Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:28

Quvada hasharchilarni tashiyotgan avtobus avariyaga uchradi


Avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida og‘ir jarohatlangan uch kishi tuman kasalxonasi reanimatsiya bo‘limiga tushgan.

Farg‘ona viloyati Quva tumanida hasharchilarni paxta dalasiga tashiyotgan avtobuslardan biri 15 sentyabr kuni halokatga uchradi va natijada, 6 kishi turli darajada jarohat olib, tuman kasalxonasiga yotqizildi.

Bu haqda Ozodlikka bugun yo‘llangan xabarda aytilishicha, halokatda qurbonlar bo‘lmagan.

Ushbu xabarni tasdiqlagan tuman rasmiylaridan biri, jarohat olganlardan uch nafarining ahvoli og‘ir bo‘lgani bois avvaliga tuman shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilganini aytdi.

- Reanimatsiyada uch kishi edi, hozir ular palataga chiqishdi. Endi buni meditsinskiy deontologiya, deydida. Qo‘rqib ketgan, shokka tushgan, odamlar bir-birini ustiga tushadi, qisiladi, nerv, shok, karaxtlik, deydi,- dedi tumanning o‘zini tanishtirmagan rasmiylaridan biri.

Undan olingan ma‘lumotga ko‘ra, nisbatan yengil jarohatlangan, jumladan, qo‘li singan yoki lat yegan yana 3 kishi shifoxonadan chiqqan. Ular hozir ambulatoriya sharoitida davolanishni davom ettirmoqda.

Quva tumani Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozir bu ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Rasmiylar bergan ma‘lumotda halokatga uchragan transport vositasi "Otayo‘l" rusumidagi avtobus bo‘lgani va unda 30 ga yaqin hasharchi bo‘lgani aytildi.

Hozircha halokatning haydovchi xatosi bois sodir etilgani haqida norasmiy ma‘lumotlarga oydinlik kiritmagan tuman militsiya bo‘limi vakillari kimga nisbatan va qanday ayblov bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ham ochiqlamadilar.

Biroq Quva tumani mutasaddilari ayni halokat bu yilgi paxta mavsumida sodir bo‘lgan ilk halokat ekani hamda hasharchilarning xavfsizligiga jiddiy e‘tibor qaratilayotganini ta‘kidlamoqda.

Quva tumanidagi paxta yig‘im-terim mavsumini kuzatayotgan o‘qituvchilardan biri esa rasmiylarning bu iddaosini inkor qildi.

- Hozir "Otayo‘l"lardan unchalik foydalanilmayapti. Chunki yoqilg‘i qimmatladiku. Shuning uchun fermerlar hasharchilarni dalaga Mersedes rusumidagi marshrutkalarda tashishyapti. Bitta marshrutkaga 14ta, 16 ta yo‘lovchi ketadi o‘zi. Lekin, 20 tagacha odam olinadi. Ba‘zilar 24 taniyam oladi. Endi fermerlar ham ahmoqmasku, hadeb borib-kelavergani. Shuning uchun hohlaganicha odam olishadida. Yo‘lovchilarning xavfsizligi umuman ta‘minlanmaydi,- deydi quvalik o‘qituvchi Muyassar opa Ozodlik bilan suhbatda.

Quvalik boshqa suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, ham tumanda paxta yig‘im-terimi avjiga chiqmoqda va shu kunlarda paxtaga chiqarilmayotgan maktab bolalari o‘rnini bosish uchun o‘qituvchilar hamda boshqa byudjet tashkilotlarining xodimlari 10 kunlik muddatga yotoqda qolib, paxta terishga safarbar qilingan.

Byudjet tashkilotlari xodimlariga paxta terimiga chiqmagani holida ishdan ayrilishi mumkinligi aytilib, tahdid qilinmoqda.
XS
SM
MD
LG