Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:52

Rassomlik Obid Asomovning armoni


Obid Asomov rassomlikka qaytish orzusi bilan yashaydi.
Obid Asomov rassomlikka qaytish orzusi bilan yashaydi.

Obid Asomov deganda yuzimizga tabassum yoyiladi. Ayni paytda Obid Asomov g‘amgin tabiat manzaralarini chizadigan rassom ekanini ko‘pchilik bilmaydi.

O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli qiziqchi Obid Asomov aslida oliy ma‘lumotli professional rassom.

Qiziqchining ko‘pchilik bilmaydigan bu qirrasi haqida gapirishga qaror qildik.

Obid Asomov umrining 14 yilini rassomlik san‘atini egallashga bag‘ishladi.

4 yil pionerlar saroyidagi rasm to‘garagi, to‘rt yil Toshkentdagi Benkov nomli rassomlik bilim yurti. Besh yil rassomlik institutida taniqli rassom ustozlar Obid Asomovga tasviriy san‘atdan saboq berishdi.

Rassomlik serxarajat mashg‘ulot. Bo‘yoq va mo‘yqalamlar, mato va dastgohlar har doim qimmat bo‘lgan.

Internet bo‘lmagan davrdagi rassomlar san‘at sohasida axborot olish uchun o‘sha davrda eng qimmat bo‘lgan kitoblarni sotib olishga majbur bo‘lishgan.

Rassomlikdagi kam ko‘stiga yetkazish uchun Obid Asomov to‘ylarda qiziqchilik qilib pul topdi.

To‘y kechasi topgan puliga bo‘yoq va mato sotib olib kunduzlari rasmlar chizdi.

G‘amgin va mushohadali rasmlar Obid Asomov degan shaxsiyat tarozisining bir pallasi bo‘lsa, qiziqchilik bu tarozining ikkinchi pallasi edi.

To‘qsoninchi yillar realligi ruhiyatdan ko‘ra moddiyat ustun degan shiorni o‘rtaga tashlagan edi.

Aynan o‘sha paytda Obid Asomov tasviriy san‘at bilan shug‘ullanishni to‘xtatib, qiziqchilikka butkul kirishib ketdi.

Obid Asomov yangi davr qiziqchilarining old saflaridan o‘rin oldi.

Repinning shogirdidan dars olgan Obid Asomov


Oradan 20 yil o‘tib Ozodlik muxbiri Obid Asomovga rassom ekanini eslatib qo‘ydi.

Rassomlikni amalga oshmagan orzu va ichni yemirayotgan achchiq armon deb bilgan Obid Asomov suhbatga rozi bo‘ldi.

Professional fotosuratchi Ozodlik iltimosiga ko‘ra Obid Asomovning uyiga borib, u chizgan rasmlardan reproduktsiya oladigan bo‘ldi.

Obid Asomov o‘z uyi yerto‘lasida saqlagan rasmlarini yuzaga olib chiqqanida juda kuchli hissiy zo‘riqqanini aytadi:

- Nafaqat men balki farzandlarim ham, siz shunaqa rasmlarni chizadigan rassom ekansiz deb hayron qolishdi.




Mening ismim masxaraboz


1970 yili hind kinochisi Raj Kapur suratga olgan “Mening ismim masxaraboz” (My Name is Joker) filmida qiziqchining dardli hayoti hikoya qilinadi.

Bu filmni tomosha qilgan Obid Asomov ham qiziqchilikning g‘amgin tarafini yaxshi biladi.

- Kecha Istambul aeroportidan Toshkentga uchayotsam, bir to‘da o‘zbek ayollari duv etib kelib, Obid, Obid deyishdi. "Rasmga tushaylik" deyishdi. Men "charchaganman, holim yo‘q" desam tushunishmadi. O‘shanaqa paytlarda rassom bo‘lganim yaxshi edi degan o‘ylar keladi, deydi umrining 14 yilini rasm chizishga xarj qilgan 49 yashar Obid Asomov.

Mahzun va yevropaliklar uchun tushunarli rasmlar


Obid Asomovning qiziqchi sifatidagi qiyofasi uning asarlariga baho berayotgan o‘zbek tomoshabiniga xalaqit beradi.

Shu ma‘noda uning asarlari haqida xorijlik mutaxassislardan fikr oldik.

Obid Asomovning 1980 yildan 1990 yilgacha chizgan rasmlari fotoreproduktsiyasini Germaniyadagi san‘atshunos Tomas Shtaybergga ko‘rsatib fikr so‘radik.

- O‘tgan asrdagi rus va frantsuz tasviriy san‘atining eng yaxshi an‘analarida chizilgan suratlar. Ayniqsa, natyurmortlar bir hikoyaga o‘xshaydi. Kam ifoda vositasi bilan chuqurroq gap aytishga intilish bor, deydi Obid Asomov rasmlariga baho bergan germaniyalik san‘atshunos Tomas Shtayberg.

Suhbatdoshga bu rassomning 20 yildan beri rasm chizmasdan shoumenlik qilayotganini aytdik.

- Taassuf. Albatta hech bir ijodkorda umr bo‘yi ijod qilish majburiyati yo‘q. Lekin men ekilgan urug‘ning ildiz otib daraxt bo‘lishini va meva berishini istaydigan fikrdagi odamlardanman, deydi munaqqid.

Obid Asomov chizgan rasmlarni oldindan hech bir ma‘lumot olmasdan tomosha qilgan chexiyalik sharqshunos Petr Kubalek fikri bilan qiziqdik.

- Bu rasmlar frantsuz impressionizmidan ilhomlangan rassomning men uchun o‘ta tushunarli tildagi ijodi deb bilaman.

Hozirgi Yevropa rassomlari asarlari tomoshabindan juda uzoq. Bu rasmlar oddiy va tushunarli. Ayni paytda, ifoda tili umumbashariy, deydi sharq estetikasi tahlilchisi Petr Kubalek.

Rassom Obid Asomov hikoyasi bilan tanishgan suhbatdosh san‘at tarixida uzun tanaffuslardan keyin rassomlikka yana qaytgan holati ko‘p bo‘lganini eslatdi.

Ozodlik bilan suhbatda Obid Asomov kelajakda yana rassomlikka qaytish orzusini yashirmadi.

Rasmlaringizga xaridor topilsa sotasizmi, deb so‘radik Obid Asomovdan.

- Jon deb sotaman. Men ham rassom sifatida asarimni sotdim deb maqtanib yuraman, deydi rassomlikni qiziqchilikka almashtirgan suhbatdosh.

Obid Asomov bilan suhbatni to‘liq tarzda mana bu yerda tinglay olasiz.

XS
SM
MD
LG