Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:45

Ozariy prezidentining qizi maktab darsligiga kiritildi


Ozarbayjon prezidentining qizi Laylo Aliyeva.
Ozarbayjon prezidentining qizi Laylo Aliyeva.
Laylo Aliyevaning “Ozarbayjon” gazetasida bundan to‘rt yil ilgari chop qilingan she‘ri bobosi - sovet Ozarbayjonining ko‘p yillik rahbari va mustaqil mamlakatning uchinchi prezidenti Haydar Aliyevga bag‘ishlangan. “Elegiya” deb nomlangan bu she‘r bugunga kelib o‘rta maktablarning 5-sinf adabiyot darsligiga kiritildi.

Havaskor shoiraning ëzganlari adabiët darsligida mashhur ozariy shoiri Ja‘far Jabborlining “Ozarbayjon bayrog‘i” she‘ri bilan bir sahifada nashr qilingan:

Agar yulduzlar aylanib zinaga
Va oy yo‘llarimni yoritsa ravon,
Men chiqib borardim nurli samoga
Seni qaytarardim ortga, bobojon...


Prezident qizi she‘rining maktab darsligiga kiritilishi va nufuzli ozar shoiri she‘ri bilan bir sahifaga qo‘yilishi, ozar jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Ozarbayjon Xalq ta‘limi vazirligining Maktab darsliklari bo‘yicha departamenti direktori Faiq Shahbozli fikricha, bu she‘rning darslikka kiritilishi normal hol:

- Bu asosiy darslikka kiritilmagan, bu qo‘shimcha adabiyot. Laylo poeziyasi juda go‘zal. Bu bizga adabiy namuna bo‘lmog‘i kerak. Laylo nafaqat prezident qizi¸ balki bizga bir vatandoshdir, deydi Faiq Shahbozli.

Taniqli ozar yozuvchisi Akram Aylisli, bu she‘r Laylo yaxshi shoira emas, balki prezidentning qizi bo‘lgani uchun maktab darsligiga kiritilganiga ishonadi:

- Mumkin bu qizning (Laylo Aliyeva) bundan xabari ham yo‘qdir. Laganbardorlik bu mamlakatda shunchalik rivojlanganki, kimdir bu she‘rni shunday olib darslikka kiritib qo‘ygan. Maktab darsliklari bizda hech qachon hozirgiday xarob holga tushmagan, deydi yozuvchi Akram Aylisli.

Ozarbayjon muxolifati faoli Zaur Qurbonli xalqni bunday qarorga qarshi norozilik bildirishga da‘vat etadi:

“Bu diktator Ilhom Aliyev qizining poeziyasi. Qaranglar, biz qayoqqa qarab ketayapmiz. Bu bizning bolalarimizni zaharlash usuli. Biz imkoni boricha bunga norozilik bildirishimiz kerak”, deb yozdi Zaur Qurbonli o‘z blogida.

Biroq muxolifatchi norozilik aktsiyasida ishtirok qilishga muvaffaq bo‘lmadi. U 29 sentyabr kuni o‘z idorasida narkotik moddalarning noqonuniy savdosida gumonlanib hibsga olindi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning to‘ng‘ich qizi 27 yashar Laylo Aliyeva yaltiroq "Boku" jurnali bosh muharriri va "Haydar Aliyev fondi"ning Rossiya bo‘limi raisidir.
XS
SM
MD
LG