Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:39

O‘zbekiston islomiy harakati yetakchisi o‘ldirildi


O‘zbekiston islomiy harakatining yangi yetakchisi Usmon Odil.
O‘zbekiston islomiy harakatining yangi yetakchisi Usmon Odil.

Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha¸ shimoliy Tahor viloyatida o‘tkazilgan qo‘shma amaliyotlar natijasida O‘IH xudkushlar markazi rahbari o‘ldirilgan.

Afg‘oniston armiyasi va xalqaro koalitsiya kuchlarining 29 yanvar kuni o‘tkazilgan qo‘shma amaliyoti natijasida o‘ldirilgan O‘zbekiston islomiy harakati yetakchisining ismi Ilhom ekani aytilmoqda.

Xalqaro kuchlar matbuot xizmatiga ko‘ra¸ o‘ldirilgan janggari O‘zbekiston islomiy harakatining terror harakatlari amalga oshirishga mas‘il xudkushlar brigadasiga boshchilik qilgan.

Mazkur guruhning 2011 yilning 25 dekabr kuni Tahor viloyati rasmiylariga qarshi uyushtirgan xudkushlik hujumi oqibatida afg‘on rasmiylaridan biri o‘ldirilgan va xudkushlar markaziga qarshi afg‘on hamda xalqaro kuchlar amaliyotining ana shu hujumga javob tariqasida amalga oshirilgani aytilmoqda.

Shuningdek¸ mazkur amaliyot oqibatida janggarilardan yana biri o‘ldirilgan¸ bittasi qo‘lga olingan.

O‘zbekiston islomiy harakatining Internetdagi sahifasidagi Ilhom ismlik janggarining o‘ldirilganiga oid hech qanday ma‘lumot yo‘q. Buning o‘rniga harakat bosh sahifasida Abdul Hamid ismlik janggarisining Urugzaydagi janglarda yaralanib¸ vafot etgani xabari qo‘yilgan.

O‘zbekiston islomiy harakati rahbari Tohir Yo‘ldosh 2009 yilning avgustida Pokistonning qabilalar nazoratidagi hududlarida o‘tkazilgan amaliyot paytida o‘ldirilgan edi.

Shundan so‘ng Tohir Yo‘ldoshning kuyovi Usmon Odil harakat rahbari etib tayinlangan¸ ammo O‘IHga yaqin manbalar Tohir Yo‘ldosh o‘limidan so‘ng harakatning parchalanib¸ kichik-kichik guruhlarga bo‘linib ketganini aytmoqdalar.

O‘zbekiston islomiy harakati asli namanganlik Tohir Yo‘ldosh va Juma Namanganiy tomonidan 1998 yil oxirida Tolibon hukmronligidagi Afg‘oniston hududida ta‘sis etilgan edi.

2001 yil Afg‘onistondagi AQSh harbiy amaliyotlari paytida harakatning harbiy qo‘mondoni Juma Namanganiy o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay¸ O‘zbekiston islomiy harakati Pokistonning Afg‘oniston sarhadlariga tutash qabilalar hududida joylashgan edi.

Ammo AQSh va Pokiston armiyasining bu hududlarni janggarilardan tozalash amaliyotlarining kuchayuvi oqibatida harakat a‘zolarining kichik-kichik guruhlarga bo‘linib¸ qayta Afg‘onistonga o‘tgani aytiladi.

O‘zini O‘zbekiston rejimiga qarshi muxolif kuch ekanini da‘vo qiladigan O‘zbekiston islomiy harakati 1999 yilda Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlariga hujum qilib¸ so‘ngra Afg‘onistonga chekingan edi.

Al-Qoida terror tarmog‘ining tarkibiy qismi sifatida ko‘riladigan O‘IH O‘zbekiston va AQSh tashabbusi bilan dunyodagi terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan.
XS
SM
MD
LG