Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:25

Karimov yana "Lazgi"ga o‘ynadi, Gulnora twit qilib turdi


31 avgust kuni Toshkentdagi Milliy bog‘da o‘tkazilgan O‘zbekiston mustaqilligining 21 yilligiga bag‘ishlangan rasmiy tantana an‘anaga ko‘ra prezident Karimov ma‘ruzasi bilan ochilib¸ uning kontsert ishtirokchilarini bag‘riga bosishi bilan tugadi.

O‘zbekiston Mustaqilligining 21 yilligi munosabati bilan tantanali marosimda prezident Islom Karimov nutq so‘zlab, o‘zbekistonliklarni qutladi.

- Men o‘zimni qanot paydo bo‘lgandek his qilyapman. Barcha-barcha sinovlarda men faqatgina xalqimizga tayanganman, sizlarni yaxshi ko‘raman, dedi gulduros olqishlar ostida Islom Karimov.

Tantanali bayram tadbirida prezidentdan tashqari hukumat rasmiylari va davlat tashkilotlarining tanlab taklif qilingan vakillari¸ xorij diplomatlari ishtirok etdi.

Tadbirni jonli tarzda yoritgan davlat televideniyesi kameralari prezident Karimov barobarida uning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova ishtirokiga ham tinimsiz e‘tibor qaratdi.




​Qo‘liga iPad ko‘tarib olgan Gulnora Karimova esa¸ mobil muxbirlik vazifasini ado etib¸ bayram tadbirini Twitterdagi sahifasida yoritib bordi.

"Prezident o‘ynayapti. yomon emas. Xorazmchaga o‘ynamaslikning iloji yo‘q" deb yozdi Gulnora Karimova otasi aka-uka Eshchonovlar ijrosidagi "Lazgi"ga raqsga tushib turgan paytda.

Kontsert tadbirini yakunlovchi qo‘shiq - "Ona tuproq" kompozitsiyasini ijro etish uchun Gulsanam Mamazoitova sahnaga chiqqanda Karimova o‘z Twitteriga "Hozir sahnaga hech kim tanimaydigan g‘alati xotin chiqdi"¸ deb yozdi.

Toshkent markazi qamalda


Toshkentdagi Navoiy nomidagi Milliy bog‘ va “Navro‘z” FHDyo o‘rtasida joylashgan asosiy kontsert maydonida qo‘yilayotgan bayram kontsertiga maktab o‘quvchilaridan tortib xoreografiya kolleji talabalariyu o‘zbek pop-yulduzlari jalb etilgan.

Oddiy toshkentliklarning Ozodlikka bildirishicha¸ rasmiy tantanalar oldidan Toshkentda nazorat yanada kuchaytirilgan. Militsiya xodimlari kontsert bo‘lib o‘tadigan Toshkent markaziy xiyoboniga eltuvchi barcha yo‘llarni to‘sib qo‘ygan.

Ayrim toshkentliklarga ko‘ra¸ militsiya nazorati kuchliligidan shaharliklar o‘zini harbiy holatda yashayotgandek his etmoqda.

- Bugun hukumatning bayrami. Uyda o‘tirib turamiz endi. Ertaga bizniki, ertaga bolalarimizni sayrga olib chiqamiz¸ deydi toshkentlik Komil aka.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan viloyatlardan Toshkent shahriga kiruvchilarni tekshirish holatlari ham kuchaytirilgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ viloyatdan keluvchi avtobuslar to‘xtatib tekshirilmoqda, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan viloyatliklar vaqtincha chiqarib yuborilgan.

- Shaharga kirish-chiqish qiyin bo‘lib qolgan. Postlarda avtomobillarni tekshirish, har bittasining bagajini ochib ko‘rish haydovchilar vaqtni olmoqda, deydi haydovchilardan biri.

Toshkentlik huquq himoyachisi Surat Ikromov xavfsizlik choralari ko‘rilishini ma‘qullaydi, ammo O‘zbekistonda bunday choralar haddan ziyod kuchaytirilishi hukumatning xalqdan qo‘rquvi ifodasi ekanligini aytadi.

- Ba‘zi hollarda xavfsizlik choralari odamlarni harakatlanish huquqlarini cheklash evaziga amalga oshirilyapti, deydi Ikromov.

Muxolifat kayfiyati bayramona emas


O‘zbekiston mustaqilligining 21 yilligi tantanalari arafasida o‘zbek muxolifati bir necha bayonot e‘lon qildi.

Xorijdagi bir necha muxolif guruhlarni birlashtirgan O‘zbekiston Xalq harakati “o‘zbek xalqi 21 yil kuzatgani kabi, bu ziyofatni bir chekkada jim kuzatajak", deya bayonot berdi.

"Mustaqillik e‘lon qilinganidan 21 yil o‘tib, yurtimiz ahvoli xuddi absurd sahna asarining eng chirkin bo‘yoq va shakllarini eslatadi: Konstitutsiyasi masxara mavzusiga aylangan, qonunsizlik hukmi o‘rnatilgan bir davlat. Poraxo‘rlikdan ilma-teshik bo‘lgan iqtisod, qashshoqlikdan qobirg‘alarini sanash mumkin bo‘lgan oddiy xalq, oilasiga bir parcha non topish ilinjida chet ellarga qullik uchun chiqib ketayotgan millionlab insonlar, aksariyati uchun haqsizlik, haqorat va xo‘rlik oddiy turmush tarziga aylangan bir jamiyat", deyiladi O‘zbekiston Xalq harakati bayonotida.

"Birdamlik" xalq harakati esa o‘zbekistonliklarni bayram kuni o‘z noroziliklarini oq libos kiyib tinch shaklda izhor etishga chaqirdi.
XS
SM
MD
LG