Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:04

Blog: Gostrboyning Putinga savollari


15 dekabr kuni kamina- Gostrboy ham Rasiy bosh vaziri Putin akamizga televideniye orqali savol berishga harakat qildim.

O‘n yildan beri 800-400-20-20 raqamdan suhbatlashishni o‘ziga urf etib olgan Putinga telefon etish bepulligini eshitib, men ham bir ikki savol berish bahonasinda Janna Settel degan do‘ndiqcha jo‘rnalis qizga bir- ikki gap otish niyatida raqamni tera boshladim.

Go‘shakda bir oz jimlikdan so‘ng uzun gudoklar keta boshladi.

Garchi it topmas joyda bo‘lsamda, gudokni eshitgach, Putin savolni eshitish uchun menga qarab turganday, oyoq- qo‘lim uvishib, peshonamdan sovuq ter chiqa boshladi.

Go‘shakni ko‘targan Janna emasdi. Tovushidan katta yoshliklarga o‘xshab ketadigan ayol hol -axvol so‘rab ulgurmasimdan "Savolingizni, ismingiz va regiongizni aytavering, yozib olinmoqda " degan buyruq berdi.

Men ham bo‘sh kelmasdan, "Janna qayda, gapim bor edi " deb baqirdim.

Shunda u "savolingiz uchun rahmat" deb go‘shakni endi qo‘yaman deganida, men "Qo‘ymang savol berishni endi boshlayapman "dedim dadillik bilan.

Janna go‘shakni ko‘tarmaganligi uchun achchig‘im chiqqani ovozimda ham aks etdi.

Shunda Jannaning hamkasbi "Vaqt olmasdan savolingizni bering, million rassiyanlar savol berishga intiqlik bilan navbatda turishibdi, eshitaman marhamat" dedi.

Men darrov tefal choynakni karobkasiga yozib qo‘ygan savolarimni o‘qib bera boshladim.

Bu bir emas, beshta savol edi.

1. O‘zbekistondan kelgan mardikorlar kuniga 10, 12 soat ishlasalar ham nima uchun mehnat haqqi kam?

2. Nima uchun politsiya bizlarni tutib olganlarida kissalarimizdagi borini chiqarsak, qanoat etmasdan, "borib jo‘rangdan olib kel" deb ochko‘zlik etishadi?

3. O‘sha politsiyalar o‘zlari registratsiya taxlab berib, bir oy o‘tar o‘tmas tanimaslikga olib, "registratsiyang qalbaki, kim yasab bergan aytasan, ikkovingni ham qamayman" deb dag‘dag‘a etishib, hali chiqmagan maoshlarimizga sherik bo‘lishmoqda. Nima uchun?

4. Mana 10 yillardan beri Rasiyda ishlab yuribmiz. Shu ketish bo‘lsa nafaqaga dovur Rasiyda ishlashimizni taxmin etib turibman. Agar shundoq bo‘lsa bizlar nafaqamizni Rasiydan olamizmi yoki O‘zbekistondan?

5. Putin aka, oxirgisi savol emas iltimos. O‘zbekistonda ham bizning Islom aka xalk bilan gaplashib tursalar, telefon etib, aytib qo‘ysangiz. Bu yerlarda sizga savol berish bepul ekan, O‘zbekistonda savol -javob joriy etilsa, xalqga pullik bo‘lsa ham rozibiz. 30. 000. 000 xalq tunu- kun pullik savol beraverganidan telefondan tushgan tushum paxta daromatidan o‘tib ketishi aniq.

Endi gapimni tugatay desam telefonning narigi tomonidagi ayol "O‘zbekiston haqida nimalar deyapsiz, bizlar tushunaydigan tilda gapiring iltimos " deb talmovsirashga tushdi.

Tavba o‘rislarni oxirgi paytlarga kelib, o‘ris tiliga tushunmaydiganlari ko‘p uchramoqda.

Xullas haligi qizni (maktabda yaxshi o‘qimay, savodsiz qolganmi deyman) og‘ziga non chaynab berganday, hariflab, zo‘rg‘a savollarni bo‘g‘inlab yozdirginimcha qorinlarim ochqab ketdi.

Nixoyat savollarni yozdirib, bo‘lib, telivizorga termuldim.

Savolimni qachon Putin o‘qir ekan deb, qancha kutmayin o‘qimadi.

Putinning stoli ustida bir qancha varaqlar bor edi. Telemuloqotning oxirida o‘sha varaqlarga bir- ikki qarab quydi.

Nazarimda kabinetiga borib, savollarimga aloxida javob bersa kerak.

Manimcha Janna savollarimga Putinning javoblarini axborot ko‘rsatuvi orqali o‘qib bersa, kerak-ov.

Shu niyat bilan telivizorni o‘chirmasdan termiliiib o‘tiribman...

--------

Sotivoldi akaning jiyani Gostrboy.

Moskva, 2011 yil, dekabr.



P.S. O‘zini Sotivoldi akaning jiyani Gostrboy deb tanishtirgan muxlisimizning yozish usuli, ba‘zi so‘zlar talaffuzini o‘zgartirmasdan e‘tiboringizga havola qilyapmiz.
XS
SM
MD
LG