Turkiy dunyo va slavyanlar urushi. Rossiya tarkibidagi milliy respublikalar taqdiri haqida

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ga a’zo davlatlar rahbarlari Samarqand sammitida. 11-noyabr, 2022

“Rossiya qancha zaiflashsa, tashqi dushmanlar, jumladan turkiy dunyo unga shuncha xavf soladi. Panturkizm Markaziy Osiyo va Turkiyadan asta-sekin Moskvaga tomon o‘rmalab, Rossiyaning turkiy xalqlarini o‘z ta’siriga tortmoqda”. Hozirgi vaziyatni rossiyalik ultrapatriotlar taxminan shunday chizishadi. Ular mamlakat parchalangudek bo‘lsa, bunda panturkizmning ham hissasi bo‘lishiga amin, deb yozadi rossiyalik bloger Oleg Borskiy Ozodlik rus xizmati sahifasidagi blogida.

Turkiylar birligi tarafdorlar bu iddaolarga qo‘shilishmaydi, albatta. Bugungi kunda ushbu jarayonlarni Anqara boshqaradi. Turkiya turkiy dunyoga mamlakatlararo iqtisodiy va madaniy loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish imkoniyati deb qaraydi. Hech kim yangi imperiyaga birlashmoqchi emas. Biroq Vladimir Putin davrida Rossiyaning turkiy bo‘lgalari xalqaro hamkorlik tizimlaridan butkul uzoqlashtirilishi turkiylar birligi tarafdorlariga yoqmasligi tayin. Rossiya turkiylari Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarida ishtirok etishmaydi, Moskva ularni hatto madaniyat sohasidagi ko‘plab hamkorlik loyihalaridan ham uzib qo‘ygan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Turkiy davlatlar tashkiloti O‘zbekiston va qo‘shnilar muammosini echa oladimi?

Boris Yelsin keng ko‘lamli islohotlarga kirishar ekan, “Yuta olganingizcha suverenitet oling” degan mashhur gapini ilk bor aynan Tataristonda aytgan edi. Uning vorisi esa Rossiya Federatsiyasi respublikalari uchun suverenitet tushunchasini oddiy rasmiyatchilikka aylantirdi. Anqara 1990-yillar boshlaridan beri Rossiya tarkibidagi o‘n turkiy “muxtoriyat”ga ochiq qiziqish bildirib kelmoqda. Ular orasida eng yiriklari Boshqirdiston va Tataristondir. Xususan, Tataristonda qariyb 4 mln kishi yashaydi va shundan yarmidan ortig‘i turkiy xalqlar vakillari (tatarlar, boshqirdlar, chuvashlar, ozarbayjonlar, o‘zbeklar)dir.

Bundan chiqadiki, Rossiyaning o‘zi ham qisman turkiy davlat ekan. Biroq Moskva Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida hech qachon jiddiy qatnashgan emas. Panturkizm azaldan Kremlning ko‘ziga olabo‘ji ko‘ringan, SSSR parchalanganidan so‘ng bu qo‘rquv faqat kuchaydi. Rossiyaning saroy siyosatshunoslari panturkizmni hatto fashizmga tenglashtira boshlashdi. Turkiy bo‘lgalarning Turkiya bilan har qanday yaqinlashuvi Rossiyaning hududiy yaxlitligiga tajovuz deb ko‘riladi. 1990-yillar miyonalarida Chechenistonda qirg‘inbarot urush boshlanishining ko‘pdan-ko‘p sabablaridan biri Moskvaning “boshqa ayirmachilar” ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish, ularning suverenitetga va turkiy dunyo (shuningdek, islom dunyosi) bilan yaqinlashishga intilishini so‘ndirish istagi edi.

Bu, jumladan, Tataristonga ham mujda edi. Qozondagi siyosatchilarga tan berish kerak – ular SSSR tarqaganidan so‘ng juda ratsional yo‘ldan borib, Kremldan ko‘p narsa undira olishgandi. 1994-yil fevralda boshlangan Checheniston urushiga qadar Tatariston vakolatlarni ajratish bo‘yicha Moskva bilan muddatsiz shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur hujjat tufayli Tatariston haqiqiy federalizm ta’midan Rossiyaning boshqa hududlaridan ortiqroq bahramand bo‘ldi. Respublika tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullandi, boshqa davlatlar bilan gumanitar aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Natijada Tataristonda turmush darajasi yuqorilay boshladi. Biroq bu Putin iqtidorga kelgunicha davom etdi. Yelsinning vorisi davrida Moskva “hokimiyat vertikali”ni yaratdi – Kreml hududiy rahbarlarni o‘zi, o‘z manfaatlaridan kelib chiqib tayinlaydigan bo‘ldi, huquqni muhofaza qilish va soliq tizimlari mahalliy hokimiyatlar nazoratidan chiqarildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Samarqand sammiti: Mirziyoev turkiy davlatlar liderlarini kutib olmoqda

Xo‘sh, bunaqa “islohot”dan so‘ng Rossiya hududlari yaxshiroq yashayaptimi? Neftga boy Tatariston, javohirlar koni bo‘lmish Yoqutiston, tog‘dagi oromgohlari bilan mashhur Qabardin-Bolqoriya biron tabiiy boyliklarsiz Moskva bilan Peterburgning turmush darajasi bo‘yicha Rossiyada yetakchilik qilayotganini hayrat bilan kuzatmoqda. Darvoqe, markaziy hukumat federalizmni mahv etishi sabablaridan biri ham shu – barcha daromadlarga endilikda Moskva egalik qilmoqda, hududlarga esa qanchalik sodiqligiga qarab ulush ajratiladi. Chunonchi, Yoqutistonda jahon olmos zaxirasining chorak qismi qazib olinadi va bu boyliklarni “Alrosa” federal shirkati tasarruf etmoqda. Shirkat aksiyalarining atigi 25 foizi Yoqutistonga tegishli bo‘lib, respublika faqat dividend to‘lovlaridan umid qilishi mumkin, xolos. Rossiyaning turkiy bo‘lgalari potensial badavlat bo‘la turib, o‘z mablag‘idan bir qismini Moskvadan tilab olishga majbur.

Moskva milliy respublikalarni unitarizm jilovida mahkam tutish uchun nafaqat siyosiy, balki moliyaviy choralarni ham ishga soladi. Kremlparast mafkurachilar OAVda “slavyanlar va turkiylarning ma’naviy birligi”dan bahs urisharkan, Rossiya davlatchiligi ildizlaridan biri turkiylarga borib taqaladi, deb hisoblagan Lev Gumilyov va Konstantin Leontyevlardan iqtibos keltiradilar. Biroq zamonaviy voqelik jarangdor nazariyalarni chil-parchin qilmoqda. Zero, “turkiy-slavyan birligi” tiqishtirilayotgan xalqlar slavyan davlatlari o‘rtasidagi adovatni ko‘rib hushyor tortmasligi mumkin emas. “Slavyanlarning o‘zaro bahsi” Rossiyaning Ukrainaga qarshi qonli tajovuziga aylanib ketdi; ulardan oldinroq esa serblar qardosh xorvat va bosniyaliklar bilan qir-pichoq bo‘lishgan edi. Harqalay, turkiy xalqlar bir-biri bilan bunaqa qonli “bahs” qilishmagan; masalan, Erdo‘g‘on Turkmaniston, Ozarbayjon yoki Qozog‘istonning bir bo‘lagini anneksiya qilishni xayoliga ham keltirmaydi.

Slavyanlar bilan turkiy dunyo orasidagi eng katta tafovut ham mana shu. Turkiy mamlakatlar qo‘shma iqtisodiy loyihalar bilan, tijorat bilan shug‘ullanishadi – kim “katta og‘alik”ka haqliroqligini aniqlash bilan emas. Turkiy davlatlar tashkilotining yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan forumida ularning rahbarlari o‘z mamlakatlari orqali Osiyodan Yevropaga eltuvchi transport yo‘laklarini, 500 million dollarlik investitsiya fondini ta’sis etishni, barcha mamlakatlar uchun foydali loyihalarni muhokama qilishdi. Turkiylar barcha davrlarda murakkab muammolarga nozik yondashuvi bilan ajralib turganlar. Rossiya milliy bo‘lgalarini Moskvadan “tortib olish”ning ularga keragi yo‘q, ularning muddaosi – hamkorlik, xolos. Rossiyada normal federalizm bo‘lganida Kreml, ehtimol, bu hamkorlikka yo‘l bergan bo‘lur edi.

Unitarizmdan chekinish va Federativ shartnoma 90-yillar boshida Rossiya davlatini halokatdan saqlab qolgan edi. 2022-yil 24-fevralda Rossiya o‘zini 1990-yillardagidan og‘irroq baloga duchor qildi. Holdan toydiruvchi urush, frontdagi mag‘lubiyatlar, ustma-ust sanksiyalar mamlakatni jarga tortmoqda. Biroq Kreml qatag‘onlarga zo‘r berib, muxoliflarini – qamoqqa, oddiy rossiyaliklarni, jumladan, milliy bo‘lgalar aholisini esa urush otashiga otayotir. Bu mamlakatdagi umumiy inqirozni faqat chuqurlashtiryapti. Rossiya turkiylarini – turkiy dunyo, buryat va qalmiqlarni – Mo‘g‘uliston, karellarni – Finlyandiya, Shimoliy Kavkaz xalqlarini esa Turkiya bu otashda kul bo‘lishdan qutqarib qolishga urinadi.

Moskvaning esa yordam so‘raydigan hech kimi yo‘q – ittifoqchi va do‘stlar boy berilgan, hatto Minsk ham o‘zini chetga olmoqda. Turkiylar hamjamiyati, aftidan, barini yaxshi tushunib turibdi, shu bois ham Rossiyadagi birodarlarining taqdiriga taalluqli voqealarni jadallashtirmayapti. Qardosh xalqlarning normal tinch hamkorligi yo‘lidagi barcha g‘ovlar ertami yo kech muqarrar qulayajak.

Oleg Borskiy – moskvalik jurnalist va bloger

Blog muallifining nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi.