Yo‘lbarsbek aka tushlikdan kechga qadar kuyov va kelin uyi orasida bo‘zchining mokisidek qatnaydi. Dastlab kuyovning uyida o‘g‘illari bilan karnay, nog‘ora, doirani "sayratadi". Keyin esa kuyovni olib, kelinning uyiga otlanadi.
- Kuyov bolaning do‘stlariga qarab, qaysi musiqaga o‘ynaydigan bo‘lsa¸ shuni chalib beramiz. Masalan, Ducheva degan musiqamiz bor. Shunga yaxshi o‘ynashadi. ”Andijon polkasi” bor, uni chalib beramiz. "Dilxiroj"imiz bor, chalib beramiz. Qaysinisiga o‘ynasa, shuni chalib beravyeramiz. 20-25 yilda to‘y bir bo‘ladi. Shunga biz xursandchilikka xursandchilik qo‘shishga harakat qilamiz, deydi Yo‘lbarsbek aka.
Yo‘lbarsbek aka Sultonov asli Jalolobodning Bozorqo‘rg‘onidan¸ ammo bir necha yildan buyon Bishkekda yashaydi.
- Yoshligimizda bir ustozimiz bo‘lar edi, o‘tib ketgan rahmatli Mo‘minjon Mirzarahimov. Shu inson bizni san‘atga yetalagan. Yoshligimizda ashula darsidan kirar edi. Archa bayramlarida tayyorlanib, men qo‘shiq aytar edim. ”Doira chalsanglar, birinchi o‘rinni sinflaring bilan olasizlar” deganida, men doira o‘rganib, 4 sinfda doirani o‘rganib, archa bayramida chalib, doirachi bo‘lib ketganman. Keyin qiziqib katta bo‘lganimda karnayni o‘rgandim. Ashula aytishni o‘rgandim, katta hofizlar bilan yurib o‘rganganman. Doirachilik qilib rahmatli Oxunjon Madaliyev bilan birga yurdik.
Nog‘ora, doira chalamiz, tabla degan turk musiqiy asbobi bor, uni chalamiz. Ozarbayjon dovulimiz bor, uni chalamiz. Hamma asboblarni meni o‘zim chalib bilaman. Oilamiz bilan, do‘st og‘aynilarimiz bilan agar kattaroq to‘y bo‘lib qolsa, to‘rtta karnay, uchta karnay qilib, doirachilarni ko‘paytirib chiqamiz, deydi Yo‘lbarsbek aka.
O‘zbek to‘ylaridan tashqari Yo‘lbarsbek aka o‘z “Orzu” guruhi bilan uyg‘ur, qirg‘iz, turk, chechen to‘ylariga ham taklif olib turadi.
-O‘ynayotganimizda yoqtirib qolsa¸ o‘rislarga ham boramiz. Turklarga boramiz, hamma millatga boramiz, deya gapiradi u.
Bugun Yo‘lbarsbek akaning yonida ikki ulg‘aygan o‘g‘li karnay va doira chaladi. 7 yoshli kenjasi Ibrohimbek nog‘ora chalishni o‘rganmoqda. Yo‘lbarsbek aka o‘g‘lini Toshkentdagi musiqiy maktabda o‘qitish niyatida.
Ayni paytda Bishkekdagi to‘ylarga toshkentlik karnaychilar ham taklif etilib turiladi. Yo‘lbarsbek akaga ko‘ra¸ ularning karnay-surnay chalishi o‘zgacharoq.
- Bizga qaraganda¸ Toshkentdan kelgan karnay-surnay guruhlarining san‘ati kuchliroq, deydi havas bilan Yo‘lbarsbek aka.
Bishkekdagi o‘zbeklarning aksariyati milliy urf-odatlarni O‘zbekistondagi o‘zbeklar kabi yaxshi bilmaydi. Shu boisdan Yo‘lbars aka nafaqat oilaviy guruhi bilan to‘y ovozini yaratadi, balki kuyovlarga to‘y urf-odatini ham o‘rgatadi.
Bugungi kunda Bishkekdagi O‘zbek madaniy markazi tarkibida tuzilgan “Orzu” guruhi nafaqat poytaxt to‘ylarida, balki o‘zbeklar jips yashaydigan To‘qmoq shahridagi to‘ylarni ham obod qilib turadi.