Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:32

Toshkentda qaymoqrang taksi ko‘payadigan bo‘ldi


Poytaxt hokimiyatining “GM-O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi bilan tuzgan shartnomasi asosida Toshkent taksoparklariga kelasi bir yil ichida 1000 dan oshiq yangi mashina qo‘shiladi.

Toshkent shahridagi yo‘lovchilarning taksiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun 9000-10000 ta yo‘nalishsiz taksi kerak. Biroq ayni paytda Toshkent shahrida 1900 ta yo‘nalishsiz taksi faoliyat yuritmoqda.

Bu raqamlar Toshkent shahar hokimiyatining barcha turdagi yo‘lovchi transporti harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari Yusufjon Orifjonovning “Pravda vostoka” gazetasiga bergan intervyusida keltirilgan.

Yusufjon Orifjonovga ko‘ra, Toshkentdagi taksi parklari Asakadagi "GM-O‘zbekiston" avtomobil zavodidan taksometrlar bilan jihozlangan turli rusumdagi mingdan ortiq mashina oladi.

Toshkent shahridagi 5-taksisaroyi direktori Ismoiljon Oripovning Ozodlikka aytishicha, ayni paytda bu shirkat taksilari taksometr bilan jihozlanmagani bois yo‘lovchilar spidometrdagi raqamlarga qarab pul to‘lamoqda:

- Biz hozircha terminal bilan taksometrga yetib borganimiz yo‘q. Hozircha shu muammo bo‘lib turibdi. Endi tsentralizovanniy tarqatilishi kerak¸ degan xabar keldi. Har bitta taksometrning narxi bir million so‘m atrofida deyishyapti. Bilmadim endi, balki kredit olarmiz. Terminallarni banklar bilan gaplashib qo‘yganmiz. U tayyor. Hozirgi tarifimiz bir kilometrga 500 so‘m, o‘tqazish uchun 500 so‘m. Kutib o‘tirishning bir soati 5 ming so‘m. Buyurtma narxi 3000 so‘m, deydi 5-taksisaroyi direktori.

Ismoiljon Oripovga ko‘ra, taksilarga taksometrlar o‘rnatilishi bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin:

- Hozir hamma taksilarning yuridik korxonalarga birlashmagani va qaymoq rangga bo‘yatmagani muammo bo‘lib turibdi. Hozir taksometr qo‘ygan taqdirimizda ham, bilasiz bu elektronniy, har daqiqaga ham soatday ishlab turadida. O‘shanda narx qimmatroq bo‘lib, ko‘p kliyentlar qochishi mumkin. Chunki neofitsialno ishlayotganlar tarifni ham buzib, kliyentni arzon narxga olib ketishi mumkin. Unda hozir topayotgan pulimizni ham topolmay qolamizmi, degan xavotir bor, deydi Ismoiljon Oripov.

Taksisaroy direktori fikricha, poytaxtdagi taksilar bir xil rangga bo‘yalib¸ xususiy taksichilar yuridik korxonalarga birlashmas ekan, taksi bozorida muvozanat o‘rnatib bo‘lmaydi.

Bosilgan yo‘lning har bir kilometriga 500 so‘mdan to‘lash bu so‘nggi narx emas. Toshkent shahar hokimiyati taksilarning qulayligi va avtomobil rusumiga qarab har bir kilometrga 500 so‘mdan 800 so‘mgacha tarif belgiladi.

Toshkent shahrida istiqomat qiladigan iqtisodchi Mirkomil Toshkandiyning aytishicha, bugungi sharoitda taksi yo‘lkirasi uchun belgilangan bu narx raqobatga bardosh bera olmaydi:

- Bizda yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha juda chiroyli qonunlar chiqqan, lekin bu qonunlarning ishlash mexanizmi yo‘q. Toshkent shahridagi taksida yurish holatini yaxshi o‘rganmasdan turib, bular 500-800 so‘mlik narxlarni qayerdan olishgan, men hayronman. Masalan¸ men Qo‘yliqda turaman. Uyimdan vokzalgacha 12 kilometr. Agar davlat taksisida borsam kamida 6000 so‘m to‘lashim kerak. Biroq men hozir 2,5-3000 so‘m bilan boryapman. Ikki baravar arzon. Bu holatda kim davlat taksisiga o‘tiradi? deydi Mirkomil Toshkandiy.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 mayda qabul qilgan "Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan taksi avtomobillari maxsus terminal yoki kassa apparati bilan ta‘minlangan bo‘lishi lozim.

Bu qarorga muvofiq Toshkent shahrida qatnovchi taksilarning rangi qaymoqrang, O‘zbekistonning viloyatlarida qatnayotgan taksilarning esa sariq rangda bo‘lishi kerak.
XS
SM
MD
LG