Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:29

Gulnora Karimova: MTS va Behzod Ahmedov meni shantaj qildi


Behzod Ahmedov interpol qidiruvida
Behzod Ahmedov interpol qidiruvida
Gulnora Karimova Shveytsariyaning Bilan jurnaliga bergan intervyusining to‘liq variantini e‘lon qilib, o‘zi va Behzod Ahmedov o‘rtasidagi munosabatlarga oydinlik kiritishga harakat qildi. Gulnora Karimovaning iddao qilishicha, “O‘zdunrobita” shirkatining hozirda qidiruvda bo‘lgan sobiq bosh direktori nomi kelitirilmagan davlatdan siyosiy boshpana so‘ragan. Bundan tashqari, intervyuning to‘liq varianti, deb taqdim etilgan matnda Behzod Ahmedov va uning ortida turgan odamlar Gulnora Karimovani bir necha oy davomida shantaj qilgani iddao qilinadi.

Gulnora Karimova Bilan jurnaliga bergan intervyusining to‘liq varianti, deb taqdim qilayotgan materialda qariyb 10 oydan beri qayerdaligi noma‘lum bo‘lib kelayotgan Behzod Ahmedov shu yilning 9 yanvar kuni “ko‘p sonli oilasi bilan siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgani” iddao qilinadi. Lekin na Gulnora Karimova, na Bilan jurnalining muxbiri Ahmedovning qaysi mamlakatdan boshpana so‘ragani aniqlashtiriladi.

Ozodlik manbalari yil boshida Behzod Ahmedovning haqiqatan Yevropa davlatlarining biridan siyosiy boshpana olishga harakat qilayotgani haqida xabar qilishdi, lekin bu xabarni mustaqil boshqa mustaqil manbalardan tasdiqlashning iloji bo‘lgani yo‘q.

Karimova xonimning ta‘kidlashicha, o‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekistonni tark etganidan beri MTS himoyasi ostida bo‘lgan Behzod Ahmedov va uning ortida turgan guruhlar, bu yerda O‘zbekistonda biznesi tortib olingan Rossiyaning MTS shirkati nazarda tutilmoqda, unga, ya‘ni Gulnora Karimovaga bir necha oy davomida kompramat e‘lon qilish bilan tahdid qilib kelgan. Xususan, Financial Times gazetasida yaqinda e‘lon qilingan “O‘zbekiston: Yakkayu yagona rahnamo xonim” nomli maqola ham, Karimova xonim iddaosicha, Behzod Ahmedov bir yil davomida o‘ylab topgan uydirmalardan iborat.

Financial Times gazetasining ayni maqola chop etilishiga bevosita aloqador muharrirlaridan biri, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bu iddaolarni asossiz, deb atadi. Suhbatdoshimizning aytishicha, jurnalistik surishtiruvga asoslangan maqola mutlaq Financial Times muxbirlarining tashabbusi bo‘lgan va bunga haqiqatan O‘zbekistonda MTS shirkati biznesining tortib olingani, Shvetsiyada TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda pora berganlikda ayblanayotgani, Shveytsariyada pul yuvishga oid jinoyat ishi hamda bu janjallarning hammasi Gulnora Karimova shaxsi bilan bog‘lanayotgani turtki bo‘lgan.

Karimova shaxsan yaqin tanishini yashirmagan Behzod Ahmedov Shvetsiya va Shveytsariyada poraxo‘rlik va pul yuvish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlarining asosiy figurantlaridan biri ekanini eslatish joiz.

O‘zbekiston prezidentining qizi MTS va Behzod Ahmedov nima sababdan uni shantaj qilishganlariga oid taxminlarni keltirmagani ham qiziq.

Bundan tashqari, intervyuning Bilan jurnalida chop qilingan ko‘rinishida ham, Karimovaning blogidagi to‘liq variantida ham, Shvetsiya va Shveytsariya prokuraturalari pul yuvganlikda ayblayotgan va Gulnora Karimovaga bevosita aloqasi borligi aytiladigan Gayane Avakyan, Alisher Ergashev hamda Takilant Ltd. shirkatining nomlari tilga olinmagani ham shubhalarni uyg‘otadi, deydi bu janjallarga bog‘liq voqealar rivojini kuzatib kelayotgan shvetsiyalik jurnalist Ola Vesterberg.

- Intervьyuning yana bir jihati mening diqqatimni tortdi. Gulnoraning aytishicha, TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi kelishuvlari mamlakatning qonunchiligiga zid bo‘lgan, ya‘ni u kelishuvlar noqonuniy bo‘lganini tan olmoqda. Xo‘sh shunday ekan, TeliaSionera O‘zbekistonda faoliyatini davom ettiraveradimi, degan saovl tug‘iladi. Bundan tashqari O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham, aloqa va axborotlashtirish qo‘mitasi ham, TeliasSoneraning faoliyati mutlaqo qonun doirasida bo‘lganini aytib kelayotgan ediku. Demak, bu yerda yo Gulnora, yo O‘zbekiston rasmiylari yolg‘on gapirmoqda, deydi Ola Vesterberg.

Shved jurnalisti Gulnora Karimova intervьyusining haqiqatga mos bo‘lmagan boshqa jihatlariga ham e‘tibor qaratadi.

- U istasa tafsilotlarni nazardan qochirmaydi. Masalan, Mannheimer Swartling advokatlik firmasining hsioboti 165 sahifadan iborat ekaniga e‘tibor qaratadi-da, boshqa faktlarni buzib beradi. Go‘yoki, Mannheimer Swartling TeliaSonera Gulnora Karimova bilan aloqa o‘rnatishga uringaniga oid imeyllarni topmagan, bunday imeyllar umuman bo‘lmagan, degan iddaolar keltiriladi. Aslida esa, TeliaSonera bu imeyllarni advokatlik firmasiga taqdim qilmagan. Bu imeyllar Shvetsiya prokuraturasi tomonidan ochiqlandi. Ya‘ni bu yerda yolg‘on informatsiya berilmoqda. Undan keyin Gulnora Karimova hech qachon TeliaSonera vakillari bilan uchrashmaganini iddao qiladi. Bu ham yolg‘on, u 2008 yil yanvarida, Toshkentda shirkatning sobiq prezidenti Lars Nyuberg bilan uchrashgan, buni Nyubergning o‘zi tan olgan. Ya‘ni bu ham tasdiqlangan fakt, deydi Shvetsiyaning TT agentligi muxbiri Ola Vesterberg.

Bilan jurnaliga bergan intervьyusining to‘liq varianti deb taqdim qilinayotgan matnda Gulnora Karimova o‘z navabtida Behzod Ahmedovga qarshi kompramat o‘laroq, o‘tgan yili bir nechta vebsaytda e‘lon qilingan maqolani ham ilova qiladi. Bu maqolada Ahmedovning O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jayev bilan oldi-berdi qilgani iddao qilinadi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, prezident qizining mamlakat xavfsizlik xizmati mulozimini ochiqchasiga ayblashi uning hokimiyat uchun qattiq kurash ketayotgani belgisidir.

- Shu paytgacha Gulnora hech qachon O‘zbekiston ichkarisidagi protsesslar to‘g‘risida bu qadar ochiq gapirmagan edi. Bu birinchi marta bo‘layapti. Agar maqolaga e‘tibor bergan bo‘lsangiz, Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari Haët Sharifxo‘jayev Behzod Ahmedovning asosiy homiysi, himoyachisi ekanligi aytilgan. Bir narsa xulosa qilish mumkin. O‘zbekiston rejimi ichida bir tomondan Gulnora Karimova, ikkinchi tomondan qudratli shaxslar o‘rtasidagi urushni ochiqchasiga tan olganini anglatadi,- deydi Kamoliddin Rabbimov.
XS
SM
MD
LG