Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:28

Mafiozmi yoki saxovatpesha?


Salim Abduvaliyev sobiq davlat maslahatchisi¸ marhum Alisher Azizxo‘jayev bilan birga.
Salim Abduvaliyev sobiq davlat maslahatchisi¸ marhum Alisher Azizxo‘jayev bilan birga.

AQSh Moliya vazirligi 23 fevral kuni xalqaro uyushgan jinoiy guruhlar yetakchilariga qarshi sanktsiyalar joriy qildi. Ular orasida bo‘lgan o‘zbekistonlik tadbirkor G‘afur Rahimov "xalqaro narkobaron" deb ataldi.

AQSh Moliya vazirligi Amerikadagi bank hisoblarini muzlatib¸ hamkorlik qilishni taqiqlagan 10 kishidan iborat "qora ro‘yxat"ga MDH hududidagi jinoiy to‘dalar yetakchisi ekani aytilayotgan 7 shaxs¸ jumladan, ikki O‘zbekiston fuqarosi - Lazar Shaybazyan hamda Osiyo Boks federatsiyasi prezidenti¸ Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, yirik tadbirkor G‘afur Rahimov ham kiritildi.

AQSh vazirligi bu ikkala o‘zbekistonlikni xalqaro jinoiy guruhlar¸ xususan dunyodagi yirik narkosindikatlardagi muhim shaxslar deb e‘lon qildi.

Ayni paytda¸ AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Purnelning WikiLeaks Internet saytida oshkor qilingan maxfiy yozishmalarida o‘zbekistonlik yaan bir yirik tadbirkor Salim Abduvaliyev "kriminal avtoritet", O‘zbekiston "mafiyasi boshlig‘i" deb ta‘riflangan.

"Hafta savoli" ruknining bu sonida respondentlarga “Salim Abduvaliyev va G‘afur Rahimov mafiozmi yoki saxovatpeshami?” degan savol bilan murojaat qildik.

Ne‘mat aka, pensioner:


- Salimboy mafiyamas, bizda o‘zi mafiya ham yo‘qku. Bizning davlatda unaqa narsa bo‘lmasa kerak. G‘afur Rahimov ham oldin mafiya deb gap-so‘z bo‘ldi. Keyin u ham biznesini qilib yurdi. Endi prezident bilan kelishmay chiqib ketgan bo‘lsa kerakda. Mafiyamas menimcha. Saxovatli odamlardanda bular.

Hayitboy Yoqubov, huquq faoli:


- O‘z nomimdan gapirishim mumkin faqat odamlardan eshitganimni. Ikki narsa bor. Birinchisi, odamlar orasida ular mafiya, ishbilarmon, rahmdil degan fikr bor. Ikkinchi tomondan, saytlarda, internetlarda ko‘rinadiki, yetim-esir bolalarga g‘amxo‘rlik qiladigan odam sifatida yozilgan yozuvlardan xabarim bor. Xalqning gapini nima qilaman, shaxsiy fikrim, mafiya so‘zining o‘zi ham ishbilarmon ma‘nosini bildirsa kerak. Men shunday o‘qigandim. Men ham xalqning gapini tasdiqlayman. Mafiya bo‘lsa kerakda. To‘g‘risini aytsam qat‘iy fikrim yo‘q. Chunki biror-bir manbaga ega emasman.

Nargiza, o‘qituvchi:


- Bilmadim, endi men o‘sha odamlarni ko‘rmagan bo‘lsam. Masalan, orasida yursangiz, aniq bilasiz kimligini. Men ko‘rmagan bo‘lsam, hech narsa deya olmayman. Ishim tushmagan bo‘lsa, tanimasam.

Ibrohim, san‘atkor:


- G‘afur Rahimov haqida ko‘p narsa eshitmaganman. Salim boyivachcha haqida ancha eshitganman. Saxovatpesha deb nima qilishadiyu, lekin uning endi qora ro‘yxatga tirkalishi haqida men o‘zimning shaxsiy taxminimni aytishim mumkin. Prezidentimiz ko‘p suhbatlarida “Bizda oligarxlar bo‘lmaydi” degan gapni aytgan. Siyosiy o‘yin bo‘lsa kerak. Shu tariqa uni sindirish, o‘chirish maqsadida uyushtirilgan o‘yin bo‘lsa kerak. Hukumatlararo til biriktirilgan holatda qilingan o‘yin bo‘lishi kerak. Lekin ularning yaxshi yoki yomon odamligi haqida bilguvchi Olloh. Agar ular narkobaron bo‘lganda shu yerning o‘zidayoq onasi Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatilgan bo‘lardi. Hukumatlararo til biriktirilgan holda uni mana shunaqa yo‘l bilan sindirish yo‘li qandaydir sabablarga ko‘ra tanlangan bo‘lishi mumkin. Vallohu alam. Har bir yomonning yaxshisi, har bir yaxshining yomoni bo‘ladi. Bu haqda aniq bir narsa deyishim qiyin.

Burhon aka, sobiq IIV xodimi:


- Salim aka ko‘p odamlarga yordam qilgan. Yaxshi inson. G‘afur endi chyorniyda u kishi, qorong‘i xuddi voyenniy taynaday. G‘afur akani kam eshitganman, lekin hurmati baland, boyvachcha, o‘ziga to‘q hurmatga sazovor inson deb eshitganman. Narkobaronligini eshitganim yo‘q men. U narkobaronlik bilan shug‘ullanmaydi. Chekmaydi ham, boshqa qilmaydi ham. Tuzuk bola, zakonniy bola u. Sportga homiylik qiladi deb eshitganman. Lekin ko‘rganim yo‘q, borganim yo‘q joylariga. Eshitganman faqat.

Toshpo‘lat Yo‘ldoshev, mustaqil sharhlovchi:


- Boshida, kapitalning birinchi millioni qandoq keldi deganda “uni so‘ramanglar”, deb hamma millioner va milliarderlar aytadi. Balki boshlanishida kriminal yo‘llar bilan pullarni yiqqan bo‘lishi mumkin ular. Ya‘ni mafiyaga qandaydir aloqasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi paytda mening bilishimcha, G‘afurjon, Salim boyvachcha – bular katta biznesmenlar. Bular o‘zining biznesini O‘zbekistonda, Rossiyada, boshqa mamlakatlarda olib borayapti. Buni isbot qila olmagandan keyin mafioz deyish, boshqa deyish noto‘g‘ri. Agar sud buni isbotlasa, bu gap boshqa. Endi bu shunchalik tuhmatga o‘xshagan narsa bo‘lib turibdida. Isbotlanmagan ayb bo‘lib turibdi. Ularga qo‘yilgan aybga isboti yo‘qligi uchun qo‘shila olmayman.

Abdulla, elektrik:


- Tadbirkor, shunaqa odamlar. Men ham ko‘p narsalarni o‘qiganman. Internetda ham turibdi. Tadbirkor ular. Boshqasini bilmadim tag‘in. Bilmadim, u to‘g‘risida bir narsa deya olmayman.

Bahodir: sobiq bojxona xodimi:


- Men bilaman, mana Muhammadqodir, (M.Abdullayev 2000 yilgi Sidney Olimpiadasida boks bo‘yicha oltin medal sohibi) va boshqalarni qo‘llab-quvvatlashda homiylik qilgan shu odam ekanini eshitganmiz. Sportni rivojlantirishga, hattoki davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan inson deb eshitganmizda G‘afur Rahimovni. Oxirgi paytlarda Muhammadqodir yutsa ham “Bu yutug‘im bilan G‘afur akamni tabriklayman” derdi, bir paytlar o‘z intervyusida. Ko‘ra olmaslik bo‘lganmi, endi bilmaymizda. Biz baho bera olmaymizda. Men u kishini “narkobaron” ekanini bilmaymanda. Men u kishidan narkotik olib iste‘mol qilgan emasman yoki ko‘chada u kishining narkotik sotganini eshitganim yo‘q. U odamni biznesmen, chet ellardan katta tovarlar olib kelib, realizatsiya qilib shundan boyigan odam deyishgan. Narkotikdan boyigan deb eshitganim yo‘q.

Muborak, uy bekasi:


- Endi bizlar ularning yaxshi tomonlarini eshitganmiz. Yomon tomonlarini eshitmaganmizku. Biz ularni tanimaymiz, orqavarotdan eshitishimiz bo‘yicha saxovatpesha, o‘zimizning O‘zbekiston uchun ko‘p mehnati singan deb gapirishadi. Bizlar endi tanimasak, boshqa qilmasak. Odamlarning gapi bo‘yicha shu gap. Yomonligi to‘g‘risida ham eshitmaganmiz unaqa. Salimboyni u paytda ham, oldindan ham kim nima iltimos bilan borsa, bekor qaytarmas ekan deb eshitganmiz. G‘afurni ham shunaqa deyishadi. yosh bo‘lsa ham respublikaga juda katta foydasi tegdi¸ deyishadi. Odilboyni ham juda maqtashardi. U ham jimjit yo‘q bo‘lib ketdi.


Muhtaram tinglovchi, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzu xususida ma‘lumot bermoqchi bo‘lsangiz "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikr-muloxazalaringizni yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG