Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

Obid qori suiqasdiga aloqadorlar sudi boshlandi


Obidxon qori Nazarov.
Obidxon qori Nazarov.

12 iyul kuni Shvetsiyaning Osturshend shahrida Obidxon qori Nazarovga qilingan suiqasdga aloqadorlikda ayblanayotgan ikki o‘zbekistonlik ustidan sud mahkamasi boshlandi. O‘zbekiston fuqarolari Bahodir Po‘latov va Nodira Aminova suiqasd ijrochisiga ko‘maklashganlikda ayblanmoqda. Ular ikki oy avval hibsga olingan, lekin Obidxon qori Nazarovni otganlikda gumon qilinayotgan shaxs hamon ochiqda qolmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari, er-xotin Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovaga nisbatan rasman ayblov o‘tgan hafta e‘lon qilingan edi.

Shvetsiya prokurori Krister Pitersen Osturshend shahar sudida 6 iyul kuni ayblovlarni e‘lon qilgach Ozodlik radiosiga bularni ma‘lum qildi.

- Bugun Shvetsiya qonunlariga ko‘ra, sud tergovi oldidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv materiallarini sudga taqdim qildim. Bu materiallar asosida ayblovlarni ham e‘lon qildim. O‘zbekiston fuqarolari Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovaga suiqasdga urinishda yordamlashganlik ayblovini qo‘ydim. Bu ish bo‘yicha sud majlisi kelasi hafta payshanba kuni (12 iyul) boshlanadi, dedi 6 iyul kuni Shvetsiya prokurori.

Sud jarayonini kuzatayotgan asli o‘zbekistonlik Tohir qori Ozodlik bilan suhbatda ayblanuvchilarning ikkalasi ham asli buxorilik ekanini ma‘lum qildi. Uning aytishicha, sudlanuvchilar advokati o‘z mijozlari ularga qo‘ylayotgan ayblarni inkor qilishini bayon qilgan.

Prokuror Petersen sud majlisida keltirgan hujjatlarda Obidxon qoriga qilingan suiqasddan keyin Nodira Aminovaning bank hisob raqamiga bir necha ming AQSh dollari miqdorida pul tushgani aytiladi.



Shvetsiya politsiyasi 30 yoshlar atrofidagi Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovani 15 may kuni Skone shaharchasida qo‘lga olgan edi.

Tohir qorining aytishicha, sud majlisining birinchi kunida suiqasdni bevosita ijro etganlikda gumon qilinayotgan shaxsning ismi va suratlari ham ijro etgan. "Prokuror bu odamni 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukuovskiy ekanini aytdi", deydi Tohir qori.

Uning aytishicha, prokuror ehtimoliy qotilning yonida yana bir pasport bo‘lgani va unda bu shaxsning 1980 yilda tug‘ilgani ko‘rsatilganini ma‘lum qilgan.

Quyida Tohir qori bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.



Prokuror Pitersen bundan avval Ozodlik bilan suhbatda, suiqasdning bevosita ijrochisi ochiqda qolayotgani va uning shaxsi aniqlanganini ma‘lum qilgan edi.

- Hozirda bir shaxs ochiqda qolmoqda, uni hibsga olish orderini berganman, lekin u hozirda Shvetsiyada emas. Bu shaxs, taxminlarimizga ko‘ra, Shvetsiyadagi imomni otgan... Bizda uning ismi, suratlari ham bor. Lekin boshqa tafsilotlarni ochiqlay olmayman. Chunki agar buni radiongiz orqali ochiqlaydigan bo‘lsak, bu shaxs tergovdan qutilish choralarini ko‘rishi mumkin. Lekin bir narsani aytishim mumkin, uning kimligi va uni qayerdan qidirish kerakligiga doir yetarli ma‘lumotlarimiz bor. Uning fuqaroligi masalasiga kelsak, biz ko‘rgan hujjatlar qanchalik qonuniy bo‘lgani aniq emas, lekin bu hujjatlarga ko‘ra, u 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosidir. Har qalay uning qo‘lida O‘zbekiston pasporti bo‘lgan, deydi yana prokuror.

Sud majlisida prokuror Obidxon qorini otgan shaxs ijaraga olgan avtotransport raqamlarini aniqlagach, uning Stokholьm va Ostershund shaharlarida turgan mehmonxonalari va yoqilg‘i quygan shoxobchalari ham topilganini qayd etdi, deydi mahkamani kuzatayotgan Tohir qori.

Sudga topshirilgan ayblov xulosalariga ko‘ra, Obidxon qoriga suiqasdda ishtirok etganlikda ayblanayotgan Bahodir Po‘latov va Nodira Aminova 2010 yilda Shvetsiyaga kelgan va qo‘lga olungunga qadar Malmo shahrida yashagan. Aminova Shvetsiya vizasini olishda Malmo shahridagi o‘quv yurtlaridan birida o‘qish maqsadini ko‘rsatgan. Nodiraning eri Po‘latov esa unga hamrohlik qilgan, lekin hech qayerda ishlamagan.

Agar ular aybdor, deb topilsa, 10 yilga qamoqqa hukm qilinishi mumkin, deydi prokuror.

- Agar imom suiqasd natijasida halok bo‘lganida, ularga beriladigan maksimum jazo umrbod qamoq bo‘lar edi. Lekin ular suiqasdga uringanlikda ayblanmoqda va bu ayblov o‘z tasdig‘ini topsa, sud¸ albatta¸ ularga yumshoqroq jazo berishi mumkin. Lekin men suddan, yo‘q deganda, 10 yillik qamoq jazosi berilishini so‘rayman, deydi Krister Pitersen.

Shvetsiya matbuoti mamlakatdagi o‘zbekistonlik muhojirlar bilan suhbatlarga tayanib, Obidxon qori Nazarovga qilingan suiqasd ortida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati turibdi, degan iddaolarni ilgari surmoqda. Shvetsiyadagi o‘zbekistonliklar Bahodir Po‘latov va Nodira Aminova ham MXX josusi bo‘lgan, deya ta‘kidlashda davom etmoqda.

Shvetsiya prokurori bu iddaolarni na tasdiqlay olishi, na inkor eta olishini aytadi.

- Bir narsani aytishim mumkin. Tushunishimcha, O‘zbekistondan chiqib ketayotgan har bir fuqaro xavfsizlik xizmati suhbatidan o‘tar ekan. Gumonlanuvchilarning O‘zbekistondagi biror tashkilotga ishlayotgani yoki biror idora josusi ekanini tasdiqlovchi dalillarim yo‘q, deydi Shvetsiya prokurori Krister Pitersen.

54 yoshli Obidxon qori Nazarov 22 fevral kuni Stromshund qishlog‘idagi uyi oldida noma‘lum shaxs tomonidan o‘qqa tutilgan va boshidan jarohatlangan edi. U hamon Shvetsiyaning Umio shahridagi klinikada koma holatida qolmoqda.

Obidxon qori Nazarov O‘zbekiston maxsus xizmatlari ta‘qibi ostida 1998 yilning bahorida o‘z uyini tark etgan.

2000 yilda qo‘shni Qozog‘istonga o‘tib, u yerda 2006 yil bahoriga qadar yashirin hayot kechirgan.

2006 yilning martida BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi tomonidan qochqin, deb tan olingan Obidxon qori Nazarov Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan.
XS
SM
MD
LG