Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:53

Azimjon Asqarov hozircha ochlik e‘lon qilmaydi


Askarov qamoqxonada ham ijod qilmoqda.
Askarov qamoqxonada ham ijod qilmoqda.
Qirg‘izistonda umrbod qamoqqa hukm qilingan o‘zbek millatiga mansub huquq faoli Azimjon Asqarov ochlik e‘lon qilish niyatidan qaytdi.

“Meni umrbod qamoq jazosiga hukm qilish bilan Qirg‘iziston hukumati Qirg‘izistonda istiqomat qiluvchi o‘zbeklar hech qanday qadr-qimmatga ega emasligiga va o‘zbeklar baxtli yashashga haqsiz ekaniga ishora qildi”, deb yozadi Azimjon Asqarov mahalliy va xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlariga yo‘llagan murojatida.

Mahkum Azimjon Asqarov xatidan parcha.
Mahkum Azimjon Asqarov xatidan parcha.
Azimjon Asqarov murojaatida, shuningdek, 2011 yilning 20 dekabr kuni Qirg‘iziston Oliy sudi tomonidan o‘ziga umrbod qamoq jazosi hukmi o‘qilishiga norozilik sifatida shu yilning 10 yanvaridan boshlab ochlik e‘lon qilishini ham bildirgan.

Biroq 10 yanvar kuni Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun Asqarovni bu fikrdan qaytarganini ma‘lum qildi:

- Uni niyatidan qaytarish juda qiyin bo‘ldi. Negaki, u kishi “10 yanvardan boshlab ochlik e‘lon qilaman”, deb qattiq kirishgan ekan. 9 yanvar kuni menga: “Ochlik e‘lon qilaman, jasadimni yormasdan farzandlarimga beringlar”, deb xat yozibdi. Men bundan juda tashvishlandim. Qamoqxona boshlig‘iga telefon qildim. O‘z xodimimni u yerga yuborib, telefon orqali yarim soatdan ortiq gaplashgach, uni bu niyatidan qaytarishga muvaffaq bo‘ldim, - dedi Ombudsmen.

Azimjon Asqarov 2010 yil iyun voqealari paytida Bozorqo‘rg‘on tumanida tartibsizliklarni uyushtirganlikda va militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovni o‘ldirganlikda ayblanib qo‘lga olingan edi. 2010 yilda unga nisbatan Bozorqo‘rg‘on tuman sudi va keyinroq Jalolobod viloyat sudi bir umrlik qamoq jazosini belgilagan. 2011 yilning 20 dekabrida esa Qirg‘iziston Oliy sudi Azimjon Asqarov ishini ko‘rib chiqib, unga nisbatan o‘qilgan hukmni o‘zgartirishsiz qoldirgan.

Ayni paytda jabrlanuvchi taraf Oliy sud va quyi instantsiyalar hukmini adolatli bo‘lgan, deya baholamoqda:

- U, albatta, aybdor. Agar u qamoqdan chiqarilsa, qo‘zg‘olon yana boshlanadi. Uning sheriklari Mamatqodir, Qodirjon Botirov uni qo‘llab, moliyaviy ko‘mak bermoqda, - dedi 2010 yil Bozoqo‘rg‘ondagi tartibsizliklar chog‘ida o‘ldirilgan militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovning opasi Gulnura Jusupova.

Azimjon Asqarov hozirda Bishkekdagi 47-qamoqxonada saqlanmoqda. Uning yaqinlari Asqarov sog‘ligi kundan kun yomonlashayotganini aytmoqdalar.

8 yanvar kuniga qadar Asqarov bilan qamoqxonada 3 kunlik uchrashuvda bo‘lgan huquq faolining rafiqasi Xadicha Asqarova Ozodlikka erini boshqa xonaga ko‘chirishlarini so‘rab qamoqxona rahbariyatiga ariza yozganini ma‘lum qildi:

- Ahvoli yaxshimas, yuragi og‘riyapti, pochkasi og‘riyapti, oyog‘i, suyaklari og‘riyapti ekan. Qo‘limdan kelganicha massaj qildim, ko‘nglini olishga harakat qildim. Oyog‘iga men bir narsa to‘qib bergan edim, uni kiyibdi, uni ustidan sherst latta boylab olibdi. Endi kontslager bo‘libdi-da. Men iltimos qilib, ariza yozib tashlab keldim. Bizni arizani qanday qabul qilishadi - bilmayman, tepada bir xona bor ekan, devorlari g‘ishtdan, yeri pol ekan. To‘rtta temirni ichidan qochib ketmaydi, o‘sha yerga chiqarib qo‘ysa ham bo‘ladi-yu, - dedi Xadicha Asqarova.

U, shuningdek, turmush o‘rtog‘i ochlik e‘lon qilishni vaqtincha to‘xtatganini ham ma‘lum qildi:

- A‘zimjon akangiz: “Men murojaatimni berdim. Ular menga “Ish ijobiy tomonga o‘zgaradi”, deb va‘da berishdi, “Iltimos, siz bu ishni qilmang, ochlik e‘lon qilsangiz davlat uchun yana bir qora dog‘ bo‘ladi”, deyishdi”, dedi. Shuning uchun ham rozi bo‘lib, ochlikni vaqtincha to‘xtatibdi, - dedi Xadicha Asqarova.

Azimjon Asqarov 9 yanvar kuni mahalliy va xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlariga yo‘llagan maktubida o‘z yaqinlariga ham murojaat qilib, ulardan agar qamoqxonada vafot etsa, jasadini xalqaro kuzatuvchilar nazoratida va uchinchi davlatda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni iltimos qilgan.
XS
SM
MD
LG