Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:41

“Barkamol avlod yili” yosh avlodga nima berdi?


"Barkamol avlod yili"da qator islohotlar, xususan yoshlar uchun ish joylari yaratilgani aytilayotganiga qaramasdan, millionlab o‘zbek yoshlari o‘zga yurtlarda mardikorlik qilmoqda.
"Barkamol avlod yili"da qator islohotlar, xususan yoshlar uchun ish joylari yaratilgani aytilayotganiga qaramasdan, millionlab o‘zbek yoshlari o‘zga yurtlarda mardikorlik qilmoqda.
O‘zbekiston hukumatining “hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham” mazmunidagi g‘oya va shiorlariga yo‘g‘rilgan “Barkamol avlod yili" ham nihoyasiga yetib qoldi. Yil sarhisobini qilib, g‘alvirni suvdan ko‘taradigan bir paytda tugab borayotgan yil manzarasiga bir nazar tashlasak.

O‘zbek rasmiylari “Barkamol avlod yilida” millat yoshlarini XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan har tomonlama rivojlangan shaxslar bo‘lib yetishishi yo‘lida qilingan ishlar maqtovga sazovorligini ta‘kidlashmoqda.

Bunga O‘zA saytidagi o‘nlab maqolalarni misol qilish mumkin. “Prezidentimiz Islom Karimovning rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlodni jismonan barkamol, ma‘naviy jihatdan yetuk etib tarbiyalashga alohida e‘tibor qaratilib, davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir”, deb yozadi O‘zA “Barkamol avlod yiliga” bag‘ishlangan maqolalardan birida.

Toshkentdagi “Vyeritas” yoshlar tashkiloti faoli Sanjar Saidov “Barkamol avlod yilida” yoshlarni ish bilan ta‘minlashga qaratilgan e‘tiborni olqishlashini aytadi.

- Barkamol avlod yili dasturi asosida qabul qilingan bir-ikkita qonun hujjatlari ko‘proq yoshlarning bandligini ta‘minlashga, umuman yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar deb aytishimiz mumkin. Prezidentning yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish yo‘lida qabul qilingan farmoni va 2010 yilga mo‘ljallangan aholini ish bilan ta‘minlash to‘g‘risida parlamentning maxsus dasturiga binoan respublika bo‘yicha bir yil davomida 950 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kerak edi. Bu yerda 300 mingdan ortiq mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan yoshlarni 2010 yilda ish bilan ta‘minlash masalasi qo‘yilgan. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kungacha bo‘lgan davrda ayni rejaning 80 foizga bajarildi degan rasmiy ma‘lumotlarni ko‘rishimiz mumkin, deydi Sanjar Saidov.

Joriy yilning 28 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti kollejlar, akademik litseylar va oliy o‘quv ta‘lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirilishiga yangi imkoniyatlar beruvchi “Ta‘lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risidagi” farmonini imzoladi. Ayni farmon ham “barkamol avlod” yilida mamlakat yoshlariga qilinayotgan g‘amxo‘rlik o‘laroq baholandi.

Surxondaryoning Denov tumanida yashovchi 20 yoshli Abdulla Azimov imzolangan farmonlaru, yoshlar uchun yaratilgan ish o‘rinlari faqat qog‘ozda bo‘lib, ularning yoshlarga bir tiynlik foydasi bo‘lmadi degan fikrda.

- Yangi ish o‘rinlari yaratildi, faqat qog‘ozda. Lekin ishlayotgan yoshlarni ko‘rmaysiz. Hammasi bekorchi. Hozir maktab va kollej o‘quvchilarida tezroq bitirib Rossiyaga ketaylik degan maqsad bor xolos. Hammani pul qiziqtiradi. O‘qiyman degan bolaning o‘zi yo‘q. O‘zi umuman deyarli qolmagan. Sababi jamiyatda bo‘layotgan ishlarni ko‘rgan bolaning hayotdan ko‘ngli sovib ketganda. Ishonmaydida. Biror katta maqsadni oldiga umuman qo‘ymagan. Faqat chetga borib ishlab kelish niyati bor, deydi Abdulla Azimov.

Joriy yilning 18 mayidan O‘zbekistonda ko‘ngilochar joylarga voyaga yetmaganlarning tunda kirishi taqiqlandi va bu boradagi qonun “Barkamol avlod yili”da voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikni kamaytirish maqsadida qabul qilingani aytildi.

- yoshlarning bugungi kundagi globallashuv jarayonlaridagi har xil “yot g‘oyalar” yoki bo‘lmasa “ommaviy madaniyat” deb nomlanuvchi ta‘sirlardan asrash va qandaydir milliy madaniyat yoki bo‘lmasa milliy nimalarni shakllantirish bo‘yicha ham ko‘pgina amaliy ishlar, huquqiy normalar ham shunga ko‘proq yo‘naltirildi. Ya‘ni bunga aytib o‘tishimiz mumkin bu yo‘lda qabul qilingan yoshlar nazoratsizligi profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunni ko‘rsatishimiz mumkin. Voyaga yetmaganlarni, 18 yoshga to‘lmaganlarni kechki vaqtda tungi klublarda, har xil ko‘ngilochar joylarda ota-onasiz yoki bo‘lmasa yolg‘iz yurishining taqiqlanishi degan normada o‘z askini topgan. Shu jihatlarni e‘tirof etish mumkin aynan yoshlarni qaysidir ma‘noda har xil yomon yo‘llarga yoki bo‘lmasa har xil boshqacha g‘oyalarga, zararli g‘oyalarga tushib qolmasligi uchun bunaqa huquqiy normalarni qo‘llab-quvvatlash kerak deb o‘ylayman, deydi Sanjar Saidov.

Joriy yilda “Barkamol avlod” uchun ko‘plab yangi ta‘lim maskanlari bunyod etildi. Birgina Denov tumanida ikkita kollej foydalanishga topshirildi. Biroq Abdulla Azimov bu kollejlarning qurilishi yoshlar bilim-saviyasiga ijobiy ta‘sir qilgani kuzatilmadi deydi.

- “Barkamol avlod yili”, deb mana kollejlar qurildi. Denovning o‘zida ham sport va konchilik kolleji qurildi. Lekin umuman o‘qiydigan bolaning o‘zi yo‘q. Domlalar faqat o‘z-o‘zalriga dars beradi. Bekordan bekorga davlatning puli havoga sovirishayapti. Boshqa kollejlarda ham shunday. Bitta kollejda 1000ta o‘quvchi o‘qiydigan bo‘lsa, 500tasi darsga kelmaydida. Umuman darslar o‘tilmaydi. Yoshlarning bilim savsiyasi pasayib ketgan, savodsizlanib borayapti kundan kunga. Hozirgi yoshlarni barkamol deb aytish menimcha noto‘g‘ri. Sababi hozirgi yoshlarning birortasi o‘zining mustaqil fikriga ega emas. O‘zining huquqini bilmaydi. Haqini talab qilolmaydida. Ularni barkamol avlod deb atash to‘g‘ri emas, deydi Abdulla Azimov.

Sanjar Azimov “Barkamol avlod yilida” yoshlarni eng ko‘p qiynagan muammolardan ayrimlarini tilga oladi.

- Mana shu yilda eng og‘riqli masala, bu aynan talabalar orasida ko‘proq uchradi, stipendiyalarni bu yildan boshlab ko‘pchilik joylarda 50 foiz, ko‘pchilik joylarda undan ham ortig‘ini plastik kartochkaga o‘tkazish holati bo‘lgan. Shu asosda aynan viloyatdagi o‘quv yurtda o‘qiyotgan talabalarda bu katta norozilikka sabab bo‘lgan holat deb aytish mumkin. Keyin yana bir muammo. Hozir tendensiya ketayapti. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy gumanitar sohalarda ilmiy ish qilish juda qiyinlashib bormoqda. Aynan siyosiy gumanitar fanlarda qaysidir shaxs yoqlayotgan bo‘lsa, uning ilmiy ishi ko‘plab chig‘iriqlardan o‘tkaziladi. Ya‘ni aynan yozayotgan ilmiy ishingiz eng avvalo amaldagi hukumatning ideologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan va shundan chiqmaydigan yo‘nalishda bo‘lishi kerak. Agarda qandaydir alternativ fikr bildirish yoki bo‘lmasa qandaydir bir o‘zgacharoq, mustaqilroq ilmiy ish qilinadigan bo‘lsa, uni yoqlashning umuman iloji yo‘q. Bu ham ilmiy ish qilayotgan yoshlar orasdida katta muammoligicha qolmoqda, deydi “Vyeritas” yoshlar tashkiloti faoli Sanjar Saidov.

“Barkamol avlod yili” Davlat dasturida belgilanganidek, joriy yilda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni diniy va ekstremistik ta‘sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirilgani qayd qilindi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, ayni tadbirlar natiajsida o‘nlab yoshlar diniy motivlar bilan uzoq muddatlarga qamaldi. Birgina Jizzax viloyatda 25 nafar yosh yigit islomiy jihod guruhi tuzganlikda ayblanib, ikki yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.

“Barkamol avlod yilida” yaratilgan yuzlab yangi ish o‘rinlariga qaramay mardikorlikka ketayotgan yoshlar oqimi bu yilda ham kamaygani kuzatilmadi.

Shuningdek, joriy yilda o‘quvchi va talabalar o‘qish o‘rniga odatdagiday paxta dalalariga haydaldi. Ayrim viloyatlarda, masalan, Surxondaryoning Angor tumanida hatto o‘n yashar bolalar ham paxta terimida eksplutatsiya qilingani ma‘lum.

“Barkamol avlod” yilida kuzatilgan holatlardan yana biri- ayollarning sterilizatsiya qilinishi bo‘ldi. Tug‘ilishlar soni kamaytirish maqsadidagi ayni holat “Barkamol avlod” yilida “Sog‘lom ona-sog‘lom bola” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgani ta‘kidlandi.
XS
SM
MD
LG