Линклар

Dushanba kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 499 kishidan iborat birinchi guruhi Haj amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga uchib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha Davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, joriy yilda ham o‘tgan yilardagi kabi O‘zbekistondan Hajga boruvchilar soni 5200 kishini tashkil qiladi.

Ziyoratchilar 15 sentabrdan 26 sentabrgacha O‘zbekiston Milliy aviashirkati tomonidan Madinaga yetkaziladi. Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoniga olib borish ishlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Andijon, Farg‘ona va Urganch aeroportlaridan amalga oshiriladi.

Hajga ketayotgan har bir ziyoratchiga Haj amallari va ibodatlarini tushuntiruvchi maxsus videomateriallar hamda broshyuralar tarqatilmoqda.

O‘zbekistonlik hojilarga Saudiya Arabistonida xizmat ko‘rsatish uchun 25 kishilik ishchi guruhi tashkil qilingan. Bundan tashqari 30 shifokor va 10 nafar milliy taomlar tayyorlovchi oshpaz ham ziyoratchilar xizmatida bo‘ladi.

“O‘zbekistonlik hojilar Madinada 3 tun va 4 kun davomida ibodatda bo‘ladilar. Ular Madinada “Julnar tayyiba” mehmonxonasiga joylashtiriladi. Mazkur mehmonxona Madinadagi ibodat joyidan 100 metr uzoqlikda joylashgan”, -deyiladi O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha Davlat qo‘mitasi tarqatgan ma‘lumotnomada.

Makkada esa o‘zbekistonlik ziyoratchilar “Abroj Muhammadiya” mehmonxonasida yashaydilar. Bu mehmonxona ibodat joyidan 4,5-5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shuningdek, mazkur hududda o‘zbekistonlik hojilar uchun 24 soat davomida xizmat ko‘rsatadigan ovqatlanish joyi ham tashkil etilgan.

O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha Davlat qo‘mitasiga ko‘ra, bu ovqatlanish joyida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga uyushtirilgan holatda uch mahal issiq ovqat beriladi. Ziyoratchilar bu yerda 24 soat davoimda issiq choy bilan ta‘minlanadi.

Xabarlarda aytilishicha, o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makka va Madinada yashaydigan mehmonxonalardagi har bir xonada televizorlar mavjud va ular orqali O‘zbekiston milliy telekanali va o‘zbek tilida ko‘rsatuvlar beruvchi boshqa telekanallarni ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonlik hojilarni ibodatlar tugaganidan so‘ng vataniga qaytarish ishlari 9 oktabrda boshlanib, 26 oktyabrda yakunlanadi.

Ayni paytda Ozodlikning O‘zbekistondagi manbalari hamda haj ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar Hajga borish uchun hukumat tomonidan bir qator to‘siqlar qo‘yilgani, buning ortidan Haj masalasiga ham korruptsiya aralashayotganidan shikoyat qiladilar.

O‘zbekistondaHaj ziyorati uchun hukumat belgilagan o‘ta cheklangan kvota bois, 2006-2008 yildan buyon Hajga borish uchun navbat poylayotgan musulmonlar bor.

Bu esa noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirmoqchi bo‘lgan tovlamachilarga qo‘l kelmoqda. Masalan, shu yilning mart oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasining rasmiy nashri bo‘lgan “Huquq” gazetasi Farg‘ona viloyatida Haj ziyoratiga ketish istagida bo‘lgan fuqarolarga ruxsatnoma olib berish uchun pora olgan soxta prokuror - Baxtiyor Axunov qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Baxtiyor Axunov o‘zini viloyat prokurori deb tanishtirib, ziyoratga ketmoqchi bo‘lgan kishilardan 1000 AQSh dollarini pora sifatida talab qilgan.

XS
SM
MD
LG