Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:14

Karimov prokuratura tizimidagi shtatlarni 20 foizga qisqartirdi


O‘zbekiston prezidenti 8 avgust kuni imzolagan farmonga muvofiq mamlakat prokuraturasi tizimidagi xodimlar soni 817 nafarga qisqarib, 4754 nafardan 3937 nafarga tushiriladigan bo‘ldi. Ayni paytda Bosh prokuratura tergovchilari soni 23 nafarga ko‘paytirilib, farmongacha bo‘lgan 199 nafardan 222 nafarga yetkaziladi.

Prezident farmoni bilan Bosh prokuraturaning; Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyuta bilan bog‘liq jinoyatlar va jinoiy faoliyat orqali orttirilgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentining hamda Harbiy prokuratura va Harbiy prokuratura apparati tashkiliy-shtat tarkibi tasdiqlandi.

Farmondan anglashilishicha, prokuratura organlari boshqaruv personalining umumiy soni (Harbiy prokuratura bundan istisno) shu paytgacha bo‘lgan 4754 birlikdan 3937 birlikkacha, shu jumladan Departamentdagi ish o‘rinlari soni hozirgi 1193 tadan 1076 tagacha tushiriladi.

Bosh prokuratura tarkibida shu paytgacha bo‘lmagan Bosh prokuror yordamchisi lavozimi joriy etildi.

Shuningdek, bir boshqarma – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish va informatsion xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi hamda Voyaga yetmaganlarga oid qonunlar ijrosini nazorat qilish bo‘limi tuziladi.

Soliqqa oid qonunlar ijrosi ustidan nazorat bo‘limi tugatildi.

Prokuratura tizimidagi bo‘ o‘zgartishlar ortida qanday sabablar bor?

Bu savolga Islom Karimov 8 avgustda imzolagan farmon matnidan aniq javob topishning imkoni yo‘q.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi farmon va qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmonida mamlakat prokuraturasiga bog‘liq o‘zgartishlar prokuratura “tashkiliy-shtat tarkibini yanada takomillashtirish maqsadida” amalga oshirilayotgani aytilgan, xolos.

Qoraqalpog‘iston respublikasi prokuraturasi mulozimi Ozodlikning savoliga javoban prezident qaroridan xabari borligini bildirish bilan;

Jizzax viloyat prokuraturasi vakili esa, Ozodlik savoliga javoban prokuratura “voyaga yetmaganlarga oid qonunlar ijrosini nazorat qilish bilan shu vaqtgacha ham shug‘ullanib kelgan”ini ta’kidlash bilan cheklandi

Bosh prokuratura rasmiy saytida masalaga oydinlik kirituvchi material topilmadi. Bosh prokuratura hay’atining 27 iyulda o‘tkazilgan so‘nggi majlisi to‘g‘risidagi xabarda ham shtat qisqarishiga oid masala ko‘rilgani aytilmagan.

10 dan ortiq boshqarma va 10 ga yaqin bo‘limi bor Bosh prokuratura matbuot xizmatida 5 xodim, 10 ga yaqin boshqarma va bo‘limlari bor Departament matbuot xizmatida 3 xodim ishlashi ko‘rsatilgan prezident farmoniga ilova qilingan shtat jadvallarida.

Bu ikkala matbuot xizmatiga va Bosh prokuraturaning Ishonch telefoniga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Toshkentlik huquqshunos Gulnora Oqilova O‘zbekiston SSR prokuraturasi tizimida 1975 yildan 1989 yilgacha ishlagan. Eslashicha, u ishlagan davrda prokuratura tizimida 2200 nafar atrofida mulozim ishlagan, xolos.

Gulnora Oqilova prokuratura tizimida amalga oshirilayotgan shtatlar qisqaruvi ortida qanday sabablar mavjudligi to‘g‘risida konkret fikr bildirishdan tiyildi va sabablardan biri sifatida prokuratura vakolatlarining qisqargani bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

- Prokuraturaning vakolatlari qisqargan. Masalan, qamoqqa olish to‘g‘risidagi sanktsiyani endilikda sud bermoqda, dedi huquqshunos.

Ozodlikning Bosh prokuraturaga yaqin manbasining aytishicha, “prezident farmoni tufayli ishsiz qoladigan 817 kishining masalasi allaqachon hal bo‘lgan – farmon chiqquncha attestatsiya o‘tkazilgan va qisqartirishga ana o‘sha imtihondan o‘tolmaganlar tushishi mumkin”.

O‘zbekiston prokuraturasi xodimlari keyingi yillarda o‘zining xizmat vazifalari bir chetda qolib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ustidan nazoratchiga aylantirilgan.

Bundan ikki yil oldin esa, hatto kollejlar o‘quvchilari davomati ham mamlakat Bosh prokurori o‘ylaydigan masala darajasiga ko‘tarilgan edi.

2015 yil aprelida Bosh prokuror Rashid Qodirov ishdan olinib, o‘rniga o‘sha paytgacha prezident devonida Davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan Ixtiër Abdullaev tayinlangan.

XS
SM
MD
LG