Joriyning yanvar-aprel oylarida mehnat qonunchiligi eng ko‘p xalq ta’limi sohasida buzilgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik qaydicha, o‘tgan to‘rt oy ichida mehnat qonunchiligining buzilishi eng ko‘p xalq ta’limi muassasalari (5 612 ta holat) kuzatilgan. Bu yo‘nalishda maktabgacha ta’lim muassasalari (2 173 ta holat) ikkinchi, sog‘liqni saqlash tizimi esa (1 215 ta holat) uchinchi o‘rinda.
Bandlik vazirligi mehnat qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq holatlar qishloq xo‘jaligi (452 ta holat) va qurilish tashkilotlarida (266 ta holat) ham qayd etilganiga e’tibor qaratgan. Biroq so‘nggi ikki sohadagi qonunbuzarliklarni ta’lim tizimidagi qonun buzilishlari bilan qiyoslab ham bo‘lmaydi.
Vazirlik keltirgan raqamlardan kelib chiqilsa, yil boshidan buyon mamlakatda mehnat qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq 10 mingtaga yaqin holat qayd etilgan.