Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:26

Asil Muxtorov: Akamni asosiz ushlab turishibdi


Jamshid Muxtorov.
Jamshid Muxtorov.

Radikal diniy guruhlarga moddiy yordam ko‘rsatishga urinishda gumonlanib, AQShda xibsda saqlanayotgan o‘zbek qochqini Jamshid Muxtorovning ukasi Asil Ozodlik muxbiri bilan suhbatda akasining asossiz qamoqda ushlab turilganini iddao qildi.

AQShning Kalarado shtatida yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlaydigan 28 yashar Asil akasi Amerikaga kelib nomoz o‘qishni boshlagani, uzun soqol qo‘yib yurganini tasdiqladi.

Lekin, uni aytishicha, bu akasi Jamshid Muxtorovning Islomiy Jihod Ittifoqiga aloqadorligini anglatmaydi.

- Hali o‘zi ham tushungani yo‘q nimaga hibsga olinganini. O‘zi ham aytadi, “nimaga qamoqda o‘tirganimni o‘zim ham tushunganim yo‘q”, deb aytadi. Bo‘yniga oladi, “ha to‘g‘ri deydi, shunaqa saytlarga kirganman, ko‘rganman shunaqa videolarni” deb o‘zi ham aytgan, lekin bu degani u radikal diniy guruhga aloqador degani emas,- deydi Asil Muxtorov.

Jamshid Muxtorov shu yilning 21 yanvar kuni Chikagoning O'Hara xalqaro aeroportida hibsga olingan edi.

AQSh Federal qidiruv byurosi Muxtorovni Islomiy Jihod Ittifoqiga "moddiy yordam ko‘rsatishga urinish"da ayblamoqda.

- Akamning zimmasida shuncha mas‘uliyat bor. O‘zbekistonda singlim qamoqda. Qozog‘istonda yana bir akam kaltaklandi. Hozir u Turkiyada u ham yordamga muxtoj. Onam O‘zbekistonda ahvoli og‘ir. Bu hammasi akamning zimmasida. Shuncha odam akamga qarab turgan ekan qanday qilib u islomiy radikal guruhni moddiy ta‘minlay oladi,- deydi Asil Muxtorov.

O‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etib kelayotgan 35 yoshli Jamshid Muxtorovning mahkama jarayoni uch oyga kechiktirilgan.

- Alohida kamerada saqlashayotgan ekan. Hozir hech kimi yo‘q, garov evaziga chiqishga puli yo‘q, maxbuslarni orasida qolganman, deydi akam. Nega Xьyuman rayts uotch, Fridom Xaus kabi tashkilotlar e‘tibor qilmayapti, deb kuyunyapti,- deydi Asil Muxtorov.

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

Asil Muxtorovning aytishicha, akasi Chikago aeroportida qo‘lga olingan mahal Turkiyaga yana bir akasiga qochqinlik olishiga yordam berish uchun ketayotgan bo‘lgan.

- Pokistonga ketayotgan bo‘lgan deb aytishyapti. O‘zi akam Turkiyaga qochqinlik izlayotgan yana bir akamga yordam berish uchun borayotgan edi. Qachon qaytishini bilmagani uchun bir tomonga bilet olgan. Bu yerdagi yuk mashina shirkati bilan ham shartnomani uzgan edi. O‘shanda akam jiyanimga ohirgi marta ko‘rishyapmiz, balki qaytmasman, nargi dunyoda ko‘risharmiz degan gaplaridan to‘g‘risi xabarim yo‘q,- deydi Asil Muxtorov.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora shaharchasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG