Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:55

O‘zbekistonda pivo spirtli ichimliklar ro‘yxatiga qo‘shildi


O‘zbekistonda pivo alkogolli ichimlik toifasiga kiritildi. Bundan buyon maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxslargagina pivo bilan savdo qilish izni beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 29 maydagi qaroriga binoan bundan buyon pivoni sotish faqat spirtli ichimliklar chakana savdosini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

Lekin, alkogolsiz pivo bundan mustasnodir.

O‘zbekistonda pivo shu paytgacha alkogolli miqdori past bo‘lgan chanqoqbosti ichimlik hisoblanar va uni sotishga alkogol ichimliklarning chakana savdosini tartibga soluvchi talablar taalluqli bo‘lmagan.

Endilikda pivo sotilishi ham O‘zbekistonda o‘tgan yil oktyabrida qabul qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilishini va iste‘mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun asosida muvofiqlashtiriladi.

Ushbu qonunda O‘zbekistonda tamaki va alkogol mahsulotlarni sotishi va harid qilishi mumkin bo‘lgan shaxslarning yoshi 18 dan 20 yoshgacha ko‘tarib qo‘yilgan edi.

Shuningdek, alkogolli mahsulot chakana tarzda sotilganida, statsionar nuqtada to‘lovlarni bank plastik kartalaridan amalga oshirish uchun hisob-kitob terminali bo‘lishi shart qilib belgilangan.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini savdo avtomatlari orqali sotish, donalab, qutisiz sotish taqiqlangan.

Endilikda, yangi qarorga muvofiq, pivoni ham har kim o‘zicha sota olmaydi. O‘zbekistonda pivo spirtli ichimlik sifatida rasman e‘tirof etilganiga munosabat olish uchun ayrim o‘zbekistonliklarga mikrofon tutdik.

- Juda yaxshi qaror. Ayniqsa pivo haridorlarining yoshi aniq qilib belgilangani yaxshi ish bo‘libdi,- deydi toshkentlik 23 yashar Lena.

Andijonlik 32 yashar Tohir esa, O‘zbekistonda hukumat qarorlariga to‘liq amal qilinishiga shubha bildiradi.

- Qanaqa qonun qabul qilishmasin, pivoni qanday ichishgan bo‘lsa shunday ichishadi,- deydi 32 yashar Toxir.

Mamlakatda ta‘lim muassasalari va diniy tashkilotlar o‘ngida pivoning chakana savdosi shundoq ham taqiqlangan. Shuningdek, ta‘lim muassasalari va diniy tashkilotlarga yarim chaqirim radiusda joylashgan savdo do‘konlarida pivoni donalab sotish mumkin emas.

Ushbu qarorga rioya qilmaganlar O‘zbekistonda "Iste‘molchilar haqlarini himoya qilish haqidagi" qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta‘kidlangan.

- Endi tartib bo‘ladi. Har kim ham sotavermaydi. Xalq uchun yaxshi bo‘ldi,- deydi Carlsberg pivo ishlab chiqarish korxonasida ishlaydigan Jenya.

O‘zbekiston dunayodagi pivo kam ichiladigan davlatlardan sanaladi. Pivo ichuvchilar xalqaro assotsiatsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, yiliga bu mamlakatda pivo iste‘moli miqdori jon boshiga ikki litrdan to‘g‘ri keladi.

Pivo ichish bo‘yicha Chexiya dunyoda birinchi o‘rinda. 10 million aholiga ega bu mamlakatda pivo iste‘moli jon boshiga 165 litrdan to‘g‘ri keladi.
XS
SM
MD
LG