Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:09

Tojikistonda Karimov haqidagi kitoblar paydo bo‘ldi


Tojikistonda tarqatilayotgan kitoblarning biri "Iuda-2" deb nomalanadi.
Tojikistonda tarqatilayotgan kitoblarning biri "Iuda-2" deb nomalanadi.

Tojikistonda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va oilasi "jinoyatlarini fosh etuvchi" "Dyavol-2" (Shayton-2) va "Iuda-2" (Munofiq-2) nomli kitoblar tarqalmoqda.

Bu haqda mazkur kitoblarni o‘zi ko‘rgan Ozodlikning Dushanbedagi muxbiri Barot Yusufiy ma‘lum qildi:

- Qayerda nashr etilgani noma‘lum bo‘lgan ushbu kitoblar Tojikistonda noqonuniy tarzda odamlarga tarqatilmoqda, deydi tojikistonlik jurnalist Yusufiy.

Kitob muqovasida muallif nomi keltirilmagan. Lekin kitobdagi ma‘lumotlarning “Erk” muxolifat partiyasi, O‘zbekiston Xalq harakati va shu harakat rahbari, shoir Muhammad Solihga oid Internet sahifalaridan ko‘chirib olingani aytilgan.

Kitobning qancha tirajda chop etilgani va Tojikistonda qanchasi tarqatilgani hozircha noma‘lum.

- Har biri 100 sahifadan iborat kitobda O‘zbekiston rahbari Karimov agressor va qattol mustabid sifatida tilga olinadi. U va oilasi jinoyatlari haqida so‘z boradi. Kitobda Saddam Husayn, Qaddafiy, Chaushesku kabi diktatorlar qatorida Karimov surati ham keltirilgan. Kitobdagi ma‘lumotlar Erk partiyasi va Muhammad Solihga oid saytlardan olingani aytilgan, deydi jurnalist Barot Yusufiy.

Muhammad Solihning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda bunday kitob chop etilganidan bexabar ekanini aytdi.

- Balki bizga xayrixoh bo‘lgan odamlar tarafidan chiqarilgan bo‘lishi mumkin. Karimovga qarshi muxolif fikrda bo‘lganlar faqat biz emas va faqat O‘zbekistonda ham emas. Karimov bir diktator sifatida butun Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham sevilmagan bir shaxsga aylangan, deydi O‘zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih.

Kitobning rus tilida chop etilgani va u yerda tojik-o‘zbek munosabatlariga oid muammolarning ham tilga olinganidan nashrning tojik o‘quvchilari uchun mo‘ljallanganini taxmin qilish mumkin.

- Kitoblar to‘laligicha rus tilida. U yerda Tojikiston haqida, Rog‘un stantsiyasi atrofidagi mojarolar, chegara muammosi, Islom Karimov o‘z hatti-harakati va siyosati bilan ikki qardosh millatni ajratib qo‘ygani ta‘kidlanadi,- deydi Ozodlikning Dushanbedagi muxbiri Barot Yusufiy.

Avvalroq, Internetdagi YouTube portalida “Xalq faryodi yoki Iuda-2” (Iuda bu yerda Iso Payg‘ambarni 30 pulga sotgan Iuda Havoiyga ishora sifatida "munofiq" ma‘nosida keladi - tahr) deb nomlangan film ham paydo bo‘lgan edi. 54 daqiqalik film mualliflari O‘zbekistonning “otasi” Islom Karimov oilasi davlatdan 13 milliard AQSh dollari miqdoridagi pulni o‘margani haqida hikoya qiladi.

Muhammad Solih bu filmga ham o‘zi rahbarlik qiladigan muxolifat partiyasining aloqasi yo‘qligini aytadi.

- Bu filmni tayyorlaganlarni ham biz bilmaymiz, dedi Solih Ozodlik bilan suhbatda.

“Xalq Faryodi” nomli film muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakatining bayonotlarini ham chop qilib keladigan Turkiston TV mustaqil video portali tomonidan ham e‘lon qilingan.

Qamoqxonada o‘ldirilgan mahbusning ayoli ekani aytilgan qahramonning hikoyasiga asoslangan “Xalq faryodi” filmida prezident Karimov va uning hukumatiga qarshi bir qator jiddiy ayblovlar ilgari surilgan.
XS
SM
MD
LG