal etish va ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalariga alohida e’tibor beriladi.
DIIHB missiyasi saylovning ertasi kuni dastlabki xulosalarni taqdim etadi. Yakuniy hisobot bir necha oy ichida jamoatchilik hukmiga havola qilinadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 27-oktyabrda o‘tkaziladi. Saylov kampaniyasiga 26-iyuldan rasman start berilgan.
DIIHB kuzatuv missiyasi o‘tgan yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum va referendumoldi jarayonlarini kuzatish uchun O‘zbekistonga kelgan edi. O‘shanda cheklangan kuzatuv missiyasi tarkibi atigi 24 kishidan iborat bo‘lgan.
YXHT missiyasi prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach o‘tkazilgan ikkita parlament hamda uchta prezident saylovlarida saylov qonunchiligi takomillashtirilgani, ammo ovoz berish jarayonlarida siyosiy raqobat kuzatilmaganini aytgan.
Tashkilot O‘zbekiston Adliya vazirligi yangi, muxolif qarashdagi faollarning siyosiy partiyaga birlashish urinishlari qarshiliklarga uchraganini tanqid qilgan.