Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:18

Blog: Mardikorlikning ilk sarguzashtlari


Hamqishloqlarimiz Rossiyada bahordan kuzgacha ishlab, kunlar sovuganda qishloqqa qaytgach, boshidan kechirgan “sarguzasht”larini og‘iz ko‘pirtirib, gapirib berishni xush ko‘rar edilar.

Biz-bolalar ularning sarguzashtlarini Mitxun Chakraborti ijrosidagi kinoni ko‘rayotganday og‘zimizni lang ochib, maroqlanib tinglardik.

Berilib ketganimizdan boqib yurgan qo‘ylarimizning qir oshib ketganini ham sezmay qolardik.

Ayniqsa, ularning rus qizlari bilan ishqiy sarguzashtlarini qayta-qayta aytishlarini so‘rardik.

Hamqishloqlar Rossiyada o‘rganib qaytgan ruscha so‘zlarni ko‘p ishlatishar, biz esa bu so‘zlarni ilib olgach, maktabda oliftagarchilik qilib ishlatishni xush ko‘rardik.

Viloyat markaziga borib kelsak, dunyoni ko‘rib kelgandek quvonib yuradigan biz yoshlar uchun u olis yurtlar ertaknamo bo‘lib ko‘rinardi.

Men ham maktabni bitirgach, nixoyat ular safiga qo‘shilishdim. Bu oson ham bo‘lmadi.

Rossiyaga ketadigan mahalladoshlarning bir sherigi kasal bo‘lib, uning o‘rniga boshqa odam izlayotganliklarini eshitib qoldim.

Yalinib yolvorganimmi yoki ikki shisha aroq bilan eritganim sabab bo‘ldimi, bir amallab meni olib ketishlariga ularni ko‘ndirdim.

Tantanali ravishda barcha qiyinchiliklarga chidashga, o‘zboshimchalik qilmay, ularning aytgan so‘zidan chiqmaslikka ichilgan qasam izidan bir piyola aroq simirib, men ham “sayyoh” maqomini oldim.

Qishloqdan Toshkentga kelib, poyezdga o‘tirdik. Poyezdda ikki kun yo‘l bosib, Qozog‘istonning Aqto‘be shahriga yetdik.

Aslida Rossiyaga yo‘l olgandik, brigadirimiz tayyor ish borligi uchun Qozog‘istonda qolishimizni aytdi.

Vokzalda kutib olgan qozoq amaki shahar chetidagi yarmi qurilgan uyga olib keldi. Shu uyni bitkazib berishimiz kerak ekan.

Brigadir aka ta‘rifini keltirgan besh yulduzli mehmonxonaning soyasini ham ko‘rmay, qurilayotgan uy yonidagi vagonchaga joylashdik.

Ertasi kun bo‘yi g‘isht, loy tashib, kechga yaqin romantik kayfiyatdan asar ham qolmay, taqdirga tan berdim.

Yomg‘irli kunlarda ham ishlab, bir oy deganda uyning tomini yopib oldik.

Keyinchalik meni oshpazlikka qo‘yishdi. Ishim qiyin emas. Ustalarga ovqat tayyorlab, ularning aytgan ishlarini bajaraman.

Atrofimizda qurilayotgan uylar ko‘p, kech kirgach qo‘shni qurilishlardagi vatandoshlarimiz oldiga mehmondorchilikka boramiz.

Ovqatdan kamchilik yo‘q, uyning egasi har ikki-uch kunda kelib turadi.

Qozoq tilini o‘n kunda o‘rganib oldim, bizning qishloqning jaydari tiliga o‘xsharkan.

Kechqurunlari tomga chiqib, qo‘shnining uzun sochli qiziga ko‘z qisib o‘tiraman. Ismini ukasidan bilib oldim. Qarlig‘ash ekan. Qaldirg‘och degani bu.

Oradan ozgina vaqt o‘tib, u ham menga o‘rganib qoldi. Sal ko‘rinmay qolsam, ko‘cha boshidagi “kolonka”dan chelaklab, suv tashiyveradi, tashiyveradi. Uyidagi suv bochkasi teshikmikin deb o‘ylab qolaman...

Faqat politsiya deganlaridan bezor bo‘ldik, haftada ikki uch marta keladi. Politsiyaning qorasi ko‘rinishi bilan hamma tum-taraqay qochadi. Kimdir qo‘shninikiga bekinadi. Kimdir tomga chiqib yashirinadi. Bel og‘rig‘idan shikoyat qilib yuradigan, yoshi oltmishga yaqinlashib qolgan Shokir akaning ikki yarim metrli devordan sakrab o‘tganini ko‘rsa Jeki Chan ham tan bervorardi.

Kamina bunday vaziyatda yarmiga suv to‘ldirilgan ulkan bochkaga kirib olaman.

Bunaqangi ekstremal vaziyatlarda sementdan bo‘shagan qoplar tagiga ham yashirinish mumkin.

Politsiyachilar izlab-izlab, topolmay qaytib ketgach, hamma bekingan joyidan chiqib keladi.

Lekin “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” degandek, kunlardan bir kuni politsiyachilar bizni ushladi.

Bu haqda keyingi maqolada hikoya qilib beraman…
XS
SM
MD
LG